Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusni nima tezroq o‘ldiradi: sovunmi yoki antiseptik?

Koronavirusni nima tezroq o‘ldiradi: sovunmi yoki antiseptik?

Foto: «Zen.yandex.ru»

Hozircha vaksina yo‘q ekan, demak, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda bizdan eng muhim talab qilinadigani bu — gigiyena. Mutaxassislar har qanday jamoat joyiga borib kelgach, shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalangach, eshik tutqichlari, pulni ushlagach, ovqatlanish va taom tayyorlashdan oldin qo‘l yuvishni tavsiya etadi. Faqat bunda antiseptik yoki yuvuvchi vositalardan to‘g‘ri foydalanish lozim, deb yozadi «RIA Novosti».

Qo‘lni nima bilan yuvish kerak?

Farmatsevtika sanoati qo‘l uchun xilma-xil antiseptiklarni taklif etayotganiga qaramay, olimlarning fikricha, sovun va issiq suv — eng samaralisi. AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi kasalliklar profilaktikasi va nazorat qilish markazi qo‘lni sovunlab yuvish imkoni bo‘lmagandagina antiseptiklardan foydalanishni tavsiya etadi.

Sovun koronavirusni qanday o‘ldiradi?

SARS-CoV-2 — RNK-tarkibli bir zanjirli virus. Ribonuklein kislota zanjiri ikki qavat oqsilli qobiq —kapsid bilan o‘ralgan. U yog‘ va yog‘simon moddalardan iborat lipid bilan qoplangan. Aynan ulardan tojni eslatuvchi «tikan»lar o‘sib chiqadi.

Sovun lipid qobiqni parchalaydi, hatto, butunligini saqlab qolgan patogen zarralarni ham teridan ajratib olib, ko‘pik bilan birga yuvib yuboradi.

Qo‘lni to‘g‘ri yuvish juda muhim

Suv qancha issiq bo‘lsa, shuncha yaxshi. Antibakterial yoki kirsovun kabi maxsus sovun bo‘lishi shart emas, oddiy sovun ham bo‘laveradi. Muhimi — ko‘piklanish, aynan u virusni yuvib yuboradi.

Virus qobig‘ini parchalash uchun sovunga kamida 20 soniya vaqt kerak. Sovun ko‘pigi qo‘lni, ya’ni bilak va kaftning tashqi tomonini to‘liq qoplashi, ko‘pik barmoqlar orasi va tirnoqlar ostiga kirishi zarur.

Sovun bilan suv bo‘lmasa-chi?

Bunday holatda mutaxassislar sanitayzerlar yoki etanol — oddiy spirtli antiseptik vositalarni tavsiya etadi. U koronavirusni 30 soniyalarda o‘ldiradi.

Shu bois antiseptik bilan ishlov bergach shu zahoti qo‘lni artmang, o‘zi qurisin.

Olimlar fikricha, dezinfeksiyalovchi vositadagi etanol 70 foizdan kam bo‘lmasligi zarur. CDC talabi esa sal kamroq — 60 foiz.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yog‘ va kir antiseptiklar ta’sirini kamaytiradi. Shuning uchun avval qo‘lni sovunlab yuvish zarur. Ustiga-ustak, spirtli sanitayzerlardan ko‘p foydalanish yaxshi emas — ular sovundan farqli ravishda terini qo‘zg‘atadi va virusga ta’sirchan qilib qo‘yadi.

O‘zingiz tayyorlasangiz ham bo‘ladi

JSST saytiga dezinfeksiyalovchi vositalarni mustaqil tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma joylangan: 80% etanol yoki 75% 1,45% glitserin va 0,125% vodorod peroksidi qo‘shilgan izopropanol.

Spirt va vodorod peroksidi infeksiyani o‘ldiradi, glitserin esa terini namlaydi. Boshqa namlovchi vositalar ham bo‘ladi. Masalan, vera aloyi.

Nam salfetkalar

Bordi-yu, antiseptik bo‘lmasa, spirtli salfetkalar ham yordam beradi. Benzalkoniy xloridli antibakterial vositalar esa SARS-CoV-2 ga qarshi befoyda, deb hisoblaydi olimlar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring