Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi?

1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi?

Misrga sayohat rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish tartibi o‘zgarmoqda. 2026-yil 1-noyabrdan mamlakatga borishni rejalashtirgan ayrim sayyohlar uchun viza, hamrohlik va moliyaviy ta’minot bo‘yicha yangi talablar joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Qohiradagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlar asosida Misrga kirish tartibiga qator yangiliklar kiritilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Misrga safardan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa, safarni rejalashtirayotgan fuqarolar viza masalasini aeroportga borgandan keyin hal qilishga umid qilmasdan, hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yishi muhim.

Turistik maqsadda Misrga yo‘l olayotgan fuqarolarning safarlari vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi belgilanmoqda. Ayniqsa, mustaqil ravishda sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun yangi talablarni oldindan aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi tartibda eng ko‘p e’tibor qaratilayotgan masalalardan biri sayyohlarning yoshi. 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar Misrga yaqin oila a’zolari hamrohligidagina safar qilishi mumkin. Bunda yaqin oila a’zolari sifatida ota-ona, er-xotin yoki farzandlar nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSh dollari miqdorida naqd mablag‘ bo‘lishi talab etiladi. 40 yoshdan kattalar ham moliyaviy ta’minotni tasdiqlashi kerak 40 yoshdan yuqori bo‘lgan va Misrga mustaqil safar qilayotgan fuqarolar uchun ham moliyaviy talab belgilanmoqda. Ular o‘zlarida kamida 3000 AQSh dollari miqdorida naqd mablag‘ mavjudligini ta’minlashi lozim. Demak, yangi tartibda sayohatchining yoshi bilan bir qatorda uning Misrda bo‘lish davrida o‘zini moliyaviy ta’minlay olishi ham alohida nazorat qilinadi.

Misrga kirish vaqtida sayyohlardan bir qator hujjat va ma’lumotlarni taqdim etish talab etiladi. Jumladan:

  • mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat;
  • mobil aloqa ma’lumotlari;
  • yetarli moliyaviy ta’minot mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.

Shu sababli safarga chiqishdan oldin mehmonxona bronlari, aloqa ma’lumotlari va moliyaviy ta’minotga oid hujjatlarni tayyor holda saqlash tavsiya etiladi.

Yana bir muhim yangilik, Misr hududida bo‘lish davrida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish masalasi bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi. Ya’ni, mamlakatga turistik maqsadda kirgan fuqaro keyinchalik ushbu maqomni Misr hududining o‘zida boshqa turdagi vizaga o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Eng muhim jihatlardan biri shundaki, zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yoki belgilangan talablarga javob bermagan yo‘lovchining Misrga kirishi rad etilishi mumkin. Bunday holatda fuqaro uni Misrga olib kelgan aviakompaniya orqali orqaga qaytarilishi ehtimoli bor.

Shu bois sayohatdan oldin faqat aviabilet va mehmonxona masalasini hal qilishning o‘zi yetarli emas. Viza, yoshga oid talablar, hamrohlik va moliyaviy ta’minot bo‘yicha shartlarni ham oldindan tekshirish zarur.

Misrga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yangi talablarni inobatga olish va safar oldidan Misrning diplomatik vakolatxonalari hamda O‘zbekistonning Qohiradagi Elchixonasidan dolzarb ma’lumotlarni aniqlashtirish tavsiya etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring