Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

G‘aroyib sayohat: tabiat va tarix tilsimlari izidan (foto)

G‘aroyib sayohat: tabiat va tarix tilsimlari izidan (foto)

Muallif olgan suratlar

Har gal «Taxti Qoracha» dovonidan o‘tarkanman, g‘ayrioddiy bu go‘sha meni o‘ziga tortadi. Omonqo‘ton — musaffo havosi, totli suvi, so‘lim tabiati betakror makon. Bundan tashqari, u yerdagi har bir toshda o‘tmishning jonli sadosi bor.

Bunda bir paytlar Aleksandr Makedonskiyning askarlari nafas rostlagan, Amir Temurning zafarli qadamlari toshlar yuzida muhrlanib qolgan. Vaqt hazmidan xoli bu voqeiyliklar — go‘yo dovon sahnida mangu saqlanib qolgandek. Xullas, sirli g‘or, daxlsiz bokira tabiat manzaralari va boshqa ajoyibotlarni tomosha qilish bahona qog‘ozga tushirish uchun yana shu maskanga oshiqdim.

Sayohatni boshlashdan oldin «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘i mutasaddilariga murojaat qildim. Samimiy qarshi olishdi, yo‘lboshchilik qilishga rozi bo‘lishdi. Idora yonida — yelkamda maxsus sumka, sport kiyimida, xuddiki butun tog‘ni piyoda zabt etish niyatida turardim. Milliy bog‘ direktori Azamat Amrullayev bu shijoatimga kulimsirab nazar tashladi-da: «Bu yerlarni piyoda aylanish oson emas, hududimiz qariyb 1,5 ming gektar. Siz ko‘rmoqchi bo‘lgan manzillar qalin o‘rmonlar va toshli soylar ortida yashiringan» deb, meni maxsus mashinasiga taklif etdi.

Bokira tabiat bag‘rida

Qudratli mashina notekis, ikki tomoni jarlikdan iborat tosh yo‘llardan shiddat bilan olg‘a harakatlanadi. Xarsanglar ustidan o‘tayotganimizda mashina chayqalib-chayqalib, muvozanatini yo‘qotayotgandek bo‘ladi. Yonimdagi tutqichni changallab, yurak yutib atrofni kuzataman. «Piyoda ketsakmikan, biror jarlikka ag‘darilib ketmaylik-da ishqilib», degan o‘y xayolimdan o‘tadi...

Nihoyat keng va tekisroq yo‘lga chiqib oldik. Yo‘ldoshim shu zahotiyoq qiziqarli suhbatni boshlab yubordi: «Bu manzil avvaldan ham jozibali bo‘lib kelgan, bu yerda Aleksandr Makedonskiy askarlari bilan to‘xtagan. Bu tabiatga Amir Temur mahliyo bo‘lgan. Shu qatorda Chor Rossiyasi qo‘shinining yuqori mansabli vakili — general-gubernator Nikolay Ivanovich Korolkov 1878-yilda kelib, tog‘lar bag‘ridagi so‘lim manzaraga maftun bo‘lib qoladi. «Bu joy kelajakdagi zo‘r dam olish joyi va obod maskan bo‘ladi» deb, askarlarni va mahalliy aholi vakillarini jalb qilib, 1 mln 300 ming tup daraxt nihollarini ektiradi. Shu zaylda bu yerda betakror tabiiy muhit yaratilib, katta o‘rmon barpo etilgan. Mana o‘sha paytda ekilgan ba’zi daraxtlarni o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz».

Ha, biz ko‘rib turgan tarovatli «Qrim sosnasi» Markaziy Osiyo bo‘yicha ilk bor shu yerda ekilib, tajribadan o‘tgandan keyin boshqa hududlarga tarqatilgan ekan. Yo‘l-yo‘lakay musaffo havosi bilan hushni oladigan, qaraganda do‘ppingiz tushib ketadigan darajada baland, yam-yashil qarag‘ayzor bag‘riga yetib keldik. Bu yerda ko‘kka bo‘y cho‘zgan yashil qarag‘aylar chayqalib, xushbo‘y ifori bilan atrofga jon baxsh etib turibdi.

«Men sizga aytgan, bir paytlar ekilgan Qrim qarag‘aylari aynan mana shular, — deydi Azamat aka g‘urur bilan. — Bularning har biri 147 yildan beri bu zaminga musaffo nafasini taratib turibdi. Qrim qarag‘aylari — nafaqat chiroyli, balki kislorodga boy hayotbaxsh daraxtlar hamdir».

Shundan so‘ng ilon izi yo‘ldan yurib borib, birdan toshli eski yo‘lga chiqib qoldik. Bu «Taxti Qoracha» dovonining eski yo‘li ekan. O‘tmishda hayot qaynagan, hozir sukutga cho‘mgan bu yo‘l 1970-yilgacha serqatnov bo‘lgan. Yo‘l qadimgi bo‘lsa-da, toshlar tekis terilgan, ayniqsa, chetidagi xavfsizlikni ta’minlovchi to‘siqlari sementsiz bo‘lsa-da, juda mustahkam o‘rnashib turibdi. Vaqtida ot-arava, keyinchalik ilk avtoulovlarning uzog‘ini yaqin qilgan bu yo‘l endi shunchaki olis o‘tmishdan sado berib turibdi.

Sal nariroqda rosa pishgan yovvoyi olchalarning gilamdek to‘kilganiga ko‘zim tushdi. — Nega bo‘larni terib olmaysizlar, rosa to‘kilibdi-ku? — savol beraman hamrohimga.

Ma’lum bo‘lishicha Milliy bog‘ hududidagi barcha meva va rezavorlar shu yerda yashovchi hayvon va qushlarning rizqi ekan. Bu yerdan hech narsa olinmas ekan.

— Aksincha, — deyishdi bog‘ xodimlari, — biz qish kunlari qushlarga don, hayvonlarga yem, ozuqa qo‘yib ketamiz.

Chindan ham, milliy bog‘ hududidagi ko‘plab daraxtlarda qushlarga mo‘’jaz inlar qurilganini ko‘rdim. Ularning bu saxovatiga javobanmi, qushlar ham borini berib sayrar, bu ohanglar, qarag‘ay va boshqa o‘simliklardan taralayotgan yoqimli ifor bilan qo‘shilib, o‘zgacha shukuh bag‘ishlardi. Ertaklaridagidek bu manzildan hech ketgim kelmasdi.

Qadim sirlar maskani

«Endi milliy bog‘imizdagi asosiy manzilga boramiz, «Omonqo‘ton g‘origa», dedi aka xayolotimga chek qo‘yib.

G‘orlar... Yoshligimizda eshitgan va o‘qigan ertaklarimizda g‘orlar bizga allaqanday maxluqlar makon qurgan, hisobsiz xazina-dafinalar yashirilgan, sirli, tilsimli, ajoyib bir dunyodek tuyulgan. Chindan ham g‘orlar — sukunat va zulmat hukm surgan, hali qanchadan-qancha sirlarni bag‘rida pinhon saqlayotgan ajoyib bir dunyo. Xayolga tolaman yo‘l-yo‘lakay.

«Omonqo‘ton g‘ori» milliy tabiat bog‘i hududida joylashgan. Uni 1947-yilda Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi professori David Lev aniqlagan va qazishma ishlarini olib borgan. Arxeologik qazishma va tadqiqotlar natijasida g‘orda o‘rta paleolit davriga oid odamlar, turli jonzot va hayvonlarning 16 ming dona suyaklari, gulxan, o‘choqlar, ov va ish qurollari topilgan. Ungacha bu joyda g‘or bor-yo‘qligini mahalliy aholi bilmagan.

G‘orga yaqinlashib, ichkariga shoshib ildamlayotgan edim, shoshmang, deya sherigim ogohlantirdi. Birdan to‘xtab, savol nazari bilan hamrohimga qaradim.

—Ichkarida biror jonzot yo zaharli ilonlar bo‘lishi mumkin. Shoshmay, ehtiyotkorlik bilan kiramiz, — dedi u.

Ilk daqiqalarda ko‘zimiz zulmatga o‘rganmasdan turib, harakatimiz ancha ehtiyotkor bo‘ldi. Bir muddatdan so‘ng, telefon chirog‘i yordamida devordagi tosh shakllar namoyon bo‘la boshladi. Shipdan osilib turgan sumalaksimon toshlar — stalaktitlar, pastdan o‘sayotgan tosh konuslar — stalagmitlar g‘or ichida hayratlanarli simmetriyada paydo bo‘lgan. Ular orasida ba’zilari birlashib, qator-qator ustunlar hosil qilgan. G‘orda tabiatning o‘zi go‘yo qasr yasagandek: shohona, mukammal, lol qolarlik.

Hayotbaxsh suv

Keyingi manzilimiz «Omonqo‘ton bulog‘i» bo‘ldi. Bu yerga yetib kelganimizda, yo‘l charchog‘i sezilgan, sal tashnalik bor edi. Ammo buloq yonidagi osoyishtalik, suvning jilvalanib oqishi, bizga go‘yo ochiq tabiatning mehmondo‘stligiday tuyuldi. Bu suvdan avval ham ko‘p ichgan edim, ammo har safar uning ta’mi ko‘ngilda yangi bir ishtiyoq uyg‘otadi. Bu buloqning suvi — shunchaki totli emas, balki u tog‘ bag‘ridan oqayotgan shifo, inson vujudiga singib boruvchi musaffolik manbai. Bu suvning ta’mini bir marta tatigan odam uni unuta olmaydi. Uning har qatrasida tabiatning cheksiz sofligi, tog‘larning kuchi va shu zaminning asrlar davomida to‘plagan quvvati mujassam. Yerli aholining aytishicha, bu suv inson tanini yoshartirish xususiyatiga ega ekan. Bu bejiz emas — chunki buloqning boshi tog‘ yuragida ekan.

Tirik tabiat xazinasi

Albatta, shu o‘rinda milliy bog‘ hududidagi hayratlanarli o‘simlik va hayvonot dunyosiga alohida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Bu yer — nafaqat go‘zal manzaralar, balki bebaho biologik boyliklar maskani ekan. «Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i» hududida 1 ming 300 turdan ziyod noyob o‘simlik va daraxtlar va 120 turdan ortiq hayvon va jonzotlar yashar ekan.

Hali sayohat boshlanishi bilanoq, tepamizda mag‘rur parvoz qilgan lochin va burgutlar diqqatimizni tortgandi. Ularning havodagi parvozini har qancha suratga tushirmoqchi bo‘lmay, chaqmoqdek tez harakatlanib, shiddat bilan qanot qoqib, ko‘z ochib yumguncha g‘oyib bo‘lardi.

Endi sayohatimizga yakun yasaymiz deb turgan edik, ko‘kdagi burgut mening quruq qo‘l bilan ketishimni istamay, saxovat qilgisi keldi shekilli, tepamizda aylana boshladi. Darhol fotoapparatimni qo‘lga olib, uning shijoatli parvozini abadiylashtirishga ulgurdim.

Omonqo‘tondan qaytar ekanman, qalban go‘yo bir necha asrlarni bosib o‘tgandek, tabiat, tarix va inson o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni his etdim. Bu maskanning har bir burchagida so‘zsiz hikoyalar, har bir nafasida — hayot, har bir tovushida — hikmat, har bir manzarasida — o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lab turuvchi jonli rishtalarni ko‘rgandek edim. Orqamga qarab-qarab ketayotganimda qalbimda bir his uyg‘ondi: Qachondir bu maskanga yana qaytaman!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring