«Temu» yoki shu kabi «bozor»lar o‘z faoliyatini O‘zbekistonda qonuniylashtirishi kerak bo‘ladi

2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar kuchga kiradi. Bunda asosiy talab — xorijiy marketpleyslar respublikada o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, ya’ni rezident yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
«Spot» nashrining Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyevdan iqtibos keltirishicha, bu kabi «bozor»lar joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistondagi faoliyatini qonuniylashtirishi lozim.
K.Muhammadiyev, shuningdek, «Temu» xorijiy platformasi haqida to‘xtalib, u o‘zining tajovuzkor marketing strategiyasi bilan mashhurligini, 2024-yilda kompaniya reklamaga 4 mlrd dollar sarflagan bo‘lsa, 2025-yilda bu miqdor 10 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini aytib o‘tgan.
«Tasavvur qiling-a, nima sababdan «Temu» reklamasi ilovaning har bir sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘layotganini. Ular butun dunyo bo‘ylab yangi bozorlarga kirib borish uchun tajovuzkor usullardan foydalanmoqda», – deya ta’kidladi u.
Uning bildirishicha, platformadagi past narxlar soliq majburiyatlarini bajaradigan va qonun talablariga rioya qiladigan mahalliy tadbirkorlarga jiddiy raqobat yaratmoqda.
Mutaxassis, shuningdek, foydalanuvchilar har chorakda 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni chet eldan bojsiz buyurtma qilish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tdi.
«Bu har bir fuqaromizning huquqi. Biz uni cheklay olmaymiz va cheklamaymiz», – deydi Muhammadiyev.
Shunday qilib, joriy yil 1-iyuldan boshlab «Temu» va boshqa xorijiy onlayn savdo platformalari yangi qoidalarga moslashishga majbur bo‘ladi.
Platformalar yangi talablarga moslashmaganda, nazorat organlari va boshqa davlat idoralari tomonidan choralar qo‘llanilishi mumkin.
«ILMA xizmatlarni o‘z-o‘zidan to‘sib qo‘ymaydi. Biroq, kompaniyalar belgilangan muddatlar o‘tganidan keyin ham mahalliy qonunchilikni butunlay e’tiborsiz qoldirsalar, albatta choralar ko‘riladi. Bu ularning faoliyatini cheklashdan tortib xizmatlarni to‘sib qo‘yishgacha bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ammo bunday harakatlarni tegishli davlat tuzilmalari amalga oshiradi», – deb tushuntirdi Kamronbek Muhammadiyev.
Uning aytishicha, bloklashdan avval nazorat organi tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladigan xabarnoma yuboradi. Faqat barcha holatlar sinchiklab o‘rganilgandan so‘nggina bloklash haqida qaror qabul qilinishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter