Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zoir Mirzayev xonadonlarga O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatishda rahbarlar namuna bo‘lishi kerakligini aytmoqda

Zoir Mirzayev xonadonlarga O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatishda rahbarlar namuna bo‘lishi kerakligini aytmoqda

23-dekabr kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi «Astrum IT» akademiyasida Zoir Mirzayev va sektor rahbarlari viloyatdagi mavjud shahar va tumanda istiqomat qiluvchi yoshlar yetakchilari hamda faol yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda viloyat hokimi O‘zbekiston bayrog‘ini xonadonlarga o‘rnatish haqida gapirib, davlat tashkilotida ishlovchi, siyosiy faol rahbarlar bunda namuna ko‘rsatishi kerakligini aytgan.

«Xabaringiz bor, O‘zbekistonda shu paytgacha davlat bayrog‘ini davlat muassasasi tomidan boshqa joyga osish mumkin emasdi. To‘g‘rimi, xonadonlarga osishga ruxsat berildimi? Qaysi yetakchining tomida davlat bayrog‘i osilgan turibdi? Qaysi mahalla raisining yoki qaysi viloyat tashkiloti rahbari uyining tomida davlat bayrog‘i osilgan turibdi?

Kechirasiz-ku, davlat siyosati ichida yurgan odam bu - o‘rnak, bu shaxsiy namuna. Boshqa davlatlarga borsangiz, balkonlarda minglab bayroqlar osilgan turibdi. Kim namuna ko‘rsatadi? Bu yerga siyosat ichida yurgan, eng ilg‘or qatlam yig‘ilgan, kelajak egalari yig‘ilgan», — deya Zoir Mirzayevdan iqtibos keltirgan «Daryo» nashri.

Hokim so‘nggi paytlarda biror ish qilmoqchi bo‘lganlarning pul bering, deyishi avjga chiqayotganini ta’kidladi.

Biz pul bering, palon ish qilaylik, pul bering piston ish qilaylik deyishga rosa o‘rgandik-da. Bepul ishni shunday qilingki, ishingizni ko‘rgan odam shuncha tashabbus qilibsan, yana rivojlanish uchun nima qilib beray deb, o‘zi pul beradigan darajada harakat qilsin», — degan viloyat hokimi.

Yoshlar bilan uchrashuvda ma’lumot bergan Zoir Mirzayevga ko‘ra, Toshkent viloyati aholisining 50,02 foizini yoshlar tashkil qiladi.

Avvalroq O‘zbekiston davlat bayrog‘idan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirilib:

  • bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
  • bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
  • xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkinligi belgilangandi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring