Brayan Treysi. Mashaqqatli yo‘ldagi millionlar
Brayan Treysi – professional ma’ruzachi, notiq, pedagog va maslahatchi, shuningdek, ko‘zga ko‘ringan o‘quv va konsalting rahbari. U o‘zi pul ishlab topgan millioner ham sanaladi.
Brayan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Uzoq vaqt ixtisosligi yo‘q ishlarda mehnat qilgan. Idish-tovoq yuvgan, burg‘ulash yumushi bilan shug‘ullangan, bir nechta fabrikada faoliyat ko‘rsatgan, ferma va ranchoda pichan iskanjalash ishlarini amalga oshirgan.
Yigirma besh yoshida Brayan savdo agenti bo‘lgan va biznes olamida yuqori pog‘onalarni egallay boshlagan. Yildan-yilga har bir ilg‘or g‘oya va uslublarni o‘qib-o‘rganib, aktivlari 265 million dollarni tashkil qiladigan qurilish kompaniyasi direktori lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. O‘ttiz yoshdan oshar-oshmas, Treysi Kanada universitetlaridan biriga o‘qishga kirib, iqtisodiyot va biznes bo‘yicha ilmiy darajani qo‘lga kiritgan.
Bu yillar mobaynida u 22 ta turli kompaniya va sanoat sohalarida ishlashga ulgurdi. 1981 yildan e’tiboran ma’ruzalar, suhbatlar va seminarlarda o‘zining muvaffaqiyat tamoyillarini bayon qila boshladi. Bugun Brayan Treysi kitoblari, audiokasseta va kompakt-disklari, shuningdek, seminarlardagi videokassetalari yigirmadan ziyod tilga tarjima qilingan bo‘lib, 38 ta davlatda qo‘llaniladi.
Brayan Treysi diqqat-e’tiborini bitta masalaga qaratadi. U o‘rtahol (yoki o‘rta qatlamdan yuqori) odam o‘zining foydalanilmagan ulkan kuchga ega ekanligiga ishonadi. Agar siz muvaffaqiyatli insonlar qo‘llayotgan hal qiluvchi uslub va tajribalarni amaliyotga tatbiq etsangiz, oldingizga qo‘ygan maqsadga ancha tez yetasiz. Ana shunda ular allaqachon egallagan mavqega erishgan bo‘lasiz.
Treysi o‘z ishining ustasi sifatida chiqish qila boshlagach, 23 ta mamlakatda ikki millionga yaqin inson bilan o‘z g‘oyalarini baham ko‘rdi. Besh yuzdan ziyod korporatsiya undan maslahatchi va o‘qituvchi sifatida foydalandi. Brayan o‘z tamoyillariga muvofiq tarzda ularning har birini amaliyotda keng qo‘lladi. O‘zini va minglab boshqa odamlarni umidsizlik, nochorlikdan xalos etib, muvaffaqiyat va omadga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berdi.
Brayan Treysi o‘zini «eklektik odam» (turlicha qarashlar, nazariyalarni bir-biriga o‘zboshimchalik bilan qorishtirib yuboradigan kishi) deb ataydi. «Men akademik tadqiqotchi emas, balki axborotlarni umumlashtiruvchiman», deydi u. Turli-tuman gazetalar, jurnal, kitob va boshqa manbalarni o‘qish uchun Treysi har yili yuzlab soat vaqt ajratadi. Bundan tashqari o‘zini qiziqtirgan mavzudagi o‘quv audiodasturlarini soatlab tinglaydi, son-sanoqsiz seminarlarda ishtirok etadi va ko‘pdan-ko‘p videoyozuvlarni sinchiklab ko‘radi. Uning «bilimlar ombori»ni, shuningdek, radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalaridan olgan axborotlar ham to‘ldiradi.
Keng bilimlar va katta tajribadan foydalangan Treysi bir talay manbalardan olingan tavsiyalarni uyg‘unlashtirgan holda ularni o‘z fikrlari qobig‘idan o‘tkazadi. Ichki his-tuyg‘ulariga zid bo‘lmagan yot g‘oyalar uning tajribalariga muvofiq ravishda o‘zlashtiriladi, qayta ishlanadi va navbatdagi chiqishlari, bosma ishlari uchun manba bo‘lib xizmat qiladi.
Brayan oilali, uning to‘rt nafar farzandi bor. U San-Diyegoda – golf maydoni biqinida istiqomat qiladi. O‘z shahridan chiqib ketib, tinglovchilar huzurida yiliga yuz martaga yaqin ma’ruza o‘qiydi va o‘n yettita mamlakatda ishga aloqador munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Umuman, Brayan Treysi omad va unga erishish masalalari borasida nufuzli shaxs hisoblanadi. Uning millionerlar hayotida pulning o‘rni haqida bildirgan mulohazalari e’tibor qozongan.
Quyida Brayan Treysining omad sirlari va tamoyillari bilan tanishasiz.
21 maslahat
- Buyuk orzular qiling. Hayotdagi omad, pullar va orzular haqida.
- Yo‘nalishni yaqqol his eting. Maqsad va muvaffaqiyat.
- Faqat o‘zingiz uchun ishlayotgandek hisoblang. Hayotingiz mobaynida mas’uliyat va omadga e’tibor qarating.
- Sevimli ish bilan mashg‘ul bo‘ling. Nimaiki yumush bilan shug‘ullanmang, hayotni sevsangiz – pullarning yana bir siri shu bo‘ladi.
- O‘zingizni barkamollikka baxshida eting. Kamolotga erishish – hayotimiz davomida omadga erishishning asosidir.
- Uzoq va sabot bilan ishlang. Pullar kerak bo‘lsa, ish soatingizni ko‘paytiring.
- Umringiz mobaynida o‘qib-o‘rganishni kanda qilmang. Uzluksiz ta’lim – omad kalitidir.
- Dastlab o‘zingizga to‘lang. Iqtisod, pullar, foiz.
- O‘z ishingizda har bir mayda-chuydani o‘rganib chiqing. Mutaxassislarning yigirma foizi boshqa sakson foiz mutaxassisga nisbatan 16 karra ko‘p ishlab topadi.
- O‘zingizni o‘zgalar xizmatiga bag‘ishlang. Mijozlarning ehtiyojini o‘rganing, odamlarga yordam bering.
- O‘zingizga va boshqalarga nisbatan mutlaqo haqqoniy bo‘ling. Intizom va halollik – muvaffaqiyat kafolati.
- Eng muhim ishlaringizni yuksaklikka qo‘ying va ularga aniq maqsad bilan diqqat-e’tiboringizni qarating. Muhim ishlarni belgilash – hayotdagi o‘ta ahamiyatli masaladir.
- O‘zingizni tezkor va ishonchli xizmatchi sifatida tayyorlang. Bunday xodim e’tibor qozonadi.
- Cho‘qqidan-cho‘qqiga ko‘tarilishga hozir bo‘ling. Hayot baland-past bosqichlardan iborat. Oldinga intiling.
- Barcha jabhada o‘zingizni intizomga buysundirishni mashq qiling. Hayotda muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lganlar ana shunday xislatga ega.
- O‘zingizning tug‘ma ijodiy qobiliyatingizni ochib yuboring. Ijod ko‘plab tezkor javoblarni taqdim etadi.
- Kerakli odamlar davrasida bo‘ling. Hayotda qanday insonlarning yordam bera olishi muhim.
- Salomatligingiz borasida alohida g‘amxo‘rlik qiling. U hayotda omadga erishish uchun nihoyatda zarur omil.
- Faoliyatingiz mobaynida dadil va yo‘naltirilgan bo‘ling. Muvaffaqiyatga erishish uchun odamlar tezkor harakat qiladilar.
- Muvaffaqiyatsizlik kelishi mumkinligiga hech qachon yo‘l qo‘ymang. Pullar muvaffaqiyat va omadni yoqtiradi. Muvaffaqiyatsizlikni yoningizga yo‘latmang.
- «Qat’iyat testi»dan o‘ting. Qat’iyat hayotda muvaffaqiyatni ta’minlaydi.
Xulosa: omad – ro‘y beradigan hodisa. Sizning muvaffaqiyatingiz oldindan ayon, buni amaliyotda sinab ko‘ring.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter