Moddiyat qalbimizni ko‘r qilmoqdami? Biz unutayotgan tushunchalar...
Qanday sevish kerak bolalarni...
Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar uchun yahudiylar inson sanalmagan. Ularga hayvondan ham beshafqat munosabatda bo‘lishgan. Bolalar uyida ishlagan polyak yozuvchisi, pedagog-tarbiyachi Yanush Korchak asirlikda ham har qanaqasiga tarbiyalanuvchilarga yordam berishga harakat qilgan. Uning tarbiyalanuvchilari o‘zlarini o‘zlari eplay olishgan, hatto kiyim-bosh tikishgan.
Varshava gettosi — yahudiylarning barcha huquqlari cheklangan holda saqlanadigan joy. Yanush Korchak shu yerda ham bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanadi. Atrofda ajal shamoli esayotganini anglab, hech bo‘lmaganida bolalarning xotirjam o‘lishlari uchun muhit yaratishga harakat qiladi. O‘sha paytlari fashistlar gettoda yashayotgan yahudiylarni navbati bilan otishni boshlaydi. Bularning barchasi bolalar ko‘z o‘ngida sodir etilishi juda azobli hol bo‘lsa-da, Yanush Korchak ularga ta’lim-tarbiya berishda davom etaveradi.
1942-yilning yozida Korchakning yetimlarini deportatsiya qilishga qaror qilishadi. Deportatsiyaki, har holda yaxshiroq joyga emas. Shunda Yanush Korchak getto rahbarlarini uning «bolalari» nemislar uchun ishlashi, ya’ni kiyim tikib berishi mumkinligini aytadi va bolalarni olib qolishga erishadi.
Lekin baribir 1942-yilning 6-avgustida bolalar uyining 192 nafar tarbiyalanuvchisi Treblinkaga jo‘natiladi. Ular bilan birga Korchakning yaqin do‘sti Stefaniya va yana 8 nafar katta yoshli odamlar ham birga ketadi. Yanush Korchak mashhur, taniqli inson bo‘lgani uchun uni qutqarib qolishga ko‘pchilik harakat qiladi. Ammo u bolalar bilan birga bo‘lish uchun har qanday yordamni rad qiladi.
Bolalarni vagonga chiqarish tugagach, uning oldiga nemis ofitseri keladi va: «Qirol Matiush»ni siz yozganmisiz, — deb so‘raydi. — Men bu kitobni o‘qiganman bolaligimda. Juda yaxshi kitob. Siz ozodsiz, degan gapni aytadi.
- Bolalar-chi?
- Bolalar lagerga ketadi, siz esa qolishingiz mumkin.
- Bekorlarni aytibsiz. Men ular bilan ketaman, hamma odamlar siz o‘ylaganchalik tuban emas.
Polshalik tarixchi Emmanuel Ringelblyum bu haqda shunday esdaliklarini qoldiradi: «Buni men hech qachon unuta olmayman. Bolalar nemis yovuzlariga qarshi isyonini boshlarini baland ko‘targancha, shaxdam qadamlar bilan bir qatorga to‘rt nafardan turib vagonga chiqib ketishda isbotlashdi. Korchak bo‘lsa, ularning oldida eng kichik ikki bolaning qo‘lidan ushlaganicha boshini baland ko‘tarib ketib borardi. Ularni ko‘rib bizdan so‘rashdi: «bu odam kim?». Men ko‘z yoshlarimni yashirish uchun yuzlarimni berkitdim».
Yanush Korchak bolalar bilan Treblinka lageridagi gaz kamerasida vafot etdi. U gaz kamerasida hech narsadan xabari yo‘q ikki nafar bolakayning qo‘llaridan ushlaganicha, ularga ertak aytib o‘tirardi...
Farzandlarim yosh paytida yozuvchining «Kak lyubit rebyonka» degan kitobini o‘qigan edim. Biografiyasida uning uylanmagani va farzandi yo‘qligi yozilgan. Bunga sabab uning otasi bir necha bor ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida davolangan. Yanush Korchak bu ruhiy xastalikning farzandlarida ham davom etishi mumkinligini istamagani uchun ham oila qurmaydi! Garchi yoshligida qizlarni juda ko‘p marta sevib qolgan bo‘lishiga qaramay, birorta ayolga sevgi izhor qilmaydi. Ammo umrini bolalarga bag‘ishlaydi. Ular bilan birga gaz kamerasida jon beradi.
100 nafar bolaning otasi
Vetnamda yashaydigan Tong Fuok Fuk ba’zi bag‘ritosh onalardan ko‘ra olijanob chiqib qoldi. U homilador xotinini tug‘ruqxonaga olib borganida qayg‘uli holatni kuzatadi. Jarrohlik xonasiga kirgan ayollar ko‘zida yosh bilan chaqaloqsiz chiqib kelardi. U ayollarning o‘z farzandidan qanday qilib shu taxlit voz kechishi mumkinligini va hatto insondek qabrga qo‘yishni ravo ko‘rmasligini tushunmaydi. Shunda garchi mablag‘i oshib-toshib ketmagan, o‘zi nochor ahvolda yashayotgan bo‘lsa-da, yig‘ib yurgan puliga Xot Tom tog‘idan yer sotib oladi va abort qilingan bolalarni o‘sha yerga ko‘madi.
U bu qabristonni ko‘rgan onalar balki fikridan qaytar, degan umidini so‘ndirmaydi. Dastlabki ikki yilda Tong 10 000 nafar homilani qabrga qo‘yadi. Tez orada bu ishi samara bera boshlaydi. Uning oldiga iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun bolasini o‘ldirmoqchi bo‘lgan birinchi ayol tashrif buyuradi va fikridan qaytadi, ya’ni Tong u tuqqach bolasini o‘ziga oladi, keyin boshqa ayollar ham ketma-ket Tongga murojaat qiladi.
Xullas, Tongning hozir 100 nafardan ziyod farzandi bor. Agar dunyoga kelgan bolaning onasi iqtisodi yoki vaziyat o‘nglangach olib ketaman deb kelsa, bolani berib yuboradi. Ona izlab kelmasa, go‘dakni o‘ziga farzandlikka rasmiylashtiradi. Tong Fuok Fuk «So‘nggi nafasimgacha bu ishimni davom ettiraman», deydi.
Maoshini o‘quvchilariga bo‘lib beradigan o‘qituvchi
Yaqinda dunyo bo‘ylab ajoyib xabar tarqaldi. «Minbar.uz» sayti bu haqda «Qanday qilib rohib dunyoning eng yaxshi muallimiga aylandi» sarlavhali kattagina maqola tayyorladi. Maqolada ta’kidlanishicha, BAAda topshirilgan «Global Teacher Prize» — «Varkey» xayriya jamg‘armasining yillik mukofotini (bir million dollar) bu yil dunyoning eng yaxshi muallimi sifatida Keniyadagi o‘rta maktabda dars beruvchi rohib Peter Tabichi qo‘lga kiritdi.
36 yoshdagi bu muallim Keniyaning Pvani qishlog‘idagi Keriko o‘rta maktabida ishlaydi. Maktabda har bir o‘qituvchi 60-70 nafardan o‘quvchini o‘qitadi. Bolalarning ko‘pchiligi maktabga bir necha kilometr masofadan piyoda qatnaydi. Peter har oy maoshining 80 foizini kambag‘al o‘quvchilar va qishloqdagi qashshoq oilalarga bo‘lib beradi.
Uning onasi yoshligida vafot etgan. Peterning otasi ham muallim bo‘lgan, u o‘g‘liga kamtar, xushchaqchaq, saxiy va taqvodor bo‘lishni o‘rgatgan.
12 yildan beri dars berib kelayotgan Tabichining tajribalari shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchi o‘quvchilarga faqat saboq berib qolmasdan, ularga maslahat berishi, yaqin do‘stga aylanishi, o‘zaro hurmat, birovga darddosh bo‘lish HISsini ham tarbiyalashi kerak ekan.
Maktabda, tasavvur qilayapsizmi, 4-8-sinf o‘quvchilari uchun bittagina kompyuter va birgina proyektor bo‘lib, muallim shundan unumli foydalanishga harakat qiladi.
«Global Teacher Prize»ning short-listiga kirgani ma’lum bo‘lgach, Tabichi agar million dollarni yutib olsa, uni ham o‘z maktabi va jamoasiga hadya qilishini aytadi: «Men pulni maktab kompyuter laboratoriyasini rivojlantirishga va internetga yaxshiroq ulanishiga tikaman. Pulning bir qismini iste’dodli, lekin muhtoj o‘quvchilarni qo‘llashga, qishloqda polizchilikni rivojlantirish va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni yetishtirishga sarflamoqchiman». Uning aytishicha, to‘rt nafar hamkasbi bilan birgalikda iqtisodi og‘ir bolalarga ham bepul saboq berisharkan.
O‘tgan yili ularning maktabi o‘quvchilari Keniya fan va texnika yarmarkasida mamlakat miqyosidagi musobaqada birinchi o‘rinni oldi. Matematika jamoasi esa Arizonada o‘tkaziladigan INTEL-2019 xalqaro ilmiy-texnik yarmarkasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi...
Biz unutayotgan tushunchalar
Bizning farzandlarimizga, o‘qituvchilarning o‘quvchilarga berayotgan ta’lim-tarbiyasida, avvalo, shaxsiy o‘rnak yetarli emas. Ya’ni, bolalarga yuqoridagi — Yanush Korchak, Peter Tabichi va Tong Fouk Fukdek olijanoblik, fidoyilikda o‘rnak ko‘rsatolmaymiz. Yoshlarga odob-axloqdan saboq beramiz: «O‘zingdan kattalarga joy ber», «qo‘ling ko‘ksingda salom ber», «o‘zingdan kattalarga gap qaytarma», deymizu, ammo olijanoblik, fidoyilik nima — hech tushuntirmaymiz. «Men farzandimga sen olijanob inson bo‘l, sen fidoyi bo‘l deb o‘rgataman» deya olasizmi?
Olijanoblik, fidoyilik, insoniylik nima degan savolni farzandlaringiz sizga berganmi? Shaxsiy hayotingizda mana shunday fazilatlar bilan ibrat bo‘la olganmisiz? Afsuski... Birovga zararingiz tegmayotgan, birovning dilini og‘ritmayotgan, halol va mehnatkash bo‘lishingiz mumkin, ammo insoniylik sifatlariga shularning o‘zi yetarlimi?
Menimcha, bu so‘zlar maktablarda ham hech qachon ishlatilmaydi. Ko‘proq mulozamatni o‘rgatamizu, insoniylik fazilatlari esdan chiqib ketadi. Maktabda o‘qituvchi bolani turtkilasa yoki tanbeh bersa, ko‘pincha «oyligi kam bo‘lgach uradi-da», «o‘qituvchilarga yaxshi oylik bersa o‘zlari uchun o‘qitadi», degan fikrlarga duch kelamiz. Umuman, har qanday sohadagi mas’uliyatsizlikni moddiylikka bog‘laymiz. Tarbiyalanmagan, sayqallanmagan FIDOYILIK, OLIJANOBLIK kabi insoniy fazilatlarni moddiylik niqobi bilan qachongacha bekitamiz?..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter