Javob berolmasangiz, qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaveradigan tanishlaringiz bormi?
Bir toifa bor – qo‘ng‘iroq qiladi, nimadir sabab bilan ko‘tara olmasang, uzluksiz qilaveradi, qilaveradi. Shu odam banddir, majlisdadir, shifoxona yoki janozadadir, namoz o‘qiyotgandir, ruldadir, qo‘pol bo‘lsa-da, hojatxonadadir, degan fikr xayoliga ham kelmaydi.
Bir kuni ikki rakaat namoz o‘qigunimcha bir kishi telefonimga yetti marta qo‘ng‘iroq qildi. Namozni tugatganimdan so‘ng qo‘ng‘irog‘iga javob berib, «Ha aka, qayer yonyapti?» — desam, savol mazmuniga ham farosati yetmay: «Nimaga unaqa deysiz?» — deb so‘radi. Tushuntirganimdan keyin ham «Ko‘tarmaganingizdan keyin qildim-da?» — deydi yana. Eng alam qilarlisi, shuncha marta qo‘ng‘iroq qilishiga sabab bo‘lgan masalasi juda arzimas.
Yanada qizig‘i, ba’zida kim bilandir gaplashayotgan bo‘lsangiz ikkinchi liniyadan qo‘ng‘iroq kelaveradi, kelaveradi...
Ayrimlar qo‘ng‘iroq qiladi, nimadir sabab bilan javob bera olmasang, keyinchalik bog‘langaningda «Nega telefonni ko‘tarmaysan?!» — deya iddao ham qiladi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: telefon menikimi, senikimi? Agar u seniki bo‘lsa, o‘zing bemalol gaplashaver, agar u meniki bo‘lsa, men uni o‘zim xohlaganday, o‘zim xohlagan paytda ishlatishimga monelik qilma!
Adashmasam, dinimiz odobida bir eshikni taqillatsang-u ochishmasa, ikki rakaat namoz o‘qilguncha keyingi taqillatishga sabr qil, degan joyi bor. Nazarimda, telefonda ham shu odob amal qilishi kerak.
Qolaversa, jamoat transportida, yig‘ilishlarda, umuman ko‘pchilik orasida bemalol baland ovoz bilan shaxsiy masalalarini gaplashaveradiganlar, telefonidagi videolavhalaru qo‘shiqlarni varanglatib qo‘yib oladiganlar ham borki, ularni kuzataturib, mobil aloqa madaniyatimizni salbiy baho bilan ko‘rib chiqadigan vaqt allaqachon kelganini anglab yetamiz.
Bugun har birimizda uyali aloqa vositasi bor, usiz endi hayotimizni tasavvur qila olmas darajaga yetdik. Shunday ekan hayotimizning bir qismiga aylangan bu vositadan foydalanishda o‘zimizga tashqaridan baho berishimiz shart.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter