Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Mashhur aktyorning qariyalar uyidagi umr intihosi

Mashhur aktyorning qariyalar uyidagi umr intihosi

Rus kinosining 70-yillardagi yorqin yulduzlaridan biri, mashhur aktyor Leonid Kuravlyov 85 yoshida vafot etdi. U shu yil yanvar boshlarida og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi. Kuravlyovga zotiljam va miyaning jiddiy zararlanishi tashxislari qo‘yildi. Jamoatchilikni keksa aktyorning betobligidan ko‘ra, qariyalar uyidan olib kelingani ko‘proq hayron qoldirgan edi.

 Bolakay – surgun joyiga!

Kuravlyov chehrasi o‘zbek tomoshabiniga juda yaxshi tanish. Uning ishtirokidagi ko‘plab filmlar o‘zbek tiliga tarjima qilingan. «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi», «Afonya», «Sizdan ugina, bizdan bugina» kinokomediyalari tez-tez namoyish etib turiladi...

Leonid Kuravlyov 1936 yil 8 oktyabrda Moskvada tug‘ilgan. Otasi Vyacheslav Yakovlevich asli Ryazandan bo‘lib, aviatsiya zavodida chilangarlik qilardi. U ancha erta vafot etdi va Leonidni onasi – sartarosh bo‘lib ishlaydigan Valentina Dmitriyevna voyaga yetkazdi. Biroq bu ko‘rgilik ham uzoqqa cho‘zilmadi. 1941 yili Valentina Dmitriyevna chaqimchilarning xabari tufayli sudga tortildi va shimolga – Murmansk viloyatiga surgun qilindi. Ona-bola bir-biridan judo qilindi. Faqat oradan yetti yil o‘tgach, Valentina Dmitriyevna o‘g‘li bilan birga yashash uchun ruxsat olishga erishdi. 1948 yili Leonid yana onasining diydorini ko‘rdi. Valentina Dmitriyevna bir necha yil mobaynida surgun joyidagi Imandra ko‘li yoqasida o‘g‘li bilan yashadi.

Surgun muddati tugab, Moskvaga qaytishgach, Leonidning darslarni o‘zlashtirishi qiyin kechdi. U maktabda yaxshi o‘qimasdi. Ayniqsa, aniq fanlar – matematika, kimyo va fizikadan orqada qolardi. Bu omil kasb tanlashiga ta’sir ko‘rsatdi. Leonid bolalikdan aktyor bo‘lishni orzu qilardi. Uning aktyorlik qobiliyati faqat o‘ninchi sinfda, maktabda sahnalashtirilgan spektaklda rol o‘ynash chog‘ida namoyon bo‘ldi.

Maktabni tugatgach, qarindosh qiz Leonidga hazil aralash hujjatlarini VGIKka topshirishini maslahat berdi, bu dargohda u yoqtirmaydigan fanlardan imtihon olinmasdi. Ammo ijodiy tanlov bo‘lishi hech kimning esiga kelmadi. Kuravlyov o‘qishdan yiqildi. O‘shanda 1953 yil edi. Yaqinlari va do‘stlari Leonidning VGIKka hujjat topshirganini telbalik deb baholashdi. Ammo Kuravlyov tushkunlikka tushmadi. U Moskvadagi «Optik» arteliga ishga kirdi. Aktyor bo‘lish orzusi shunchalik o‘y-xayolini zabt etgandiki, ikki yildan so‘ng yana VGIKka hujjatlarini topshirdi. Imtihonlarga puxta tayyorlangan Leonid bu gal o‘qishga kirdi.

Biroq institutda o‘qish dastlab juda og‘ir kechdi. Aktyorlik bo‘limiga Boris Bibikov rahbarlik qilardi. Bibikov Kuravlyovda hech qanday aktyorlik iqtidorini ko‘rmadi, shuning uchun bu talabani o‘qishdan haydashni talab qilib turib oldi. Kuravlyov qandaydir mo‘’jiza tufayli institutda qoldi. Har tugul ikkinchi kursda o‘qiyotganida undagi tortinchoqlik yo‘qoldi, o‘ziga nisbatan ishonch paydo bo‘ldi, hatto qattiqqo‘l Bibikovning maqtoviga erishdi. Kuravlyovga Ibsen dramasidan rol berildi. Qisqa metrajli diplom ishi bo‘lgan «Bugun ishdan bo‘shatish bo‘lmaydi» filmiga taklif qilishdi.

Oradan bir yil o‘tgach, 1960 yili omad yana kulib boqdi. Kuravlyov «Michman Panin» filmida matros Kamushkinni ijro etdi. Shu bilan bir vaqtda Vasiliy Shukshinning diplom ishi asosida «Lebajedan xabar qiladilar» kartinasida suratga tushdi.

«Dahshat» film – «Viy»

Kuravlyovni tomoshabinlar uchun aktyor sifatida kashf etgan rejissyor Vasiliy Shukshin bo‘ladi. To‘g‘ri, bu biroz keyinroq – 1964 yili ro‘y berdi. Ungacha esa, 1960 yili Leonid VGIKni tugatib, kinoaktyorlar teatr-studiyasiga qabul qilindi. Kuravlyov asosiy va mayda rollarni o‘ynab yurdi. 1961 yili u Shukshin bilan birga Nikulin bosh rolni o‘ynagan «Daraxtlar katta bo‘lganida» melodramada suratga tushdi. Nihoyat Kuravlyov hayotida burilish hisoblangan 1964 yil keldi. U Vasiliy Shukshinning «Shunday yigit yashaydi» va «Sizning o‘g‘lingiz va akangiz» filmlarida suratga tushdi.

Shukshinning «Pechkalar-do‘konchalar» filmi ssenariysi Kuravlyov uchun maxsus yozildi. Biroq u mazkur kartinada suratga tushishdan bosh tortdi: «Men o‘sha paytlardayoq bir qolipda qotib qolmaslikka harakat qilar, turli rollarni o‘ynash haqida qayg‘urardim. To‘g‘ri-da, dastlab bir xil rollarni berishadi, mendan foydalanishadi, keyin esa o‘z holimga tashlab qo‘yishadi».

Kuravlyovning gapida jon bor. Masalan, Shurik rolini ijro etgan Aleksandr Demyanenko bilan shunday bo‘lgan, mashhur rollaridan so‘ng uni kinoga chaqirmay qo‘yishgan. «Taklifini rad etganim uchun Shukshin ranjimadi, u bunday tushunchalardan yuqori turardi», – deydi Kuravlyov. U intervyularidan birida ishonch bildirgani uchun Shukshindan minnatdorligini aytib o‘tdi. Keyinroq, Vasiliy Makarovichning o‘limidan so‘ng u o‘zining o‘g‘liga Vasiliy deb ism qo‘ydi.

1967 yili ittifoq miqyosidagi birinchi «dahshat» film – «Viy» ekranga chiqdi. Unda Leonid Kuravlyov Xoma Brut, Natalya Varley badavlat popning qizi – yalmog‘iz rolini o‘ynadi. Filmni yaratish g‘oyasi mahoratli rejissyor Ivan Pirevga tegishli edi. Ammo uning vaqti yetmagani bois, oliy rejissyorlik kursi talabalari Georgiy Kropachyov va Konstantin Yershovlar «Viy»ga rejissyorlik qilishdi. Kuravlyov-Varleyning ijodiy dueti muvaffaqiyatli chiqdi. Ammo qo‘rqinchli lavhalar borligi aytilib, filmni namoyish etish taqiqlab qo‘yildi.

"Viy" filmidan. Bosh rollarda: Leonid Kuravlyov va Natalya Vardey.

Agar 60-yillar Leonid Kuravlyovni mashhur qilgan bo‘lsa, 70-yillar uni ekranning mega-yulduziga aylantirdi. Kuravlyov ishtirokidagi kamida 3-4 ta film namoyish etilardi. Rollari turli-tuman ampluada edi: «Robinzon Kruzoning hayoti va g‘aroyib sarguzashtlari»dagi Robinzon Kruzo, «Bahorning o‘n yetti lahzasi»dagi fashist ofitseri Aysman, «So‘nggi qurbon»dagi Mironovich...

Janjalkash, aroqxo‘r

Jiddiy rollari ko‘p, biroq aktyorga komik rollari tomoshabinlar mehrini uyg‘otdi. Ayniqsa, «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» filmidagi Miloslavskiy roli mahorat bilan ijro etilgan. Bu rolga Andrey Mironov sinov topshirgan edi, Gayday esa Kuravlyovni ma’qul ko‘rdi va adashmadi. Darvoqe, mazkur filmni suratga olish chog‘ida bir lavhada Kuravlyov Shpakka qo‘ng‘iroq qilib, ayol ovozida gaplashishni uddalay olmagan. Buni dublyajda aktrisa Natalya Kustinskaya bajargan. Kuravlyov Leonid Gaydayning yana ko‘plab filmlarida suratga tushdi.

1975 yil «Afonya» ekranlarga chiqdi. Aktyor unda mutlaqo noan’anaviy qahramonni o‘ynadi. Kasbi chilangar bo‘lgan Afonya Borshchyov – pora oladi, janjal chiqaradi, ichadi, majlisda hayfsan bilan siylanadi, zerikadi, qanday yashashni bilmaydi. Shunga qaramay, uni bir qiz sevib qoladi. Afonya tomoshabin qalbidan joy oldi. Film prokatda 62,2 million tomoshabin to‘pladi.

Oradan bir yil o‘tgach, aktyor «Sendan ugina, mendan bugina» komediyasida ikkita – aka-uka egizaklar rollarini o‘ynadi. Film prokatda uchinchi o‘rinni oldi.

Kuravlyoning epizodik rollari ham ko‘p: «Mimino»dagi endokrinolog Xachikyan, «Timur va uning komandasi»dagi Georgiy Garayev va hokazo. Kuravlyov har qanday rolni mahorat bilan ijro etgani uchun ham ekranda namoyon bo‘lishi qiziqish uyg‘otgan.

90-yillar mashaqqati

Kuravlyov kino va teleseriallarda 200 dan ziyod rollar o‘ynadi. Komik va jiddiy rollarni ham birdek mahorat bilan ijro etdi. 1979 yili Kuravlyov Stanislav Govoruxinning «Uchrashuv joyini o‘zgartirish mumkin emas» teleserialida bosqinchi qahramon rolini ham qoyilmaqom qilib o‘ynadi.

Uning 80-yillarda ijro etgan rollari orasida Alla Surikovaning «Ayolni izlang» telefilmidagi nozir Granden esda qolgan. Kuravlyov bilan birga Sofiko Chiaruyeli, Sergey Yurskiy, Yelena Solovey, Aleksandr Abdulov, Leonid Yarmolnik ham yorqin rollar yaratdilar. Shundan so‘ng Leonid Vyacheslavovich «Sherlok Xolms va doktor Vatson sarguzashtlari», «Demidovlar», «Ilon ovlovchi», «Biz jazdanmiz», «Birinchi uchrashuv, oxirgi uchrashuv», «Samimiyat ila Sizning...» va boshqa filmlarda suratga tushdi.

90-yillarda aktyorlarga oson bo‘lmadi. Kino kam ishlab chiqarilar, suratga olingani ham saviya jihatidan yaxshi emas edi. Boshqa aktyorlar qatori Kuravlyov ham shunday filmlarda rollar ijro etdi. «DXQ agentlari ham sevadilar», «Rus mo‘’jizasi», «Ruscha hisob-kitob», «Deribasovda havo yaxshi, Brayton-bichda esa yana yomg‘ir yog‘moqda»... Mazkur filmlar Kuravlyov shuhratiga shuhrat qo‘shmadi. O‘zining aytishicha ham, bu ishlardan qoniqmagan.

Yaltiroq bilaguzuk va kitoblar

Kinodan tashqari Kuravlyov teleko‘rsatuvlarda qatnashdi. Jumladan, muxlislar uni «Oq to‘ti»da ko‘rishdi. 1990 yil oxirlarida esa Kuravlyov Vaxtang Kikabidze bilan birga yaltiroq ma’danli bilaguzuklar reklamasida suratga tushdi. Shuningdek, yangi kitoblardan hikoya qiluvchi «Leonid Kuravlyov bilan kitoblar olami» teledasturini olib bordi. 2000 yillardan boshlab kinoda kam suratga tushib, asosan teleseriallarda ko‘rina boshladi.

Har holda aktyorga talab bor edi. Keyingi paytlarda u ko‘proq harbiylar va militsiya boshliqlari rolini o‘ynadi. Jumladan, «Brigada» va «Yevropa konvoyi» filmlarida general, «Izquvarlar» serialida jinoyat qidiruv bo‘limi polkovnigi Lyutikovni ijro etdi. Shuningdek, Janik Fayziyevning Boris Akunin asari asosida «Turk gambiti», «Sharqiy Sibirb bug‘usi ovi», «Ustalar kitobi» filmlarida suratga tushdi.

Umuman aytganda, Kuravlyov zamonaviy rus kinematografiyasiga yuqori baho bermasdi. Uning aytishicha, yaxshi tassurot qoldiradigan filmlar kam, o‘zi esa har qanday foydali bo‘lsin, yoqmagan filmlarni hech bir ikkilanishsiz rad etdi.

Shaxsiy hayot, yolg‘izlik...

Leonid Kuravlyov uzoq yillar davomida faqat o‘zining ayolini sevdi. U maftunkor Ninochka bilan tanishganida o‘n olti yoshda edi.

Oilaviy albomdan.

1960 yili turmush qurishdi. Oilada o‘g‘il Vasiliy va qizaloq Katya tug‘ildi. Ular ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan Nina Vasilevna Kuravlyova vafot etgan 2012 yilgacha baxtli yashadilar. Rafiqasining o‘limidan keyin Kuravlyov ommaga deyarli ko‘rinmadi. G‘am-g‘ussaga bandi bo‘ldi. Yaqin tanishlariga monastirga ketayotanini aytib, hayron qoldirdi.

Kuravlyov, qizi va o‘g‘li.

Umri intihosida Kuravlyovning qariyalar uyida bo‘lgani oydinlashdi. U jismonan zaiflashib qolgan, nuqul yotar, deyarli yurmasdi. Tanib bo‘lmas darajada ozib ketgan aktyor umr shomini qariyalar uyining shinam xonasida o‘tgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring