Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TIKA O‘zbekiston «Tez yordam» xizmati uchun 6 mln dollar grant ajratadi

TIKA O‘zbekiston «Tez yordam» xizmati uchun 6 mln dollar grant ajratadi

Turkiyaning TIKA tashkiloti rahbariyati bilan tashkil etilgan uchrashuvda ushbu agentlik tomonidan yurtimiz tez tibbiy yordam xizmati uchun 100 dona zamonaviy avtomashinalarni xarid qilish bo‘yicha 6 mln AQSh dollari miqdorida grant ajratish rejalashtirildi.

Bu haqda Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Tashpulatov  boshchiligidagi delegatsiyaning yetakchi turk kompaniya va tashkilot rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Turkiyaning «Ronesans International» kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tgan uchrashuvda Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida  ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish loyihasining bugungi holati, erishilgan natijalar va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Turkiyaning «Ronesans International» va «Sojitz» kompaniyalari hamkorligida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari farmatsevtika mahsulotlarini saqlash, ularning ulgurji hamda chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi «Sancak Ecza Deposu» korxonasining Anqara shahridagi filiali faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

«Oncosem Onkolojik Sistemler Sanayi ve Ticaret» kompaniyasi bilan esa Samarqand va Buxoro viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida onkologik va gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish, davolash-sog‘lomlashtirish markazlari uchun namuna bo‘ladigan tibbiyot markazini tashkil etish bo‘yicha qiymati 30 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan muhim kelishuv imzolandi.

Yana bir muhim kelishuv «Tek Grup» kompaniyasi bilan imzolandi. Tashkilot vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda dastlab 5 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali O‘zbekistonda dori vositalarini mahalliy zavodlarda In Bulk asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring