Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Jinoyat bor-u jinoyatchi yo‘q... Yoki «Farg‘onacha berkinmachoq»

Jinoyat bor-u jinoyatchi yo‘q... Yoki «Farg‘onacha berkinmachoq»

Fotokollaj: Xabar.uz

1

...Hammasi oydinlashdi: garovda yo‘q mulklar sotib yuborilgani rost ekan. Soxta dalolatnoma asosida! Bu qip-qizil jinoyatmi? Bo‘lmasa-chi! Shuginani sudga tushuntirishga bir yildan ko‘p vaqt ketdi-ya... Ungacha mulk egasining ona suti og‘ziga kelganiga-chi?!

Endi hammasi joyiga tushgandir? Yo‘q-da, yo‘q... Aksincha, sirlarning bir cheti ochilishi hamono berkinmachoq o‘yini boshlab ketdi. Sud-u tergovdagi berkinmachoq, ya’ni — «aji-aji-i» o‘yinlari boshqacha bo‘larkan...

Shu haqda shingil hikoyaga tobingiz qalay?

Boshladik unda.

2

Avval gap nimadaligini bilib olsak.

Beshariqlik (Farg‘ona viloyati) fermer (va tadbirkor) Ravshanjon Roziqovning ishlariga tushov tushdi. Vaziyatdan chiqish uchun «Qishloqqurilishbank»ning Qo‘qon filialidan qarz (kredit) ko‘tardi. Akasi Mamirjon Turonov bilan birga. Biroq buyam naf bermadi. Ish oldinga siljishi tugul, kreditni qaytarishning o‘zi muammoga aylandi. Na chora, tadbirkorlik — tavakkalchilik-da: birda — unday, birda — bunday...

3

Bilasiz, bank degani «a» desa, «ma» deb pul tutqazadigan muassasa emas. Beradigan qarz miqdoridan balandroq qiymatdagi narsani garovga olmasa, kredit tushingizga kirmaydi hatto. Tinkani quritadigan qog‘ozbozliklarni-ku, aytmang (xususan, R.Roziqov kredit olgan 2013-yilda!). Qahramonimiz noiloj kredit olar ekan, o‘zi rahbar bo‘lgan «Turanboy» fermer xo‘jaligi balansidagi qator bino-inshootlarni, akasi ham ma’lum qiymatdagi mulklarini garovga qo‘ygandi.

Kredit muddatida qaytarilmasa, garovdagi mulklar qulog‘ini ushlab ketishiniyam bilasiz.

Baxtga qarshi, vaziyat shuni taqazo qildi.

4

Kredit miqdorini aytib (245 million so‘m), u bilan bog‘liq boshqa gaplarni muxtasarroq qilsak. Ya’ni, kredit foizi-yu muddati, garovga qo‘yilgan mulklar, ularning manzili va egallagan yer maydoniga oid bayonlar, bizningcha, ortiqcha. Nega? Birinchidan, ortiqcha tafsilot masala mohiyatini anglashdan chalg‘itishi mumkin. Ikkinchidan va, eng muhimi — bank va qarzdor o‘rtasida nizoning o‘zi yo‘q. Hammasi risoladagidek. Kredit olindi. Muddatida qaytarish imkoni bo‘lmagach, sudlashuv murosa bilan yakun topdi. Kelishuv bitimini sud tasdiqladi. Tamom. Bu yog‘i endi sud ijrochilarining ishi: garovdagi mulklarni auksionda sotib, tushgan pulni bankka bersa, olam guliston.

Ammo «olam guliston» bo‘lmadi. Aksincha, olam zimiston bo‘ldi. Xususan, qahramonimiz uchun.

5

Nima deysizki, Beshariq tumani sud ijrochilari (ayni paytda Majburiy ijro byurosi) «Turanboy» fermer xo‘jaligining kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘ygan mulklariga qo‘shib, garovda bo‘lmagan (umumiy bahosi 93,7 million so‘mlik) bino-inshootlarini ham sotib yuboradi?! Shundog‘am qarzga botib, topgan-tutganini bankka berayotgan odamni qolgan-qutgan mulkidan bu tariqa mosuvo etish... alam qilmaydimi?! Yanayam alamlisiki, xaridor begona emas ekan: Ravshanjon Roziqovning tus jiyani — akasining o‘g‘li Sanjar Turonov bo‘lib chiqdi! O‘sha, o‘zi bilan birga kredit olgan Mamirjon Turonovning o‘g‘li... S.Turonov otasining garovdagi mulklarini (uyam bank krediti bo‘yicha qarzdorlardan biri) sotib olgandir-da, dersiz? Qayoqda! Emishki, uning auksionga qo‘yilgan mulklariga xaridor chiqmabdi?! Bu endi g‘irt cho‘pchak. Tasavvur qiling: bir joyda, bir xil sharoit va qulaylikka ega aka-ukaning bino va inshootlari turibdi. Farqi shundaki, mulklarning akaga tegishlisi rostdanam garovda, ukaniki esa yo‘q (to‘g‘rirog‘i, soxta dalolatnoma asosida «ro‘yxatga tiqib» yuborilgan). Xaridor esa otasining emas, amakisining mulkiga xaridor bo‘lib, ularni sirligina o‘tkazilgan auksiondan sotib olmoqda. Amaki esa bundan bexabar?!

Shubhalimi savdomi? Judayam-da!

6

Bo‘lar ish bo‘libdi, bu yog‘i-chi?

Bu yog‘i nima bo‘lardi — tomonlar «baxtini» suddan izlaydi-da. Shu tariqa ikki jigar, ikki qarindosh o‘rtasida «sudlashuv poygasi» boshlanib ketdi. Mana, qirq oydan (!) oshdiki, «poyga»ning yakuni ko‘rinay demaydi. Fuqarolik sudlarining ayrim sudyalariga sharaflar bo‘lsin: nizo uch yarim yildan buyon achchiq ichakdek cho‘zilib kelayotganida ularning beqiyos hissalari bor.

7

Tomonlar o‘rtasidagi birinchi sud (2016-yil, 4-fevral) fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Qo‘qon tumanlararo sudida (sudya V.Madrahimov) bo‘ldi. Da’vogar — Sanjar Turonov. U «Yermulkkadastr»ning Beshariq tuman bo‘limiga auksionda sotib olgan mulklarni o‘z nomiga rasmiylashtirib berish majburiyatini yuklashni so‘raydi. Javobgar Ravshanjon Roziqov esa qarshi da’vo kiritib, unda Sud departamentining Farg‘ona viloyat boshqarmasi «fatvo»si bilan «Capital Realtor Group» MChJ tomonidan o‘tkazilgan auksion savdo (2015-yil, 16 sentyabr) bayonnomasini haqiqiy emas, deb topishni o‘tinadi.

Sudda jiyanning qo‘li baland keldi: uning da’vosi qanoatlantirilib, amakining qarshi da’vosi rad etildi. Biroq bu hal qiluv qarorining umri ko‘pga bormadi: FIB Farg‘ona viloyat sudi uni bekor qilib (2016-yil, 29-mart), ishni yangidan ko‘rish uchun yana Qo‘qonga yubordi.

Ishni yangidan ko‘rgan FIB Qo‘qon tumanlararo sudi (sudya A.Ismoilov) avvalgiga nisbatan mutlaqo teskari hal qiluv qarori chiqardi: jiyanning da’vosini rad etib, amakining qarshi da’vosini qanoatlantirdi. Shunday qilib, auksion savdo bayonnomasi to‘lig‘icha bekor qilindi. Bu hali hammasi emas. Garovda bo‘lmagan mulklarning sotilishi, bunga asos bo‘lgan dalolatnomadagi imzolar qalbakilashtirilganini (soxtalashtirilgan imzolar orasida R.Roziqovniki ham bor) pesh qilib, sud xususiy ajrim ham chiqardi! Xususiy ajrim, turgan gapki, Beshariq tuman prokuraturasiga yuborildi: bu jarayonda jinoyat alomatlari borday, muhtaram prokuror, bir surishtiruv o‘tkazsinlar...

Bitta sudning ikki sudyasi bitta nizo bo‘yicha ikki xil — bir-biriga butunlay qarama-qarshi hal qiluv qarori chiqarganidan hayratdamisiz? Xususiy ajrim chiqarilib, prokuraturaga yuborilganidan-chi? Hayratingizni jilovlab turasiz, og‘ayni. Oldinda bundanam hayratga molik voqealar borki, ular oldida bunisi holva.

 8

Qisqasi, fuqarolik ishini ko‘rib, hatto xususiy ajrim chiqarib, shu orqali birovning nonini tuya qilmoqchi bo‘lgan shovvozlarning basharasini xiyol ochgan sudya A.Ismoilov... oradan uch oylar o‘tgach (2017-yil, 15 fevral), o‘zi chiqargan hal qiluv qarorini o‘zi bekor qilsami?!

Ibi, nega? Fuqarolik ishida «yangi holat ochilibdi».

Fuqarolik ishlarida yangi ochilgan holat ochilgudek bo‘lsa, avval chiqarilgan sud hujjatlari bekor qilinib, hammasi boshidan ko‘rilishi bor gap. Qonun shunga izn beradi. Biroq ushbu ishda qani o‘sha «yangi ochilgan holat»? Hammasi ko‘rga hassadek ayon-ku?!

Sudyaning «kashf»i shunda ediki, da’vogarning mulkka tikkan puli taqdiri ochiq qolibdi. Nima, da’vogar sud jarayonida tikkan pulining taqdirini so‘raganmidi? Yo‘q! Faqat sotib olgan mulkni rasmiylashtirishni so‘ragan, xolos. Puliga shundog‘am kuymadi (kimgadir naqd sanagan bo‘lsa, boshqa gap!), marhamat — alohida da’vo bilan sudga chiqsin. Tartibi shunaqa-da. Biroq sudya o‘zi chiqargan hal qiluv qarorini o‘zi bekor qilishga rosa ishtiyoqmand ekanmi, xullas, da’vogarga sotib olgan mulklarning ma’lum qismini rasmiylashtirib berish, garovda bo‘lmagan bino-inshootlar uchun to‘lagan (93 millon so‘m) pulni esa... javobgar — R.Roziqovdan undirish haqida boshqa qaror chiqarib berdi. O-la, devordingizmi sizam?! Bu xuddiki «voy, bechora, mulkini o‘zin bexabar sotib yuboribdimi, qaytarib olishni xohlaysanmi, unda pulini to‘la!» deyishdek gap emasmi?!

Ta’kidlash shart, «yangi ochilgan holat» bo‘yicha chiqarilgan ajrim ham, hal qiluv qarori ham keyinroq bekor (2017-yil, 25-aprel) qilindi. Shugina sudlar bir yarim yillik (!) umrni yedi-ya?! Qaqshagan asablar, mo‘ljalda yo‘q xarajatlarni-ku qo‘yavering. Buyam mayliku-ya, oldinda bundanam ko‘p vaqtni o‘g‘irlaydigan g‘urbatlar kutayotganini kim bilibdi o‘shanda?!

9

Bu orada fuqarolik ishi Andijon viloyatini ham «ziyorat» qilib keldi deng. Ya’ni «yangi ochilgan holat bo‘yicha» chiqarilgan sud hujjatlarining bekor qilinishi undan avval Ravshanjon Roziqov foydasiga chiqarilgan hal qiluv qaroriga huquqiy quvvat bag‘ishlashini anglatadi-da. Bunga da’vogar rozimi? Albatta, yo‘q. Shartta shikoyat bitdi. Natijada ish FIB Andijon viloyat sudida (kassatsiya bosqichida) ko‘rilib, qonuniy kuchga kirgan o‘sha hal qiluv qarori bekor qilindi. Va yana (!) yangitdan ko‘rilishi uchun FIB O‘zbekiston tumanlararo sudiga yuborildi.

Bayonlarimizdan miyangiz achib, boshingiz g‘ovlab ketdimi? Sabr, aziz o‘quvchi, sabr... Fuqarolik ishlari shunaqa-da, har qanday hal qiluv qarorini bekor qilishga har qachon asos topish mumkin. Buning uchun qasd va vakolat bo‘lsa, bas... Qonun-chi? Mana, ko‘rib turibsiz, donishmand sudyalarimiz goh u tomon, goh bu tomon foydasiga qaror chiqarishmoqda, unigayam-bunisigayam qonundan asos topishayotir. Yuqoriroqda o‘tirganlari esa o‘sha qarorlarni bekor qilishdan charchashmayapti va ular ham... qonunga tayanmoqdalar! Hayron qolasan kishi: qonunlarimiz shunaqami egri-bugrimi yoki ularni turli kuyga «raqsga tushirayotgan» sudyalar zo‘-o‘rmi — bu endi ka-atta savol.

Yana bir gap. Donishmand Abdulla Qahhor Lev Tolstoy asarlarini qaziga o‘xshatgan ekan, chaynaganing sari mazasi chiqadi, deb. Murakkab bo‘lmagan mazkur fuqarolik nizosi ham kimlar uchun qaziga o‘xshaydimi, deysan-da. Ozmuncha chaynalmayaptimi?! Mazasi kimga, azasi kimga — bilish uchun katta aql shartmas.

Mana, yana hammasi boshidan boshlanadigan bo‘ldi.

10

FIB O‘zbekiston tumanlaro sudi ishni birinchi bosqichda (uchinchi bor birinchi bosqich tartibida ko‘rilishi!) ko‘rib chiqib, endi Sanjar Turonov foydasiga hal qilib berdi. Mazkur hal qiluv qarori avvalgilariga qaraganda uzunroq «umr ko‘rganini» alohida ta’kidlash kerak: FIB Farg‘ona viloyat sudida o‘z kuchida qoldi, Oliy suddaham avvaliga qonuniy deb topildi. Qahramonimiz qachonki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari X. Yodgorov qabulida bo‘lib, holatni tushuntirganidan so‘ng: «...gapimni diqqat bilan tinglab, hujjatlarni bir-bir ko‘rib chiqqach, Xolmo‘min Yodgorov stolga bir mushtladi va yonidagi sudyalarga bir necha lahza ta’navor tikildi. So‘ng: «Aka, ishingizni shaxsan o‘zim ko‘rib chiqaman», dedi bosiqroq bo‘lishga urinib... Darhaqiqat, ko‘p o‘tmay Oliy sud sudyasi D.Isroilovaning sud qarorlari ustidan yozgan shikoyatim yuzasidan «hay’atda ko‘rib chiqishga asos yo‘q, hammasi qonuniy hal etilgan» mazmunidagi ajrimini bekor qildi. Natijada ishimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atida ko‘rilib, o‘sha, FIB O‘zbekiston tumanlararo sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan FIB Farg‘ona viloyat sudi apellyasiya instansiyasi ajrimi bekor qilindi. Endi shu instansiyasida... ish yangitdan ko‘riladigan bo‘ldi.» (Ravshanjon Roziqovning shikoyatidan).

11

Oliy sudda piypalangan «delo» uni ancha «papalab» kelgan FIB Farg‘ona viloyat sudiga shu tariqa qaytdi. Endi sud qanaqa ajrim chiqarar ekan? Chunki, shu paytgacha nechta hal qiluv qarori chiqmasin, ular orasida «brak» bo‘lmagani yo‘q-da.

FIB Farg‘ona viloyat sudi Sanjar Turonov foydasiga chiqarilib, Oliy sudgacha «jarohatsiz» yetib borgan FIB O‘zbekiston tumanlararo sudining hal qiluv qarorini bekor qildi. Yaxshiki, ishni yana boshqatdan ko‘rishga yuborishmadi (bo‘ldi-yey!), balki sud hay’atining o‘zi yangi hal qiluv qarori qabul qilib qo‘ya qoldi. Yangi hal qiluv qaroriki, bekor qilinganining mutlaqo teskarisi deysiz: auksion savdo bayonnomasi haqiqiy emas, deb topildi yana. Tegishli hujjatlardagi imzolar qalbakilashtirilgani ham bilvosita e’tirof etildi. Shu barobarida S.Turonov ham xafa qilinmadi: uning foydasiga «Turanboy» fermer xo‘jaligidan ikki yuz o‘n ikki million so‘m undirish belgilandi?! Nega-a? S.Turonov auksionda mulklar uchun shuncha pul to‘lagan ekan, endi uni fermer xo‘jaligi qoplashi kerak emish...

Yana o‘sha mantiqsiz holat: mulkingni noqonuniy sotishdimi, qaytarib olishni xohlayapsanmi, marhamat — pulini to‘la?! Auksionga mulklarni kim chiqargan? Dalolatnomani soxtalashtirgan(lar)-chi? Pul qaysi hisobraqamga tushgan? Albatta, Ravshanjon Roziqovnikiga emas. Shunday ekan, noqonuniy o‘tkazilgan auksionda to‘langan pul nega undan undirilishi kerak? Eng qizig‘i — yuqorida aytdik, da’vogar to‘lagan pulini qaytarish da’vosini qilayotgani yo‘q. Xo‘sh, da’voda yo‘q talabni ortig‘i bilan ado etishdan ne ma’no, ne manfaat? FIB Farg‘ona viloyat sudi hammagayam shunaqa mehribonmi? Shunday desak, nega Ravshanjon Roziqov jinoyatkorona yo‘llar bilan sotib yuborilgan mulklarini qaytarish uchun yillab sudga chopmoqda? Yoki e-endi maqsadga yetdim deganida, bo‘yniga yo‘q joydan otning kallasidek pul ilib qo‘yilyapti?

...Qisqasi, qahramonimizning bir oyog‘i Toshkentda yana: «Yodgorovning qabuliga kirmagunimcha masala qonuniy hal bo‘lmaydi shekilli...».

Ravshanjon Roziqov nafaqat Oliy sud rahbariyati qabuliga kirishi, balki Bosh prokurorning ham eshigini chertishi kerakka o‘xshaydi. Nega desangiz, ayni shu nizo bilan bog‘liq berkinmachoq o‘yinlari viloyat prokuraturasi tizimida ham bo‘lmoqda-da.

Endi gap shu haqda.

12

Garovda bo‘lmagan mulklar auksionda sotilishi jarayonida jinoyat alomatlari bor, deya sud xususiy ajrim chiqargani esingizda, a? Xususiy ajrim Beshariq tuman prokuraturasiga yuborilgani-chi? Balli.

Bu yog‘iga gapni qisqaroq qilamiz, «qaror chiqdi — bekor bo‘ldi» qabilidagi bayonlar bizniyam badimizga urib ketdi, rosti!

Xususiy ajrim sabab qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi avval Beshariq tuman IIBda tergov qilindi. Natija: jinoyat ham yo‘q, jinoyatchi ham — «delo» yopib yuborildi. Tuman IIB tergovchisining jinoyat ishini tugatish haqidagi qarori Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, bekor qilindi va yangitdan tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Beshariq tuman prokuraturasiga jo‘natildi. Tuman prokuraturasi «jinoyat bor-u jinoyatchi yo‘q», deya ishni «yopdi». Shundan keyin «delo» Bosh prokuraturada o‘rganilib, «ko‘zlaringni kattaroq ochinglar-yey, tergov chala-chulpa-ku, muncha shoshdinglar!» deganday qilib viloyatga yubordi. Biroq Farg‘ona viloyat prokuraturasi ham eski qo‘shiqni takrorladi... Xullas, shu choqqacha «delo» besh marta «ochilib», besh marta «yopildi». Yaqinda Bosh prokuratura navbatdagi bor qo‘zg‘atgandi. Viloyat yana «yopdi»...

13

Jinoyat ishi yana qancha «ochilib-yopiladi» — aniq bir narsa deyish qiyin. Biroq tergovchilar ishni har qancha mijig‘lamasin, oddiy savollar ochiq qolgani qolgan: garovda yo‘q mulklar auksionga chiqarilgani rostmi? Ha! Bu jarayonda imzolar qalbakilashtirilganmi? Ha! Imzolar soxta ekanini ekspert tasdiqladimi? Ha! Bundan R.Roziqov manfaatiga zarar yetdimi? Ha! Bu qip-qizil jinoyatmi? Ha!

Mana jinoyat, qani jinoyatchi?!

Yana savol: birovning mulki soxta dalolatnoma bilan sotilishidan kim(lar) manfaatdor bo‘lishi mumkin? Bu savolning ma’lum javobi ishni «yopish»dan charchamayotgan zukko tergovchilar xayoliga kelmayotganiga ishonasizmi? Ishonish mumkinmi o‘zi?!

14

...Vaqti-soati yetib, bu g‘urbatlar nihoyasiga ham yetar. Sud-u tergovdagi «aji-aji-i» o‘yinlar badga-da urar balki. Pirovardida kimning qo‘li baland kelmasin, amalda g‘olib yo‘q endi. Hamma mag‘lub: da’vogar ham, javobgar ham, hatto sudya-yu prokurorlar ham...

Sud-u tergovlardagi sansalorlik, «qaror chiqar-bekor qil»lar ozmuncha insonlarning qonunga bo‘lgan ishonchiga zarba bermayaptimi? Shuning o‘zi jamiyat uchun katta talafot emasmi? Bunday talofat o‘rnini qoplash osonmi?

Mulkiy nizo sabab qarindoshlar o‘rtasidagi rishtalarga putur yetgani-chi? Amaki-ku, birovning moliga da’vo qilayotgani yo‘q, unga farzand maqomida bo‘lgan jiyan-chi? Nima, murosaga borilmayotgani boisi izzat-nafs bilan bog‘likmikan yo?

Darvoqe, izzat-nafs haqida. Ushbuni yozishga kirishgandan beri Asadbekning Hosilboyvachchaga («Shaytanat») aytgan gapi xayolda aylangani aylangan. «Bek aka» aytgandiki: «...O‘v, manga qara?! Ikkita o‘zbek («ikkita qarindosh» deb o‘qing!) mol talashsa-yu lo‘ndasini begona ilib ketsa... Yana san izzat-nafs deysan-a?!». Tushundingiz, chamasi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring