Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Amerikalik biznesmen: «UZCARD» orqali butun dunyodan xaridni amalga oshirish mumkin bo‘ladi»

Amerikalik biznesmen: «UZCARD» orqali butun dunyodan xaridni amalga oshirish mumkin bo‘ladi»

Foto: «Xabar.uz»

Elektron tijorat bo‘yicha ekspert, amerikalik biznesmen, «Openbucks» kompaniyasi asoschisi va prezidenti Mark Rochman biznes olamiga 16 yoshida kirib kelgan. Mark elektron to‘lovlar va plastik kartalar sanoati sohasida 19 yillik tajribaga ega.

U «Openbucks» kompaniyasiga 2010-yilda AQShdagi mashhur «Kremniy vodiysi»da asos solgan. Kompaniya  elektron tijorat sohasida innovatsion xizmatlar uchun dasturlar ishlab chiqaradi. Shuningdek, kompaniya internet to‘lovlari uchun ham maxsus tizimlar yaratadi. Bunda foydalanuvchining kredit kartochkasi uning internetdagi sahifasiga ulanadi hamda mahsulotlar uchun to‘lovlarni maxsus kodlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda BMTTDning «Ma’muriy islohotlar va raqamli transformatsiya» loyihasi doirasida Mark Rochman 8-16 mart kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Mutaxassis bir haftalik safari davomida turli vazirlik va idoralar, kompaniyalar, oliy ta’lim muassasalarida bo‘ldi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi rezidentlarining IT-xizmatlari eksporti jarayonlarini soddalashtirish, xorijiy investitsiya kompaniyalari va fondlarini hamkorlikka jalb etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Taniqli ekspert «Xabar.uz» uchun ham eksklyuziv intervyu berdi.

«Openbucks» kompaniyasi asoschisi va prezidenti Mark Rochman. Foto: «Xabar.uz»

— O‘zbekistonga xush kelibsiz, janob Rochman. Yurtimizga tashrifingiz qanday boshlandi va bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

— Rahmat. Dastlab, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov bilan uchrashdim. Bizning suhbatimiz juda foydali va samarali bo‘ldi. Unda O‘zbekistondagi mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida gaplashdik. Mamlakatingizda haqiqatda katta salohiyat mavjud. Bu salohiyatning asosiysi — yoshlar sonining ko‘pligi bo‘lsa, ikkinchisi — axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarning ulushi katta ekanligi.

Hukumat tomonidan yoshlarning ushbu qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish uchun axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan bir qator oliy ta’lim muassasalari ochilgan. Xususan, Toshkent shahridagi INHA universiteti tashkil qilingan va u yerda axborot texnologiyalarining zamonaviy tendensiyalarini o‘rganish va yaxshi mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Bunga ushbu universitetga borganimda guvoh bo‘ldim.

Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonning shunday iqtidorli yoshlari, malakali mutaxassislari uchun axborot texnologiyalari sohasidagi dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishiga yo‘l ochish, xususan, AQShdagi AT-kompaniyalari bilan aloqalarini shakllantirishga yordam berishdan iborat.

— «Openbucks» kompaniyasi elektron to‘lovlar tizimida katta tajribaga ega. O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

— Biz «Aloqabank» va «UZCARD» to‘lov tizimi rahbarlari bilan uchrashdik va ular bilan suhbatimiz davomida hozirda O‘zbekistonda elektron to‘lov tizimlari qay darajada rivojlanayotgani haqida ma’lumotlar oldik. Kelajakda bu yo‘nalish juda katta tezlik bilan oldinga siljishi kerakligiga ishonch hosil qildik. Yaqin vaqtlarda «Visa» hamda «Mastercard» kabi xalqaro to‘lov tizimlari ham o‘zlarining to‘liq imkoniyatlari bilan O‘zbekiston bozoriga kirib keladi, degan umiddamiz.

Bizda, Amerikada xalqaro miqyosda elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradigan «PayPal» kompaniyasi bor, xuddi shunga o‘xshagan O‘zbekistondagi kompaniyalar vakillari bilan ko‘rishdik. Ularning hammasida istiqbolli rejalar bor. Yaqinda Markaziy bank vakillari bilan ham uchrashib, bu yo‘nalishda suhbatlashamiz. Elektron to‘lovlarni amalga oshirish texnologiyasini rivojlantirish, yirik xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekistonda joriy qilish masalasida qo‘limizdan kelganicha ko‘mak berishga tayyormiz.

Kelajakda xalqaro to‘lov tizimlari kiritilganidan so‘ng, elektron tijoratni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun biz o‘zimizning platformamizni taqdim etishimiz mumkin. Bu platformada to‘lovlarni «UZCARD» kartalari orqali amalga oshirishni joriy qilamiz. Bu tizim nafaqat O‘zbekiston fuqarolariga internet orqali dunyoning turli onlayn do‘konlaridan mahsulotlar xarid qilish, xizmatlardan foydalanishi uchun, shu bilan birga, kelajakda turistlar O‘zbekistonga kelganlarida o‘zlarining shaxsiy kartochkalari orqali bu yerda istalgan do‘kondan narsa sotib olishi yoki xizmatlar haqini to‘lashlari uchun xizmat qiladi.

— Tahlil qilib ko‘rildimi, bu rejalarni amalga oshirishda qanday muammolar yoki to‘siqlar yuzaga kelishi mumkin?

— Avvalambor, O‘zbekistondagi mavjud sharoitlar va muammolarning boshqa mamlakatlardagidan unchalik katta tafovuti yo‘q. Aksincha, mamlakatingizda ajoyib imkoniyatlar bor. Masalan, elektron tijorat tizimini yoki internet bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lov tizimlarini joriy etish uchun G‘arb mamlakatlarida katta to‘siqlar bor. Chunki u yerda kredit kartochkalari tizimlari ancha rivojlanib ketgan va bu narsa o‘rnashib qolgan.

O‘zbekistonda esa xuddi oppoq qog‘ozga yozgandek, yangi texnologiyalarni joriy qilish va uni yo‘naltirish imkoni mavjud. Shuning uchun mamlakatda katta salohiyat bor deb o‘ylayman. Bu o‘zgarishlarni yanayam tezroq amalga oshirish uchun katta tajribaga ega «Mastercard», «American Express» kabi xalqaro kompaniyalarni jalb qilish kerak. Albatta, bunday yirik tashkilotlar O‘zbekistonga kichik bozor deb qarashi mumkin, lekin aholi soniga va ularning asosiy qismi yoshlardan iborat ekaniga qaraydigan bo‘lsak, bu mamlakatda elektron tijorat tizimi tez orada rivojlanishidan dalolat beradi.

Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib boradigan tadbirkorlar bilan uchrashganimizda, ular aniq strategiyalarga ega ekaniga ishonchimiz komil bo‘ldi va bu tez orada o‘z natijasini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Foto: «Xabar.uz»

— Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi tajribasiga qanday baho berasiz?

— Avvalambor, Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi kabi tajribalarni boshqa mamlakatlarda borib ko‘rmaganman. Lekin, o‘z tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bizning «Openbucks» kompaniyamiz AQShdagi mashhur «Kremniy vodiysi»da tashkil etilgan va Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi tutadigan yondashuvlarda xuddi «Kremniy vodiysi» tutgan yo‘lga o‘xshashliklar juda ko‘pligini ko‘rdim. Bu, quvonarli albatta.

Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi yangi kompaniyalarni tashkil etishda va ular faoliyatini jadallashtirishda kompaniyalar va ularning xodimlariga soliq imtiyozlari, logistika, ishlash joyi va infratuzilma nuqtai nazaridan qulay sharoitlar yaratilishi maqsad qilingan ekan ushbu markazda. Bu juda to‘g‘ri yo‘l. Chunki bunday yondashuv orqali yuqori natijalarga erishsa bo‘ladi.

Xuddi «Kremniy vodiysi»da o‘sha hududga borib ishlash shart bo‘lmagani kabi, bu yerda ham shunday tajriba qo‘llanilgan. Innovatsiya markazining g‘oyasi uning bir hududdaligida emas, mutaxassislar dunyoqarashida, ishga bo‘lgan munosabatida shakllangan bo‘lishi kerak. Va albatta, ularga sharoit yaratib beradigan hukumat yoki yirik kompaniyalar yondashuvida ham shu narsa aks etgan bo‘lishi lozim. Shundagina bu kutilgan natijalarni beradi.

Hozir bu borada jiddiy ishlanayotgani guvohi bo‘lib turibman. Buning natijasi sifatida, mana, mening o‘zim ham o‘sha «Kremniy vodiysi»dan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bu yerga kelib turibman. Bunday hamkorlikni kelajakda ham davom ettirishga tayyorman, AQShning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish niyatidaman.

— «Openbucks» kompaniyasi O‘zbekistonda vakolatxona yoki ofis ochishni rejalashtirganmi?

— Bevosita bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Aynan elektron to‘lovlar bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, biz Amerikadan o‘z xodimlarimizni olib kelib yangidan nimalarnidir ixtiro qilishimizga hecham hojat yo‘q. Chunki O‘zbekistonda tadbirkorlar bu yo‘nalishga e’tibor qaratib, yetarli malaka to‘plashgan. Tizimning turli yo‘nalishlarini joriy qilish bo‘yicha salmoqli ishlarni bajarishgan. Shu sabab bu yo‘nalishdagi ishlarimizni ular bilan hamkorlikda amalga oshirishga qaror qilyapmiz.

Kelajakda boshqa yo‘nalishlar, xususan, dasturiy mahsulotlar yaratishda bu yerdagi yosh mutaxassislar bilan ish olib boramiz. Balki O‘zbekistonda o‘zimizning kichik ofisimizni ocharmiz yoki tadqiqot va rivojlanishga oid markazimizni tashkil qilishimiz mumkin. Biroq hali bu borada qat’iy bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Shunga qaramasdan, bir qator aniq xulosalarimiz bor.

Umuman olganda, hozirgi AT-texnologiyalar rivojlangan sharoitda mutaxassislarni bir joyga to‘plab ishlatish shart emas. Masofadan turib ham bemalol vazifalarni bajarish mumkin.

— 2017-yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan davlat tashrifi vaqtida Toshkent shahridagi INHA universiteti va AQShning «Openbucks» korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

—  Ha, kompaniyamiz Toshkent shahridagi INHA universiteti bilan avvalroq hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, tomonlarning «Silicon Valley Talks» (Kremniy vodiysi suhbatlari) qo‘shma loyihasi bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Unga ko‘ra, har oyda yoki har chorakda «Kremniy vodiysi»da joylashgan nomdor AT-kompaniyalarining tajribali mutaxassislari INHA universitetiga olib kelinib, talabalar bilan suhbatlar, ma’ruzalar tashkil qilinadi.

Kelgan mutaxassislar o‘zlari olib borayotgan eng so‘nggi tadqiqotlari, tajribalari, tavsiyalari bilan o‘rtoqlashishadi.

Shuningdek, ayrim yechimini kutayotgan topshiriqlar asosida talabalar o‘rtasida tanlovlar tashkil qilishimiz mumkin. Xullas, universitet bilan shu kabi bir qator qiziqarli loyihalarni amalga oshiramiz.

— O‘zbekistonga tashrif sizda qanday taassurot qoldirdi?

— Albatta, bir qator foydali kelishuvlarga erishdik. Ajoyib mutaxassislar bilan tanishdim, hamkorlar orttirdim, iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashdim. Bundan tashqari, O‘zbekistonning turizm salohiyati ham katta ekaniga guvoh bo‘ldim. O‘zim tashrif davomida qisqa muddat Samarqandda bo‘ldim va bu tarixiy shahar menda juda katta taassurot qoldirdi. Kelgusida faqat sayyoh sifatida O‘zbekistonga kelishni va boshqa tarixiy shaharlarini ham ko‘zdan kechirishni maqsad qilib qo‘ydim.

— «Xabar» nashri uchun maxsus intervyu berishga rozilik berganingiz uchun tashakkur bildiramiz va ko‘psonli o‘quvchilarimiz nomidan faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

— Rahmat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring