COVID-19 bilan kasallangandan so‘ng nima iste’mol qilish kerak?
To‘g‘ri ovqatlanish organizmning koronavirus infeksiyasidan so‘ng tiklanishida nihoyatda muhimdir. Taomnomaga don mahsulotlari, dukkaklilar, meva-sabzavotlar, rezavorlar, shuningdek, baliq va sut mahsulotlarini kiritish kerak. Bu haqda «RIA Novosti» agentligiga rossiyalik mutaxassis Margarita Provotorova ma’lum qildi.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, odam oddiy hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan barcha mikroelementlarni oziq-ovqatdan olishi darkor.
Provotorovaning ta’kidlashicha, taomnomada ko‘p miqdorda qayta ishlanmagan yoki yaxlit don bo‘lishi kerak: jo‘xori uni, grechixa, guruch, perlovka, bulgur. Bu donlar energiya, V vitaminlari va oziq tolasi ajoyib manbai hisoblanadi.
Dukkaklilar oson hazm bo‘ladigan o‘simlik oqsili, mis va rux manbai sanaladi. S vitamini, beta-karotin, folat, bioflavonoidlar va tolalar meva-sabzavot hamda rezavorlarda uchraydi, ularni kuniga besh porsiyagacha iste’mol qilish kerak. Bir porsiya 80-100 gramm sof mahsulot yoki bitta o‘rtacha kattalikda mevani tashkil etadi.
Shuningdek, taomnomaga baliqni, yaxshisi, yog‘lisini kiritgan ma’qul. Bu kerakli omega-3ni olish imkonini beradi. Bundan tashqari, yog‘ va yong‘oqlarni chiqarib tashlamaslik kerak. Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlaridan esa voz kechgan ma’qul.
Kundalik taomnomada o‘rtacha yog‘li sut mahsulotlari bo‘lishi lozim: tvorog, kefir, oq yogurt, pishloq.
Shu bilan birga, mutaxassis COVID-19dan keyin reabilitatsiya paytida ikra iste’mol qilishni tavsiya etmaydi. Chunki uning tarkibida ko‘p miqdorda tuz bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter