Uzoq umr ko‘rishning 5 ta siri
Har bir odam uzoq va baxtli hayot kechirishni orzu qiladi. Garchi kim qancha yashashi noma’lum bo‘lsa-da, salomatlikni saqlashga yordam beradigan oddiy qoidalar mavjud, deb yozadi «Rambler».
To‘yguncha uxlang
Gap soatlab uxlash haqida ketmayapti: uyquning ko‘pi ham, kami ham zarar. Kuniga 6 soatdan kam uxlasangiz, sizda bir qator kasalliklar kelib chiqishi hech gap emas: semizlik, diabet, yurak kasalliklari, depressiya va hokazo. Har bir odam uchun eng maqbuli — kuniga 7-8 soat uxlash. Doimo bir vaqtda yotib, bir vaqtda turishga odatlaning. Darvoqe, tushlikdan so‘ng yarim soat mizg‘ib olish yurak kasalliklari xavfini 30 foizga kamaytiradi.
Faollikni oshiring
Sport bilan muntazam shug‘ullanishga imkoniyatingiz bo‘lsa — juda soz. Bordi-yu, buning iloji bo‘lmasa, sportzalda shug‘ullanish o‘rniga kuniga hech bo‘lmasa yarim soat sayr qiling. Ishga borayotganda bir-ikki bekat piyoda yuring, imkon qadar liftdan foydalanmang. Hatto 15 daqiqalik oddiy piyoda qon bosimi va yomon xolesterin darajasini pasaytirishga yordam beradi. Olimlar sport emotsional holatni me’yorlashtirishi hamda depressiya kelib chiqish xavfini kamaytirishini isbotlashgan.
Nafas mashqini bajaring
Hozirgi shiddatli hayotimizda doimo stress holatida bo‘lamiz va o‘zimizni umuman bo‘sh qo‘ymaymiz: o‘z navbatida nafas olish ham buziladi. Organizm hujayralari kislorodga to‘yinmaydi, bu esa turli kasalliklarning kelib chiqishiga turtki bo‘ladi. Kuniga hech bo‘lmasa 10 daqiqa nafas mashqini bajarish uchun vaqt ajrating: 10 daqiqa chuqur nafas olish yurak faoliyatini va qon bosimini me’yorga keltiradi. Yana odamni juda tinchlantiradi!
Foydali yog‘larni iste’mol qiling
Ko‘pgina vitamin va mikroelementlar faqat yog‘lar bilan so‘riladi. Tuxum, avokado, zaytun yog‘i, baliqning yog‘li turlari, yong‘oqlar — bularning bari albatta dasturxoningizda bo‘lishi shart. Chunki ular organizmni foydali yog‘larga to‘yintiradi. Fastfud va shirinlikni esa imkon qadar kamaytiring. Yog‘sizlantirilgan mahsulotlarga ruju qo‘ymang — shifokorlar ulardan katta foyda kutmaslik kerakligini bir necha marta isbotlashgan.
O‘z ustingizda ishlang
Baxtli va omadli hayot kaliti — xursandchilik bag‘ishlaydigan ish yoki xobbining borligida. Bu emotsional ahvolingizni yaxshilaydi va kasalliklar xavfini kamaytiradi: kasal bo‘lishga vaqtingiz bo‘lmaydi, chunki siz sevimli ishingiz bilan band bo‘lasiz!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter