Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarni kitobga qiziqtirish usullarini bilasizmi?

Bolalarni kitobga qiziqtirish usullarini bilasizmi?

foto: internet, ochiq manba

Bolajonlarni kitob o‘qishga mehr qo‘yishining zo‘r neyrofiziologik usuli bor!

Pedagoglar bu usullarni bixeviorizm (xulq, xarakter bilan bog‘liq) va konstruktivizm deb ataydilar.

Siz oilangizdagi muhit, bolajoningizning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda quyidagi ikki yo‘ldan birini tanlab qo‘llashingiz mumkin. Samarasi qishki ta’tilning o‘zida namoyon bo‘ladi.

Birinchi yo‘l erkaroq, telefon va o‘yinchoqlarga o‘rganib qolgan bolajonlar uchun mos.

Bolaga har bir o‘qilgan kitob sahifasi uchun maqtov, bir hikoya uchun sovg‘a, kitob uchun mukofot bering. Bular shirinlik, pul, biron joyga birga borish, muzqaymoq, konsertga chipta, videoo‘yin o‘ynash va bolani xursand qiladigan boshqa ko‘plab narsalar bo‘lishi mumkin. Muhimi rag‘bat o‘qilgan matn o‘lchamiga yarasha bo‘lsin. Ya’ni bir bet o‘qilgan matn uchun qimmatbaho sovg‘a berish mantiqsiz bo‘ladi – o‘z samarasini bermaydi, sovg‘aning katta-kichikligi o‘qilgan hajmga qarab belgilanishi lozim.

Ikkinchi yo‘l – savollar beradigan, har narsaga qiziqadigan, yaxshi ma’noda mahmadonaroq bolajonlar uchun mos.

Kitobdagi voqealarni bolangizning kundalik hayoti bilan bog‘lang. Masalan, kitobdagi qahramonlar haqida gapirib, «Agar shu voqea biz bilan yuz berganida nima qilgan bo‘lar edi?», «Hikoyaning davomi qanday bo‘lishi mumkin?», «Qahramonga qanday yordam bersak bo‘lar edi?», «Sen bu qahramonni qanday chizgan bo‘lar eding?» kabi savollarni berib muhokama qiling.

Bolaning fikrini e’tibor bilan eshiting, o‘z fikringizni ham ayting. Bu usul bolalar uchun kitob o‘qish qiziq suhbatga olib kelishini anglashiga, fantaziya qilishiga yordam beradi.

Ushbu ikki usul qo‘llanilganda farzandingiz kitob – bu qiyin matnlarni ravon o‘qish uchungina kerak emasligini anglab yetadi.  

Bola kitobdan qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin zavq olsin, shunda kitob o‘qish odat tusiga kira boshlaydi.

Bu tajribani qishki ta’tilda boshlang. Muhimi bolaning yoshiga mos kitob toping.

Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring