Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashinaning tormoz suyuqligini qachon almashtirish kerak?

Mashinaning tormoz suyuqligini qachon almashtirish kerak?

Foto: Carway.info

Tormoz suyuqligi — hamma haydovchilar ham uncha tushunmaydigan va ahamiyat bermaydigan avtomobil suyuqligi. Aslida buni bilish juda muhim. Xo‘sh, tormoz suyuqligi nima vazifani bajaradi, uni qachon almashtirish kerak?

«Tormoz suyuqligining eng katta kamchiligi — gigroskopikligi, ya’ni tevarak-atrofdagi namlikni o‘ziga yig‘ib olishidir. Buning oqibatida suyuqlikning qaynash harorati pasayadi.

Bug‘ oson siqilgani sababli, eski suyuqlik haydovchining oyoq bosimini tormoz mexanizmlariga yaxshi yetkazib berolmaydi. Bir necha marta kuchli bosilganidan keyin, tormoz polga «yopishib qoladi», mashina esa to‘xtamaydi», — deya tushuntirishdi «Rulda» («Za rulem») ekspertlari.

«Tormoz suyuqligi qancha yangi bo‘lsa, shuncha yaxshi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari uch yil o‘tishini kutmasdan (bungacha unga suv qo‘shilib ketadi), balki rejali ravishda har ikki yilda yoki har 30-40 ming km yurganda almashtirib turishni tavsiya qilishadi. Shunda mashinani bexavotir boshqarasiz.

Tormoz suyuqligi qachon almashtiriladi?

  • har 30-40 ming km yurgandan so‘ng;
  • suyuqlik xiralashib, qora cho‘kindilar hosil bo‘lganida;
  • mashinani ikkinchi qo‘ldan sotib olganda — oldingi xo‘jayini tormoz suyuqligini qachon almashtirgani noma’lum holatlarda;
  • avtomobildan uzoq vaqt foydalanilmaganda;
  • tormoz suyuqligi oqishi kuzatilganda: uning idishidagi suyuqlik sathi pasayganda, tormoz shlanglarida, supportlar va tizimning boshqa elementlarida suyuqlik tomchilari sizib chiqqanida;
  • mashina tormozi yaxshi ishlamay qolganida.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring