Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Sehrli diyorda ham tubdan takomillashtirishmi?

Sehrli diyorda ham tubdan takomillashtirishmi?

Maqsadimiz ularning tajribasini o‘rganish, tavsiyalarini eshitish, asosli tanqidlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish emasmi?!

Foto: «uz.usembassy.gov»

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi oldidan OAV xodimlaridan iborat juda katta guruh okean ortiga yo‘l oldi. O‘ziga xos jihati shuki, ular orasiga shu paytgacha dushman maqomida ko‘rilgan, axboroti to‘silgan va hatto borligi tan olinmagan jurnalistlar ham qo‘shildi.

Ko‘pchilik yaxshi-da. Oldindan harakat qilgan undan-da yaxshi. Ertaroq ishga kirishgan ommaviy axborot vositalari xodimlari Amerikadan ustma-ust xabarlar uzata boshladilar. Ular orasida o‘zaro munosabatlarga, davlatlararo iqtisod istiqboliga, prezidentlarning tashabbuslariga oid keng qamrovli axborotlarni ko‘rmoqdamiz, o‘qimoqdamiz.

Faqat... Yana shu faqat yarq etadi-da. Nahotki biz bu safar ham o‘z uslubimizdan voz kechmaymiz? Yana ko‘tarinki ruh, aql bovar qilmas yaltiroqlik, osmon qadar balandparvoz gaplar bilan safarni yakunlash hidi kelmayaptimi?

Amerikalik turli toifa insonlardan intervyular olindi. Ular orasida olimlar, siyosatchilar, o‘zimizda ishlab ketgan diplomatlar, biznesmenlar bor. Nahotki ularning hammasi tarjimonimiz aytganiday «O‘zbekistondagi iqtisodiy, siyosiy jarayonlardan hayratlanmoqdalar. Inqilobiy islohotlar va tubdan takomillashtirish ko‘lamidan lol qolmoqdalar»?

Hech bo‘lmasa endi sal boshqacharoq rakurs tanlash fursati yetmadimikan? Axir yutuqlarimiz o‘zimizniki, o‘zimizda istagancha e’tirof etib, yanada yuksaltirib yotibmiz. Lekin hozir butunlay boshqacha fursat-ku. AQSh dunyoning eng yetakchi davlati. Uning siyosiy-iqtisodiy salohiyatiga hech bir davlat bas kela olmaydi. Shunday ekan, nega o‘sha sehrli diyorning bizga yoritilayotgan qiyofasini o‘zimizga moslab uzatamiz?!

Nahotki biz suhbat qilayotgan korchalonlardan birortasi O‘zbekistonni tanqid qilmasa, tanqidni-ku qo‘ying, «mana shu sohalarda bu uslubni qo‘llash yaxshi natija berardi» deya tavsiya ham bermasa? Yoki biz shunchalar mukammal davlat edikmidiki, hatto rivojlangan davlatlar bo‘yicha so‘z ketganda ham muammolar to‘g‘risida ro‘y-rost so‘zlab «uzib-uzib» oladigan senatorlaru kongressmenlar «qattiq hayratga» tushib qolishdi?

20 trillion dollarlik yalpi ichki mahsulotga, dunyo boyligining deyarli choragiga, jahondagi eng yetakchi va badavlat kompaniyalaru insonlardan iborat umummilliy salohiyatga ega davlatni biz lol qoldirib tashlaganimiz andak nokamtarlikdek tuyilmayaptimi? Biz hozir o‘zimizni o‘zimizga chiroyli ko‘rsatishni emas, imkon qadar nimanidir o‘rganishni, yurtimiz manfaatlarini olib chiqishni o‘ylashimiz shart!

Umuman, ikki taxmin bor, yo bizga kimdir tomonidan «tubdan takomillashtirilgan» axborot yetib kelayapti, yo faqat maqtovchilardangina intervyu olayapmiz.

Inson huquqlari, iqtisodiyot, tashqi siyosat borasida ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishganimiz bor gap. AQShdagi qator institutlar bu yutuqlarni e’tirof etishi aniq. Mazkur tashrif shu yo‘nalishlardagi intilishlar natijasi ekanligini ham taxmin qilish mumkin. Ammo hamon jilovlanmayotgan korrupsiya, investitsiyalar jalb qilishdagi to‘siqlar, sud-huquq tizimidagi muammolar, harbiy doktrina, ekstremizm kabi og‘riqli masalalar bo‘yicha amerikaliklar jim turganiga ishonish qiyin. Ularning so‘zlarini biznikilar yoritmasa, yana o‘sha biz dushman maqomida ko‘rganlar boplab taqdim etib beradilar.

Axir maqsadimiz ularning tajribasini o‘rganish, tavsiyalarini eshitish, asosli tanqidlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish emasmidi?!

Agar bu safar ham «tobora mustahkamlanayotgan munosabatlar» haqidagi silliqqina axborot va umumiy gaplardan nariga o‘tmasak, bu holat eng kamida so‘z erkinligi bo‘yicha bir joyda depsinib turganimizni anglatadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring