Eshak go‘shti sotish jinoyat(mi?)
So‘nggi kunlarning bosh mavzusi hech kutilmaganda eshak go‘shti bilan bog‘landi. Farg‘onalik qassobning iqrori va uning ortidan chop etilgan turkum maqolalar tomoshabin hamda o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shunday kunlarda saytimiz sahifasiga ijtimoiy tarmoqda o‘zining asl ism-familiyasini sir tutgan bir foydalanuvchi tomonidan g‘alati savol qoldirildi. Ko‘pchilik bema’ni deb o‘ylagan bu savolning javobi hammani o‘ylantirishi hech gap emas.
Xo‘sh, shuncha muhokamaga sabab bo‘lgan eshak go‘shti sotish jinoyatmi? Jinoyat bo‘lsa, u qay tartibda malakalanadi va qanday jazo qo‘llanadi? Umuman olganda nega bu ish bilan prokuratura shug‘ullanmoqda?
Keling, bevosita savol bilan tanishamiz (matn juz’iy tahrir qilindi).
— Bir bema’ni savol bermoqchiman. Eshak go‘shti sotish jinoyatmi? Axir u inson hayoti uchun xavf tug‘dirmaydi-ku. Agar halol-harom nuqtai nazaridan qaralsa, cho‘chqa go‘shti yoki boshqa harom mahsulotlarni sotayotganlarga nega jazo yo‘q? Yoki eshak go‘shti arzon bo‘lgani holda qimmatga sotilayapti degan fikr bo‘lsa, unda nega bir pullik narsani ming pulga sotayotgan insonlarga jazo berilmayapti? Yoki ...(aslida o‘zim musulmon bo‘lganim uchun eshak go‘shti va boshqa harom narsalarni sotuvchi insonlarni qoralayman). Nega aynan eshak go‘shti sotish jinoyat deb hisoblanadi? Savolim uchun oldindan uzr, — deya fikr bildiradi Tiktak Boom nikli muxlis.
Haqiqatan ham nega shuncha jonivorlarni so‘yib sotish mumkinu, eshakni so‘yish yoki go‘shtini sotish orqali prokuratura nazariga tushiladi?
Masalan, odam o‘zi boqib katta qilgan, yetishtirgan eshagini so‘yib sota olmaydimi? Axir bu jonivor uning shaxsiy mulki-ku. «Iya, go‘shti harom jonivor bo‘lgan eshak ham so‘yib sotiladimi?» deya savol berishingiz mumkin albatta. Lekin go‘shti haromligi qator manbalarda ta’kidlangan cho‘chqa istalgancha boqilmoqda, so‘yilmoqda va sotilmoqda-ku. Eshak go‘shtining salomatlikka xavf tug‘dirishi haqidagi fikrlar ham kuchli asosga ega emas.
Xitoyliklar hazil qilishadi: «Uchadiganlardan samolyotni, yuradiganlardan poyezdni, suzadiganlardan kemani yeb bo‘lmaydi. Qolgan hammasi iste’molga yaroqli» (darvoqe, yurtimizga kelgan xitoylik mehmonlar, ayniqsa temiryo‘l qurilishida ishlovchilar eshak go‘shtini xush ko‘rib tanovul qilganlarini ko‘pchiligimiz eshitganmiz).
Alohida ta’kidlashimiz shart: biz muqaddas dinimiz talablariga, asriy an’analarimizga shubha bilan qaramoqchi emasmiz. Eshak go‘shti harom, uni tarqatish aksariyat aholisi mo‘min musulmonlar bo‘lgan O‘zbekiston uchun mutlaq kechirilmas holat.
Lekin har qanday qilmishga huquqiy baho berilishi, jazo malakalanishi, masalaning ma’naviy jihati esa mustahkam asoslanishi lozim. Chunki yurtimiz ahli uchun e’tiqod masalasi juda muhim.
Savolga javob izlarkanmiz, avvalo masalaning ma’naviy jihatiga e’tibor qaratamiz.
Yuqorida aytilganidek, yurtimiz ahli uchun e’tiqod masalasi juda muhim. Davlatimiz ham dinimizni e’zozlaydi, e’tiqod erkinligini kafolatlaydi. Musulmon ahli uchun esa luqmaning halolligi nihoyatda jiddiy masala.
Bu o‘rinda har ikkisining go‘shti harom bo‘lgan eshak va cho‘chqani solishtirib bo‘lmaydi. Sababi, cho‘chqa boquvchining maqsadi aniq, u shu jonivorni semirtirib sotish orqali daromad qilishini yashirmaydi. So‘yib sotuvchi ham bu go‘shtning nimaniki ekanligini sir tutmaydi. Aksincha, boshlarini mixga osib qo‘yib «reklama» qiladi. Demak, e’tiqodi bunga ruxsat beradigan yoki qalbida halol-harom tushunchasi bo‘lmagan iste’molchining o‘zi o‘z ixtiyori bilan, bilgani holda bu go‘shtni xarid qiladi va pishirib yeydi. Kimdir eshakni oshkora so‘yib, ustiga «eshakniki» deb sotishi mantiqqa sig‘maydi.
Yana bir jihat, cho‘chqa asosan go‘sht uchun boqiladi va yeb yota-yota oxiri taqdiri so‘yilish bilan yakun topadi. Harakati bilan insonning og‘irini yengil, oz yegulikka qanoat qiluvchi, «mehnati halol» deya ta’riflanadigan eshakning so‘yilishi kishining etini junjiktiradi, har qanday insonda nafrat o‘yg‘otadi.
Endi masalaning huquqiy jihatiga to‘xtalsak.
Birinchidan, bu yerda iste’molchi huquqlari qo‘pol ravishda buzilayapti. Mahsulotning kelib chiqishi sir tutilmoqda. Aslida arzon mahsulot mol yoki qo‘y go‘shti sifatida qimmatroqqa pullanayapti va firibgarlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Sanitariya normalariga rioya etish to‘g‘risida esa, tabiiyki, gap ham bo‘lishi mumkin emas. Chunki eshakni yashirincha so‘yuvchi bu jihatlarga mutlaqo ahamiyat qaratmasligi aniq. Bu holat kishilar salomatligiga real xavf tug‘dirishi tayin. Bu endi yetkazilgan zarar ko‘lamiga ko‘ra ancha jiddiy masala.
Vaqti-vaqti bilan eshak go‘shti bilan bog‘liq mojarolar qo‘zg‘alib turadi. Samarqanddagi eshaklar qabristoni, poytaxtdagi «Sharshara» savdo belgisi ostida kolbasa ishlab chiqaruvchi korxonada Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv shular jumlasidandir.
Qizig‘i, bular ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, jinoyat tarkibi aniqlangan bo‘lsa-da, bu ishlar qanday yakun topgani, qaysi moddalarga ko‘ra kimlar javobgarlikka tortilgani, ularga qanday jazo tayinlangani ommaga ma’lum qilinmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter