Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

«Ko‘k jiguli» chellenji: Qimmatlayotgan mashinalar, raqsga tushayotgan 80 yoshli otaxon, bagajga mingashgan qizlar va bu g‘alati «kasallik»lar siri

«Ko‘k jiguli» chellenji: Qimmatlayotgan mashinalar, raqsga tushayotgan 80 yoshli otaxon, bagajga mingashgan qizlar va bu g‘alati «kasallik»lar siri

Xonanda Ozoda Nursaidovaning «Ko‘k jiguli»si bugun ayni trendda. Ijtimoiy tarmoqlarda, kafelarda, hatto «dazmolni ulasang ham» — shu qo‘shiq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qo‘shiq videosi tomoshabopligi jihatidan jahon reytingida yetakchilar qatoriga chiqqan.

Sal avval xonanda tashabbusi bilan «ko‘k jiguli» chellenji e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, ko‘k jiguli fonida video olib jo‘natayotganlarning soni judayam ko‘paygan. Ular orasida  raqsga tushayotgan nuroniy otaxonlardan tortib, voyaga yetmagan yosh qizaloqlargacha bor...

Xavfsizlikdan ko‘ra, «qaynoq ijod» ustunlik qilgan videolarda qizlar qay biri bagaj ustiga mingashgan, qaysi biri mashina bilan baravar harakatlanib raqs tushyapti.

Aytishlaricha, shu qo‘shiq sabab mashina bozorlarida ko‘k jigulini narxi qimirlab qolgan. Qachonlardir metallolomga topshirilgan eski ko‘k mashinalar kuzoviga yana xaridorlar chiqa boshlagan. Amerikaning mashhur Pantone modalar uyining «2024 yilda shaftoli rangi urfga kiradi»,  deb qilgan bashorati «ko‘k jiguli» sabab yo‘qqa chiqdi...  

Ozoda Nursaidova ijodini dastlab, 1997-98 yillarda milliy va hind ohanglari uyg‘unlashgan «Muhabbat qaydasan», «Alla bolam» qo‘shiqlari bilan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik milliy va turkcha usulda ham ko‘plab xit qo‘shiqlar yaratgan edi. Uzoq tanaffusdan keyin «Yomg‘irlarda» qo‘shig‘i bilan ko‘pchilikni bir yig‘latgan bo‘lsa, endi «Ko‘k jiguli»si bilan butko‘l hammani «kasal» qildi.

Qo‘shiq 80-yillar disko uslubida, sharqona nolalar hamohangligida yaratilgan, kuy ham, she’r ham soddagina, yengil hazmli. Xonanda yoshlarning so‘nggi paytlarda ma’noli she’rlarga, qoliplangan aranjirovkalar, boyitilgan notalarga  toqati yo‘qligi sezgan shekilli, ular uchun  soddagina qo‘shiq taqdim etgan va o‘sha «jaydarilik» qo‘shiqqa o‘zgacha jozibadorlik baxsh etgan.

«Ko‘k jiguli»da klip syujeti ham qo‘shiqqa mos. Liboslar, disko raqslari, binolar, taksafon, panorama kinoteatri ko‘rinishi ham, mushtlashuvlar, barcha manzaralar 80-yillar oxiri nafasini berib turibdi. Bu esa, shubhasiz, yoshlar bilan birga o‘rta yoshlilar qalbida  ham o‘ziga xos nostalgiya paydo qiladi. 

Nima bo‘lganda ham bu qo‘shiq, o‘zbek san’ati uchun katta yutuq. 90-yillarda sobiq SSSR davlatlari ichida ikkinchi o‘rinda turgan estradamiz nufuzi, oxirgi yillarda ancha pasayib ketgandek edi. O‘ylaymizki, bu «Ko‘k jiguli» hali uzoq manzillarga yuradi. Chunki u hozirda qo‘shni va yaqin davlatlarda ham trendga chiqmoqda. Bu esa milliy estradamizning keng tanishiliga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring