Koronavirusdan qutqaruvchi parhez
Amerikalik olimlar o‘simlik va baliqli parhez o‘rta va og‘ir darajadagi COVID-19 infeksiyasi rivojlanish ehtimolini kamaytirishga yordam beradi degan xulosaga kelishdi. Bu haqda BMJ Nutrition, Prevention & Health jurnalida chop etilgan maqolada xabar berilgan.
Tadqiqotchilar Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va AQShda ishlaydigan COVID-19 virusini yuqtirib olgan 2884 nafar shifokor va hamshiralar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qildilar. Ular 2020-yil iyul va sentyabr oylari oralig‘ida o‘tkazilgan onlayn so‘rovnomada ishtirok etishib, oldingi yilga nisbatan turli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish chastotasini ma’lum qilishdi.
Xilma-xil parhezlarning hammasi bir qancha asosiy guruhlarga bo‘lingan. O‘simlik (ko‘proq yong‘oq, sabzavot va dukkakli o‘simliklar hamda kamroq parranda, qizil va qayta ishlangan go‘shtlar), pesketarian (baliq va dengiz mahsulotlari), shuningdek, uglevod miqdori kam va oqsil miqdori ko‘p bo‘lgan parhezlar shular jumlasidan. Respondentlarning 568 nafari COVID-19 infeksiyasiga mos keladigan yoki infeksiyaga topshirgan surtmasi musbat chiqqanligini aytishgan. 2316 respondent koronavirus infeksiyasiga hech qanday shubha yoki alomat yo‘qligini aytishgan.
568 ta holatdan 138 tasida o‘rta va og‘ir darajadagi COVID-19 qayd etilgan, qolgan holatlar esa yengil alomatlar bo‘lgan. Yoshi, millati, tibbiy ixtisosligi va turmush tarzi (chekish, jismoniy faollik) kabi bir qancha o‘zgarishlar hisobga olingach, o‘simlik yoki pesketarian parhezga amal qiluvchilarda og‘ir infeksiya ehtimoli mos ravishda 73 va 59 foizga kamaygan.
O‘simliklardan olingan yeguliklar oziqlantiruvchi moddalar, ayniqsa, sog‘lom immun tizimi uchun muhim bo‘lgan fitokimyoviy moddalar (polifenollar, karotenoidlar), vitaminlar va minerallarga boy. Dengiz mahsulotlari D vitamini va omega-3 yog‘ kislotalarining muhim manbai bo‘lib, ular to‘qima va a’zolarni yallig‘lanishdan saqlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter