Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Erdo‘g‘an va Putin nimalarni kelishib oldi?

Erdo‘g‘an va Putin nimalarni kelishib oldi?

Uzoq davom etgan tortushuvlardan so‘ng, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgani Sochiga keldi.

Ikki lider bundan salkam bir yil oldin, aniqrog‘i, 2022 yilning oktyabr oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida uchrashgan edi.

G‘arb ommaviy axborot vositalaridan tortib, rus va turk mediasi ushbu uchrashuvga e’tibor qaratdi. Yirik geosiyosiy o‘yinchilar ham muzokaralar kechayotgan xona devorlariga quloq tutishgan bo‘lishsa, ajab emas!

Xo‘sh, Erdo‘g‘on nima uchun Putinning huzuriga keldi? Ular nimalarni muhokama qilgan mumkin?

Erdo‘g‘andan arazlagan Putin

Iyul oyigacha rasmiy Moskva va Anqara munosabatlari ancha iliq edi. Ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvi haqida ilk ma’lumotlar sizdirilganida, Putin Erdo‘g‘on bilan ko‘rishish uchun Istanbulga borishi aytildi. Biroq Turkiyaning kutilmagan siyosiy qarorlari Kremlni yaxshigina ranjitdi.

11-12 iyul kunlari Litvada bo‘lib o‘tgan NATO‘ga a’zo davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida, Turkiya Shvetsiya va Ukrainaning Alyans tarkibiga qo‘shilishiga xayrxohlik bildirdi.

«Sizdan ugina, bizdan bugina» deganlaridek, buning uchun G‘arb Turkiyaga yaxshigina hadyalar tuhfa etdi. Bir so‘z bilan aytganda, Yevropa eshiklari Turkiya uchun lang ochildi.

NATO‘ni o‘ziga dushman deb hisoblovchi Putin, Turkiyaga borishdan bosh tortdi. Bundan tashqari, Rossiya iyul oyida don kelishuvidan chiqqanini e’lon qildi.

Erdo‘g‘on nega Sochiga bordi?

Rossiya Turkiyadan arazlagan bo‘lsa-da, turk diplomatiyasi Kreml bilan munosabatlarni o‘zgartirmadi, aksincha, ruslar bilan salom-alikni quyuq qildi. Sababi, Turkiya G‘arb mintaqasi bilan Sharqni bog‘lovchi ko‘prik. Bundan tashqari, yaqinda Turkiya va Yevropa o‘rtasidagi bojxona cheklovlari olib tashlandi. Bu har ikki davlat uchun savdo-sotiqda ko‘plab imkoniyatlar taqdim etishi mumkin.

Turkiya Ukraina portlarida bo‘lib turgan don mahsulotlarini o‘rtada vositachilik qilib, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlariga yetkazib berishni ko‘zlagan. Bundan tashqari, Rossiya gazini Turkiya hududi orqali Yevropaga tashish masalasi ham bor.

Uchrashuvda yana bir muhokama etiladigan masala – Janubiy Kavkaz. Chunki so‘ngi vaqtlardagi mintaqada ro‘y berayotgan voqeliklar shundan darak bermoqda. Misol uchun, kuni kecha Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Turkiya rahbari bilan o‘zaro ko‘rishib oldi.

«Россиянинг кетаётгани»ни айтган Пашинян Туркия билан алоқани яхшиламоқчи

Ayrim siyosatchilar ushbu uchrashuvga e’tibor qaratib, Erdo‘g‘onning Sochiga tashrif buyurishiga bog‘ladi. Ularning fikricha, Rossiya o‘z mahsulotlarini Armaniston orqali Turkiyaga sotmoqchi. Chunki Yevropa sanksiyalari tufayli Turkiya Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qila olmaydi. Turkiya esa Rossiyadan olgan mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqmoqchi. Ko‘rishimiz mumkin-ki, bu yerda Rossiyaning ham, Turkiyaning ham iqtisodiy manfaatlari mushtarak.

Xulosa qilib aytganda, geosiyosiy vaziyat ancha taranglashib qolgan bir pallada Erdo‘g‘on Rossiyaga bekorga kelmadi. Bugun Ukrainadagi urush sababli G‘arb davlatlari Rossiyaning tabiiy gazidan mosuvo bo‘lgan. Ayrim G‘arb mamlakatlari Rossiya bilan aloqalarni butunlay uzib tashlashdan manfaatdor emas. Chunki qish yaqin va Yevropada ro‘y berayotgan tabiiy ofatlar iqtisodiyotga yaxshigina zarba bermoqda. Buni bilgan Turkiya otni o‘z vaqtida qamchilab qolish payida.       

Sardor Ali

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring