Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Dunyo boyligiga to‘yarmi inson?!

Dunyo boyligiga to‘yarmi inson?!

Foto: «Concur.com»

Bir marosim oldidan qo‘y so‘yildi. Qassob qo‘chqorni shishirib, dum-dumaloq qilganida kimdir «vah, shunaqa semiz qo‘y bo‘lsaydi» deb yubordi. Shunda bir hoji aka «e birodar, shunaqa qo‘y bo‘lgan taqdirda ham yana bitta bo‘lsaydi deysiz, dunyo moliga to‘yib bo‘larkanmi», dedi nasihatomuz.

Darhaqiqat, qaysi boy-badavlat odam o‘zini hammasiga erishdim, deb hisoblaydi. Boy bo‘lsa-da, tinmayotganlarni qo‘yaturing, ozgina boyligidan ajralaganida umri azizga — o‘z joniga qasd qilganlarga nima deysiz?! Dunyoni qamrab olgan inqiroz paytida ana shunday holatlar, ayniqsa, ko‘p kuzatildi.

Har yigirma soniyada bir inson o‘z joniga qasd qiladi. Odatda bu ishga qo‘l urganlar muhabbat qurbonlari, ruhiy zarbani boshdan kechirganlar yoki chorasiz qolganlar bo‘ladi. Lekin shuncha puli bo‘lsa-da, boylikka kuyunib, o‘z ixtiyoriga ko‘ra hayot bilan vidolashganlarni nima deb atash mumkin?

Germaniyalik Adolf Merkl inqirozning dastlabki nomdor qurbonlaridan bo‘ldi. 2008-yilda «Forbes» jurnali ro‘yxatida 94-o‘rinni olgan nemis boyi bor-yo‘g‘i 80 kishi ishlaydigan farmatsevtik kompaniyani meros tariqasida olib, uni 70 000 kishi faoliyat yuritadigan qudratli «Ratiopharm» konserniga aylantirgandi. Lekin birja o‘yinlariga qiziqib ketgan va pullarini har joyga tikavergan milliarder aksiyalar narxlari tushishi natijasida anchagina mablag‘idan ayrildi. Bunga chiday olmagan Merkl Ulm shaharchasi yonida o‘zini poyezd tagiga tashlab o‘ldirdi. Eng ajablanarlisi, uning qolgan-qutgan boyligi ham bola-chaqasigacha bemalol yetardi. Yanada qizig‘i, uning o‘limidan ikki kun o‘tib, o‘ttizdan ortiq bank Merkl tirikligida ko‘zida yosh bilan so‘ragan katta miqdordagi qarzni berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

AQShlik Stiven Gud «Sheldon Good» kompaniyasining egasi, qimmatbaho ko‘chmas mulklar va hisobi yo‘q pullar sohibi edi. 1965-yildan buyon uning kompaniyasi umumiy qiymati 10 mlrd. dollarga yaqin 40 mingdan ortiq ob’yektni sotishga muvaffaq bo‘lgandi. U ham ko‘chmas mulklar arzonlab ketishiga chidolmay, 52 yoshidayoq to‘pponcha orqali o‘zini otib qo‘yaqoldi.

Mumbaylik 34 yoshli Paraj Tanna brokerlik ortidan kun kechirar, ancha-muncha pul ham to‘plab qo‘ygandi. U birja o‘yinlarida bor-budini yo‘qotdi. Alam ustida avval yetti oylik homilasi bo‘lgan xotini Nexuni o‘ldirib, ortidan o‘zini osdi. O‘lim oldidan qoldirgan xatida «Ota-onam meni o‘qitish uchun uyimizni sotishgandi. Men esa o‘qib, ishlab ham boshpana ololmadim. Bolamning kelajagini o‘ylasam, dahshatga tushaman, meni kechiringlar», deb yozgandi. Bu inqiroz quloch yoygan dastlabki 10 kun ichida Hindistondagi to‘rtinchi insonning aynan shunaqa muammolar tufayli o‘z joniga qasd qilishi edi.

Ismi oshkor qilinmagan bombeylik 40 yoshli aka o‘z singlisi bilan avval ota-onalarini, so‘ng o‘zlarini o‘ldirishdi. Shu yo‘l orqali ular ota-onalarini kreditorlardan qutqarishni mo‘ljallashgandi. Chunki tirikligida aka-singil 72 joydan qarzdor bo‘lishga ulgurishgan, bu qarzni to‘lash imkoniyatlari mutlaqo yo‘q edi.

Rokfeller oilasining 28 mlrd. dollarlik boyligini boshqargan 54 yoshli Jeyms MakDonaldning avtomobilda o‘zini otib tashlagani hammani ajablantirdi. Bu suiqasd insonning naqadar ojiz va har qanday ahmoqgarchiliklardan qaytmaydigan mavjudot ekanining yana bir isboti bo‘ldi. Chunki moliyaviy inqirozdan hammayam ozmi-ko‘pmi zarar ko‘rgan bir paytda, uning ishlari harqalay bir tekis ketayotgandi. Ozgina yutqazganidan qolgani ham shuncha sarflasa-da, tugamaydigan odamning boylik dardida umri azizga nuqta qo‘yishiga yana qanday ta’rif berish mumkin?

Moliyaviy ehrom orqali amerikaliklar bilan birga boshqa davlat fuqarolarini ham 50 mlrd. dollarga tushirgan Bernard Meddof hibsga olinib, 150 yilga qamoq jazosiga hukm qilinganida ko‘pchilik uning vijdon azobida o‘z joniga qasd qilishini kutgandi. Lekin Meddof bu ishni qilmadi. Tovlamachi u dunyoda o‘zini bundan yaxshiroq hayot kutmayotganini anglab yetgan bo‘lsa, ajabmas.

Lekin Meddof chuv tushirganlardan biri, fransuz Terri de lya Villyushe bu ehrom ortidan 2,1 milliard dollarga aldanganida chiday olmadi va sahifamiz qahramonlaridek yo‘l tutdi.

Darhaqiqat, Iskandarning ochiq ketgan qo‘llari ibrat bo‘lmaganidan keyin...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring