Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«Biz hali yerni chopmasdan turib, unga urug‘ ekishga harakat qilyapmiz» – mutaxassis

Har bir davrda ta’lim olish juda dolzarb masala bo‘lib kelgan. Chunki ta’lim mamlakat taraqqiyoti uchun ulkan hissa qo‘shuvchi manba hisoblanadi. Aslida ta’lim o‘zi ichiga qanday maqsadlarni qamrab olgan bo‘lishi kerak? Ta’lim mafkura bilan birgalikda olib borilishi kerakmi?

«Xabar.uz» uzoq yillardan beri ta’lim tizimidan ishlab kelayotgan siyosatshunos Xayrullo Umarov bilan ta’lim mavzusida suhbat qildi.

– O‘zbekistonda ta’lim tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganmi? Tizimdagi xato va kamchiliklar nimalardan iborat?

– Insonlarda hayvonlardan farqli ravishda ong bor. Inson tarix mobaynida o‘zi egallagan bilimlarni keyingi avlodga qoldirishga harakat qiladi. Inson bu hayotga nima uchun kelganini har doim mushohada qilib boradi. Mana shu narsa insonga ta’limni zaruratini yuzaga keltiradi. Dastlab, xalqlar o‘z ko‘rgan-kechirganlarini g‘or devorlariga chizishga bo‘lsa, keyinchalik, kitob yozish orqali kelajakka ma’lumot qoldirishgan.

Siyosatshunoslik fanida siyosatga 200 dan ortiq ta’riflar mavjud. Shulardan biri: «siyosat – bu millatlar va xalqlarning yashash uchun aqliy kurashi». Hayvonot olamida ham yashash uchun kurash kechadi. Ularda asosan kurash fiziologik bo‘ladi. Misol uchun, sher kiyikni ovlaydi. Bu yashash uchun kurash. Bu yerda kim g‘alaba qozonadi? Qaysiki organizm jismonan kuchli bo‘lsa, u hayot sahnasida qoladi. Ikkinchisi o‘limga mahkum. Uchinchi yo‘l yo‘q!

Insonlar ham bu hayotda kurash olib boradi. Mana shu kurashda biz millatni, jamiyatni birlashtirishimiz kerak. Va shuning uchun millatni rivojlanishi uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratishimiz zarur. Shu bois har bir davrda kadrlar tayyorlash dolzarb masala bo‘lib kelgan. Hatto, qadimgi Misr papiruslarida ham yoshlarga ilm berilishi yozilgan.

Islom, nasroniy va yahudiy dinlarida insonni yagona zot yaratgani ta’kidlanadi. Insonlar ayni ong uchun yaratilgan. Farishtalar Allohga «odamni yaratma, mana biz bormiz, biz senga ibodat qilamiz», degan. Shunda Alloh «men bilgan narsani sizlar bilmaysizlar» deb javob bergan.

Farishtalar ilmni biz odamlarga o‘xshab o‘qib olmaydi. Alloh odamni yaratdi va unga o‘rganishni farz qildi. Natijada ilm paydo bo‘ldi. Ilmni ta’lim orqali olinadi. Ilmni esa muallim beradi. Muallim bergan narsa esa bilim bo‘ladi. Inson barcha bilimlari olganidan keyin ma’lum bo‘ladi. Ma’lum bo‘lgan inson esa olim bo‘ladi. Olim va olam arab tilida bir xil yoziladi. Demakki, insonning asosiy vazifasi ilm olish. Shu jihatdan ta’lim olish zarurati bor.

Ta’limning ham davlat darajasida o‘ziga xos darajalari mavjud. Birinchi bosqich – maktabgacha ta’lim. Ya’ni, inson dunyoga keladi va atrofdagi bilimlarni o‘rganishni boshlaydi. Ikkinchi bosqich – bu o‘rta ta’lim. Bundan insonga qisqa tarzda, zaruriy bilimlar o‘rgatiladi. Uchinchi bosqich – bu oliy ta’lim. Bu bosqichda muayyan bir soha bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlanadi. To‘rtinchi bosqich – bu kadrlar malakasini oshirish hisoblanadi. Bu oliy ta’limdan keyingi ta’lim hisoblanadi. Bizdagi ta’lim har doim mana shu to‘rtta davrni o‘z ichiga qamrab olishi kerak.

– O‘zbekistonda ta’lim tizimida muammolar nimada?

– Bizning asosiy maqsadimiz – xalqimizni ilmiy jihatdan yuksaltirish bo‘lishi kerak. Mustaqillikning dastlabki yillarida bir qator hujjatlar qabul qilingan. Bularning asosiy maqsad-vazifasi aslida jamiyatning bilim saviyasini oshirishga qaratilgan. Ta’lim birinchi navbatda milliy manfaatlarni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Milliy manfaat o‘zi nima? Milliy manfaat uchta tarkibiy qismidan iborat. Birinchi – fundamental asosi. Ikkinchisi – siyosiy asosi. Uchinchisi – shakliy asosi.

Shakliy asosga davlat bayrog‘i. gerbi, madhiyasi kiradi. Ta’limni har qanday bosqichida bazaviy milliy qadriyatlar yosh avlodga singdirib borilishi kerak. Afsuski, bizda oxirgi vaqtlarda odamlar diplom uchun o‘qishmoqda. Azaldan xalqimiz bolam ilmli bo‘lsin, deb harakat qilgan. Lekin birmuncha vaqt o‘tib, odamlarimizdagi bu qarash «bolam diplomli bo‘lsin», degan fikrga o‘zgarib qoldi. Ya’ni, odamlarimizdagi tafakkur 60 yil ichida mutlaqo o‘zgarib ketdi. Ilgari odamlar oliy ma’lumotga ega bo‘lmasa-da, dunyoqarashi ancha keng bo‘lgan. Chunki ularga o‘qishni, ilm olishni va metodikani o‘rgatishgan. Hozir aksar odamlar nima uchun o‘qiyotganini bilmaydi.

Keling, ta’limni bazaviy asoslariga to‘xtalsak. Bog‘chalarga e’tibor bersak, bolalar o‘ynaydigan joyga turli rasmlar chizib qo‘yilgan. Rasmlar orasida «Shrek», «Masha va Medved» va «Tom and Jorry»??? kabi multfilm qahramonlari bor-ku, lekin o‘zbek milliy qahramonlari yo‘q! Ya’ni, bu yerda biz yosh bolaning ongiga milliy qadriyatlarni emas, balki boshqa qadriyatlarni singdiryapmiz.

Boshqa tomondan, bolalar uchun chiqayotgan asosiy adabiyotlar xorijniki. Bularning ichida bizni milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan joylari ham bor. Ko‘rilayotgan badiiy film va multfilmlarga e’tibor bering. O‘zbek milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi multfilm yoki badiiy filmlar juda kam. O‘rta yoshdagi bolalar tomosha qilayotgan badiiy filmlarda asosan jang sahnalari, qorong‘ilik tasvirlangan. Bu yoshlarning ongiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Biz esa hali yerni chopmasdan turib, unga urug‘ ekishga harakat qilamiz. Bunday sharoitda ba’zi joylarda urug‘ unib chiqishi mumkin, lekin ko‘p joyda urug‘ unmaydi.

Ta’lim bilan jiddiy bog‘liq narsa – bu metodika hisoblanadi. Afsuski, biz metodikani yo‘qotib bo‘ldik. Yaqin-yaqingacha oliy ta’lim, maktab ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimida metodik markazlar bo‘lar edi. Hozir 2-sinfda o‘quvchilarga ingliz tilidan dars kiritilgan. Unda o‘quvchilarga ingliz tilida sifat darajalari haqida dars beriladi. Biroq ona tili fanida o‘quvchi bu mavzuni 4 sinfda o‘tadi. Mana sizga mantiqsizlik...

Yoki bo‘lmasa, chiziqli tenglamalar mavzusi geometriya fanidan 7-sinfda o‘tiladi. Algebra fanida esa bu mavzu 8-sinfda o‘tiladi. Bunga o‘xshash kamchilik tarix darsliklarida ham mavjud. Masalan, bir kuni o‘g‘limdan bugun maktabda tarix fanidan qaysi mavzuda dars o‘tilganini so‘radim. O‘g‘lim menga tarix fanidan Rossiya hududini mo‘g‘ullar tomonidan bosib olinish mavzusi o‘tilganini aytdi. Undan Chingizxon kim ekanligini so‘radim. Biroq o‘g‘lim Chingizxon tarixda qanday shaxs bo‘lganini bilmadi. Uni yaxshi o‘qimayotgani uchun biroz koyidim. Keyinchalik bilsam, Chingizxon mavzusi 2 ta darsdan keyin o‘tilar ekan. Bu metodik xatolar hisoblanadi.

Ta’lim qaysidir ma’noda milliy qadriyatlarni singdirishi kerak. Masalan, Sovet ittifoqi davrida Leninning dohiyligini maktab darsliklar orqali yoshlar ongiga singdirilgan. Bugun bizda qanday mafkura bor? Yoshlarga nimalarni o‘rgatyapmiz?

Yosh yigitlar juda g‘ayrat va shijoatga to‘la bo‘ladi. Ko‘plab mamlakatlarda jismoniy tarbiyaga juda katta e’tibor beriladi. Sovet ittifoqida ham shunday bo‘lgan. Bugun esa bizda yoshlar ko‘proq uyali aloqa vositalariga bog‘lanib qolib, jismoniy mashqlar qilishni biroz esdan chiqarib qo‘yishmoqda. Natijada bugun yosh bolalar orasida pichoqlashish holatlari urchib ketdi. Buning boisi, bolaning ichidagi ichki energiya chiqib ketmaganida. Oldinlari bolalarga og‘ir jismoniy mashqlar bajartirishar edi. Bugun maktablarda jismoniy tarbiya bor, lekin ular qanchalik samarali? Ko‘ryapsizmi, ta’lim o‘z ichiga bir nechta strategik maqsadlarni qamrab olgan bo‘lishi zarur.

Bir nechta mutaxassislar bilan suhbatlashganimda, ular kollej va litseylarning yopilishiga sabab qilib, o‘quvchilar orasida pichoqlashishni avj olganini ko‘rsatishdi. Hozir maktab ta’limini 11 yillik tizimga o‘tkazdik. Nima bugun maktablarda pichoqlashishlar yo‘qmi? U tizimda ham pichoqlashishlar bor. AQSh ta’lim tizimida skaut jamoalari bor. Sovet ittifoqi davrida pionerlar bo‘lardi. Ular badanni chiniqtiruvchi, jismonan baquvvat qiluvchi mashqlarni bajarar edi. Bu orqali bolalarda vatanparvarlik hisi shakllantiriladi. Bugun bizda bunday tizim mavjud emas.

Men eslayman, yoshligimizda musiqa maktablariga qatnar edik. Men rubob chalishni o‘rganganman. Hozir viloyatlardagi madaniyat markazlari yopilib ketgan. Bor madaniyat saroylari buzilib, o‘rniga binolar qurilmoqda. Hozir bo‘lsa, barcha to‘garaklarni maktabdagi o‘qituvchining zimmasiga yuklab qo‘yishgan. O‘qituvchi bechora o‘zi maktabda 8 soat dars bersa, yana unga to‘garak tashkil qilishni yuklab qo‘yishgan. Buni ustiga bolalar maktabdan tezroq ketishni o‘ylaydi, biz ularni yana maktabga borishga majbur qilamiz.

Bolalarni qiziqtirish o‘ziga xos bir uslubda olib borilishi kerak. Badiiy adabiyot yoki multfilmlar orqali bolaning ongiga dars qilish singdirilishi lozim. Masalan, sovet davrida shunday multfilmlar ko‘p edi. O‘zim yoshligimda «Ikkichilar oroli» kitobini sevib o‘qiganman. Afsuski, bugun bizda bunday adabiyot yoki multfilmlar yo‘q.

–  Mana shu xatolarni tuzatishga ham e’tibor berilyaptimi?

– Davlat darajasida turli qarorlar chiqmoqda. Ammo bizda metodik ishlanmalar yetishmayapti.

– Davlat rahbari yil boshida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida, ta’lim tizimida Finlyandiya modeliga o‘tishni aytib o‘tdi. Nima deb o‘ylaysiz, Finlyandiya modeli bizga qanchalik mos? Bu model bizda qanchalik samara berishi mumkin?

– Finlyandiya ta’lim tizimi – bu Britaniya ta’lim tizimi hisoblanadi. Ularda davlat maktablari bor va o‘qituvchi o‘quvchilarga dars o‘tib, uyga vazifa berib chiqib ketadi. Ko‘plab xorijiy davlatlarda bo‘lganman, ularda bizga o‘xshab fanlarni chuqur o‘rgatilmaydi. Xorijiy maktablarda biron fan haqida tushuncha beriladi.

Germaniyada bo‘lgan vaqtimda, u yerdagi o‘qituvchilar nima uchun pora olmasligiga qizib qoldim. Aniqlashtirsam, korrupsiyaga qo‘l urgan o‘qituvchi tibbiy sug‘urtadan mahrum qilinar ekan. Ya’ni, ularda tiyib turuvchi richaglar mavjud.

Bizda o‘qituvchi qaysidir darajani olishi uchun xorijdagi konferensiyalarda maqola chiqarishi kerak. Ammo respublika darajasida maqola chiqarsangiz o‘tmaydi. Qarang, vatanim uchun maqola chiqarsam o‘tmaydi, lekin kimgadir g‘oya berib, xorijda maqola chiqarsam o‘tadi. Mantiq…

– O‘zbekistonda ta’lim sifatini yaxshilash uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerak deb o‘ylaysiz?

– Ta’lim sifatini qanday oshirsa bo‘ladi? Men o‘qigan vaqtda talaba yaxshi o‘qimasa, talabalik safidan chiqarilar edi. Hozir oliy ta’lim muassasalari 100 ta o‘quvchi qabul qilgan bo‘lsa, 100 ta mutaxassis yetishtirib chiqarishi kerak. O‘qituvchi talabaning bahosini qo‘yib bermasa, rahbarlar aralashishni boshlaydi. Natijada yaxshi o‘qimagan talaba bir amallab 3 baho olib institutni bitirib oladi.

Xorijiy davlatlarda holat qanday? U yerda oliy ta’lim maskanlari 3000 ta o‘quvchini qabul qilsa, oxirida 200 ta bola o‘qishni yakunlaydi. Amerika va Yevropada birinchi kursning o‘zida 20-30 foiz talaba o‘qishdan haydaladi. Talabaning sharoiti ularni qiziqtirmaydi. Menimcha, bizda diplom olishni darajalash kerak. Talaba oliy ta’limni bitirgach, uni ish bilan ta’minlash masalasi bor. Agar talaba o‘qimasa uni qanday qilib ish bilan ta’minlaymiz? Mana hozir Ippodrom bozoridagi odamlarning ko‘pida diplom bor. Yomon o‘qigandan keyin diplomni qanday kuchi bo‘lsin?

Ayrimlar talabalik safidan chiqarishni joriy qilsak, talabalar orasida o‘z joniga suiqasd qilish ko‘payib ketadi, deb fikr bildirmoqda.

Nima bo‘lganda ham davlat o‘qimoqchi bo‘lgan insonlarga va fanni rivojlantirishga hissa qo‘shishi kerak.

Suhbatlashdi Sardor Ali

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring