Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

«Zamdekan voqeasi» birinchisi emas: zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar tarixi

«Zamdekan voqeasi» birinchisi emas: zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar tarixi

Ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz bilan bog‘liq holatlar butun dunyoda uchraydi. Bunday holatlarni muntazam monitoring qiluvchi yirik tashkilotlar, ayollar huquqlari bilan shug‘ullanuvchi minglab uyushmalar bor. Qachondir chet ellarda ommaga oshkor qilingan va katta shov-shuv ko‘targan voqealar O‘zbekistonga ham kirib kelganiga ancha bo‘ldi.

Qachondir bu kabi voqealar qattiq sir tutilgan, oshkor qilinishidan har ikki tomon manfaatdor bo‘lmagan. Hatto jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan taqdirda ham tergov va sud juda maxfiy tarzda o‘tkazilgan. Qonunchilikda bu borada aytarli o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lsada, har qanday yangilikning internet orqali yashin tezligida tarqalishi va ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinishi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Hozir juda ko‘pchilik fikricha, jinsiy tajovuz bilan bog‘liq jinoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgan. Aslida butun dunyo bo‘ylab bu kabi jinoyatlarni qayd qilish soni ko‘paygan bir paytda, jinoyatlarning umumiy soni kamayib bormoqda. Ya’ni amalda zo‘ravonlik kamaymoqda, lekin bu kabi ishlar ochilishi, qayd etilishi ko‘paymoqda.

Zo‘ravonlik kamayishining ham ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor:

  1. Butun dunyo bo‘ylab erkak-ayol munosabatlarida erkinlik kuchayib boryapti;
  2. Zamonaviy texnologiyalar o‘zaro muloqotga katta qulayliklar yaratib beryapti, ya’ni to‘satdan fikr o‘zgarib, zo‘rlashga ehtiyoj kamayyapti;
  3. Zo‘ravonlikni sir saqlash tobora qiyinlashyapti, jazo muqarrarligi prinsipi ish beryapti.

Kuni kecha oshkor bo‘lgan va omma orasida keskin muhokama qilinayotgan dekan o‘rinbosari va talaba voqeasi ham bu kabi shov-shuvlarning navbatdagisi bo‘ldi. Bundan oldingi holatlarda ijtimoiy tarmoqlar turli fikrlar bilan to‘lgan, yakunlar esa kutilmagan bo‘lgandi.

Mustahkam voqeasi

Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam Samarqand shahrida yashovchi kelinchak – Mustahkam Vahobova ishi jamoatchilik diqqat markaziga chiqqandi. Kelin bo‘lib tushgan uyida shafqatsizlarcha kaltaklangani ko‘ringan videolavha tarqalganidan keyin jamoatchilik junbushga kelgan, tegishli tashkilotlar ham tezkor harakatlar qilishgandi.

Vaqt o‘tib Mustahkamning eri sudlandi va 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ammo ma’lumotlarga qaraganda keyingi instansiya sudida aybdorga shartli jazo berilgan va ayni paytda er xotin birga yashashmoqda.

«5 kishi zo‘rlagan kelinchak»

2021 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan voqea ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Andijonlik kelinchak o‘zining 5 erkak tomonidan zo‘rlanganini ma’lum qilgan va tegishli tashkilotlar bu bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Voqea asta-sekin qo‘shimcha tafsilotlar bilan boyiy boshladi, hatto zo‘rlaganlar soni 7 kishi bo‘lgani, ular hayit kuni mast holatda shu ishni qilganliklari jamoatchilikning battar g‘azabini qo‘zg‘adi.

Ammo vaqt o‘tib, tergov yakuniga ko‘ra aslida bu tuhmat ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tergov jarayonida kelinchak uni hech kim zo‘rlab nomusiga tegmaganini, ayrim shaxslar moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkani haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini, agarda ushbu ko‘rsatmani bermasa turmush o‘rtog‘i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganligini ma’lum qilgan.

Tuhmat uchun qanday chora ko‘rilganiga oid ma’lumot berilmagan.

Jasur Umirov va yangi oila

Xonanda Jasur Umirovning voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy munosabatga kirishgani, keyinchalik qiz va uning yaqinlari xonanda bu ishga qizni majburlaganiga oid so‘zlari aks etgan maqola dastlab Kun.uz saytida e’lon qilingandi. Unda litsey o‘quvchisi bo‘lgan qiz uning nomusiga tekkanlarga nisbatan chora ko‘rilmayotganini bildirgan. O‘sha paytda shaxsi sir tutilgan estrada xonandasi bu ayblovlarni rad etgandi.

Keyinchalik, balki jamoatchilikning kuchli bosimi ostida ish qayta ko‘rib chiqildi, jinoyat ishi ochmagan xodimlar jazoga tortildi va Jasur Umirovning o‘zi sud hukmiga ko‘ra 5 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, jabrlanuvchi Shahzoda Mo‘minova va uning yaqinlari qalampir.uz saytiga bergan intervyularida aslida xonanda qizni zo‘rlamaganini, yaqinlik tomonlarning ixtiyoriga ko‘ra bo‘lganligini aytib chiqishdi. Shu bilan birga ular qamoqdagi Jasur Umirovning Shahzoda Mo‘minovaga uylanish niyatida ekanligini bildirdilar.

Tez orada xonandaga nisbatan qo‘llangan jazo almashtirildi va u ozodlikka chiqarildi. Ayni paytda Jasur Umirov va Shahzoda Mo‘minova birga yashayotgan yoki yashamayotganiga oid ma’lumot yo‘q. Shuningdek, xonandaga tuhmat qilingan bo‘lsa, uning uchun qanday chora ko‘rilganiga oid ma’lumot ham berilmagan.

Dekan o‘rinbosari va talaba

Bu kabi shov-shuvli voqealarning eng oxirgisi pedagogika institutida sodir bo‘lgan dekan o‘rinbosari va talaba qiz o‘rtasidagi holat bo‘ldi. Qiz va onasining ma’lum qilishicha, «zamdekan» qizni xonasiga olib kirib zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Qiz o‘z do‘stini yordamga chaqirgan va derazadan qochib chiqmoqchi bo‘lganida, uning ta’rificha, dekan o‘rinbosari qizni pastga itarib yuborgan. Ona OAVga bergan intervyusida «zamdekan» pastga tushib qizni yana yerga qayta-qayta urgani haqidagi tafsilotni ham qo‘shib qo‘ydi.

Holat jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi va turli xil taxminlar bayon qilina boshladi. Muhokamalar kuchaygan bir paytda IIV tomonidan hali sud hukmi chiqmay, qonuniy kuchga kirmay turib, aybsizlik prezumpsiyasi chetlab o‘tilib, dekan o‘rinbosari shaxsi oshkor qilingan holda bu ishni qilganiga oid tafsilotlar videolavha va matn ko‘rinishida ommaga e’lon qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring