Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Madayev va Xodjayev(lar) «jangi»: mag‘lubiyatga barobar g‘alaba (birinchi qism)

Madayev va Xodjayev(lar) «jangi»: mag‘lubiyatga barobar g‘alaba (birinchi qism)

Fotokollaj: «Xabar.uz»

1

Sarlavhada majoz ustuvor ekaniga ta’kid shart bo‘lmasa kerak. Shu ohangda davom etsak, bu «jang»da kuchlar teng emasligi boshdanoq ma’lum edi. Bir tomonda tumanning (nafaqat tumanning?) obro‘yli xonadoni turibdi: ko‘pni ko‘rgan ota, prokuroru tadbirkor o‘g‘illar, keragidan ko‘p xayrixohlar... Ikkinchi tomonda hayot so‘qmoqlarida goh qoqilib, goh yiqilib, xullas, amallab kunini o‘tkazayotgan oddiy inson.

Kimning qo‘li baland keladi?

Savolning javobi aniq.

Kuchlar teng emasligi aniq ekan, nimaga umid qilib, «jang»ga kirishdi?

Adolatga!

Adolat qaror topdimi?

Maqolamiz shu savol ustiga qurildi, javobi — o‘zingizga tan. 

2

Hammasi 2013-yilning 17-dekabr kuni boshlandi.

Shu kuni kech soat 20 lar atrofida Qurbonboy Subhonboyev Dang‘ara tumani (Farg‘ona viloyati) hokimligiga chaqirildi. Qurbonboy aka — tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan «Subhonboyev» fermer xo‘jaligi rahbari. Xo‘jalikni qudasi Abdupatto Madayev bilan birga 1995 yilda tashkil etgan, o‘tgan o‘n sakkiz yillik mehnatlari tufayli ajratilgan 1,4 gektar yerda binoyidek bog‘ barpo bo‘ldi.

Nima deysizki, hokimiyatdagilar ikki qudaning shu-uncha yillik mehnati va mablag‘i sarf etilgan yeridan ixtiyoriy voz kechishi haqida ariza berishi talabida ekan?! O‘sha suhbatda kim nima degan, yaxshi gapirganmi-yomon gapirganmi — endi muhim emas. Muhimi, «suhbat» Qurbonboy Subhonboyevdan talab qilingan ariza yozdirib olinish bilan yakunlandi...

Ko‘p o‘tmay hokim Sh.Abdusalomov «Subhonboyev» fermer xo‘jaligiga qarashli 1,4 gektar yerning «fatvosi»ni allaqachon o‘qib qo‘ygani oshkor bo‘ldi. Ya’niki, hokim janoblari Qurbonboy Subhonboyevdan «kerakli» arizani yozdirib olishidan naq to‘qqiz oy (!) avval, 19 martdayoq (2013-yil) 192/1-qarorni chiqarib, o‘sha yerni go‘yoki «fermerning arizasiga asosan» zaxiraga olib qo‘ygan ekan?! Tuman rahbari mazkur sirli qarori haqida shuncha vaqt nega churq etmagani noma’lum. Kim bilsin, xohlagan paytimda bitta ariza yozdirib, yopiq qozonni shundog‘icha qoldiraveraman deb qattiq ishongan chog‘i? Biroq «qozonni yopishga» qilgan harakati baribir o‘xshamadi: ne «mashaqqatlar» bilan olingan «ixtiyoriy-majburiy» arizani xodimlari o‘sha kungi (17.12.2013) sana bilan ro‘yxatga tirkab qo‘yishibdi?! Vah, ma’rifatsizlar! Mart oyida chiqqan qarorga dekabrda ro‘yxatga olingan arizani asos qilib bo‘ladimi? Sirni ochib qo‘yishibdi-ku?! Endi nima qilamiz?

Maslahatgo‘ylar darrov «yo‘l topib» berishdi: unga ko‘ra Qurbonboy Subhonboyevdan «eski uslubda» qayta «ariza» olishga to‘g‘ri keldi. Va «yangi ariza» asosida 2014-yilning 21-yanvar kuni hokim boshqatdan qaror (25/1-qaror) chiqarib, bu bilan to‘qqiz oy avvalgi sirli qarorini «qonunga muvofiqlashtirib» qo‘ydi go‘yo... Shuning o‘ziyoq «ixtiyoriy ariza» ortidagi zo‘ravonlik alomatlarini ko‘rsatib turibdi. Zo‘ravonlik bo‘lmay nima? Oddiy mantiq: o‘n sakkiz yil mehnatu mablag‘ sarf etib, ekilgan yuz-yuzlab mevali daraxtlar hosil bera boshlagan bog‘dan «ixtiyoriy» voz kechish uchun odam kamida tentak bo‘lishi kerak. Qurbonboy Subhonboyev qip-qizil jinniga o‘xshaydimi? Kim qayda ko‘ribdiki «naqaroq odam» fermerlikni ixtiyor etib, quruq joyda bog‘ barpo etsa?! Endiyam ariza «qanday» olinganini tasavvur qilarsiz?! O‘lmang!.. Albatta, hokim fermerdan bog‘ni emas, yerni olibdi-ku deydigan donolar topiladi. Birodar, salkam bir yarim gektar yerda barpo etilgan bog‘ shartta yelkaga ortib ketaveradigan matoh emas. Yerni tortib olish — bog‘ning janozasini o‘qish bilan barobar ekanini anglash uchun esa avliyo bo‘lishga ehtiyoj yo‘q axir?!

Bu orada uzoqda bo‘lgan quda — Abdupatto Madayev kelsaki, ahvol chatoq: yer qo‘ldan ketgan, uning yangi egalari yeng shimarib turishibdi. Chunki hokim tortib olgan yerning 1 gektarini tumandagi «Dang‘ara sayyod stil» fermer xo‘jaligiga, yana uch nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 0,12 gektardan ajratib berish haqida qaror chiqarib bo‘lgan edi-da.

Bu bilan tuman rahbarining «qovun tushirishlari» barham topgani yo‘q: «Dang‘ara sayyod stil»ga o‘sha 1 gektar yerni hech qanday tendersiz (!) xatlab bergandiki, bu g‘irt qonunsiz ekanini bilmaydigan kam (hokim-ku, inchunun!). Bu huquqiy savodsizlikmi yoki yerning yangi egalariga bo‘lgan mehribonlikmi, mayli, bu haqda fol ochmaymiz. Haqiqat shuki, «Dang‘ara sayyod stil» fermer xo‘jaligi egalari o‘zlariga tom ma’noda in’om qilingan 1 gektar yerdagi yuzlab mevali daraxtlarni kesib, arralab tashlashdi. Boshqalar — 0,12 gektardan yer olgan fuqarolar ham qarab turishmadi: dehqon xo‘jaligi uchun deb berilgan yerda qarsillatib shaxsiy uy-joy (!) qurishni boshlashdi...

Shu tariqa shovullab turgan ko‘rkam bog‘ vayronaga aylandi... 

3

Ko‘rgiliklar bir kelsa, qo‘sha-qo‘sha kelar ekan: yerni «ixtiyoriy» topshirganidan ko‘p o‘tmay Qurbonboy Subhonboyevning xasta turmush o‘rtog‘i vafot etdi. Ustma-ust sinovlardan ruhiy zo‘riqishga uchrab, insultga uchradi. Tashabbusni qo‘lga olgan Abdupatto Madayev qator idoralarga yuqoridagi bedodlikdan «dod!» deb shikoyatlar yozdi. Shikoyatlar esa, sezib turganingizdek, aylanib-o‘rgilib Dang‘araga kelaverdi. Tuman hokimi-ku, «riyozatlar chekib» qabul qilgan qarorlarini o‘zicha bekor qilmasligi tayin. Biroq prokuratura-chi? Dang‘ara tumanining o‘sha paytdagi prokurori qonundan «sakrab o‘tib» chiqarilgan hokimning «...qarorlariga nisbatan protest keltirish uchun asoslar» topmasa deng?! Qachonki Abdupatto Madayevning «shikoyat mashinasi» ishlaganidan ishlab, ko‘plarni bezor qilvorgach, ikki yil (!) deganda, nihoyat, aniq ko‘rinib turgan qonunsizlik «aniqlandi», tumanga tayinlangan yangi prokuror hokimning qaroriga protest keltirdi ham. Ammo bu protest prokuror hisobotini bezadi, xolos. Chunki muammo hal bo‘lgani yo‘q, aksincha, o‘tgan vaqt yerning «eski» va «yangi» egalari o‘rtasida paydo bo‘lgan adovatni urchitib-bijg‘itib tashlagandi... 

4

Dang‘ara aholi zich yashaydigan tumanlar sirasiga kiradi: burningizga qo‘ngan pashshani haydamoqchi bo‘lsangiz qo‘lingiz qo‘shnining yuziga tushishi mumkin. Demak, jindek mubolag‘a bilan aytsak, tumanda bir parcha yer tilloga barobar. Albatta, saodat asrida yashayotganimiz yo‘q: zari yoki zo‘ri bo‘lgan odam har qanday sharoitda maqsadiga yetishaveradi. Ammo Abdupatto Madayevda na unisi bor, na bunisi. Bori qudasi bilan barpo etgan shu bog‘ edi...

 Yerning yangi «egalari»ni xudo zardan ham, zo‘rdan ham qismagan. «Dang‘ara sayyod stil» fermer xo‘jaligining rahbari Ahror Xo‘jayev nainki tuman, balki viloyatda ham hurmatga sazovor Mansurxo‘ja Xodjayevning kenja o‘g‘li! Otasi o‘z vaqtida mas’ul lavozimlarda ishlagan, so‘ng o‘ttiz yil nari-berisida Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligiga rahbarlik qildi (oqsoqolning g‘ayratu shijoati hozir ham ko‘plarga o‘rnak. Boz ta’bi nazmdan ham begona emaski, to‘rtta-beshta she’riy va nasriy kitob chiqarib, shinavanda va mehmondo‘stligi bilan katta-katta yozuvchilar, nuktadon olimlar e’tiboriga tushgan). Akasi Alisher Xodjayev prokuratura organlarida ishlaydi. Ana endi o‘ylang: kimsan Xodjayevlarga qarashli fermer xo‘jaligiga hokim yer bersa-yu (qonunsiz bo‘lsayam-da!) bir «yalangoyoq» shikoyat qila-qila undan mosuvo qilayozsa? Bunga chidash mumkinmi?

Xodjayevlarning bezovta bo‘lganicha bor. Negaki, Abdupatto Madayevning turli idoralarga yozgan aksariyat shikoyatlarida tuman hokimi «ikkinchi plan»ga tushib, asosiy urg‘u ularga beriladi. Shikoyatlarki, ularda ushbu nufuzli xonadon vakillarining boshqa ishlari ham nazardan chetda qolmaydi. Bu bilan ularning quvvati-yu qudratini isbotlashga uringan chamasi. Aytadiki: «...tumanning katta-kichik rahbarlari ko‘p masalalarda oqsoqol Xojdayevning «oldidan o‘tadi», zarur maslahat-tavsiyalar oladi. Shunday ekan, bizning yer maydonlarimizni zo‘rlik bilan olib, aynan ularga qarashli fermer xo‘jaligiga shundog‘icha biriktirib berilishi shunchaki tasodif emas, bu jarayondagi qonunsizlik yaqqol ko‘rinib turganiga qaramay yillar davomida go‘yoki aniqlanmay kelinganining sababi ham shunda...».

 Shikoyatlarda shu va shu mazmundagi bayonlarni mutlaq haqiqat deya qabul qilishga mojaro bilan bog‘liq hamma dalillar ham yo‘l beravermaydi. Biroq ularda mantiq va haqiqat belgilari yo‘q emasligini-da tan olmaslik insofdan emas. Birovning 18 yil mehnati singgan yerni tortib olib, noqonuniy ravishda berilishi, bu qonunsizlik yillar davomida «dam yeb» yotishidan tashqari masala bir yoqli bo‘lishini kutmay, gurkirab turgan boqqa arra solvorish zamiridagi jur’atda ham o‘sha nufuz, o‘sha kuch ufurib turgandek: «yer bizga o‘tgan, vassalom!». Zotan, hokim qaroridagi qonunsizlik aniqlanib, bekor qilinganidan keyin Xodjayevlar «uzr, uka, yer bizga noqonuniy berilgan ekan, bilmabmiz, bizning yerimiz ham, mulkimiz ham yetarli, joying o‘zingga nasib qilsin» deya mardona qadam tashlashmadi. Tayyor yerni boy berishi xuddi xonadon nufuziga soya soladigandek... Balki ahli xonadon, yer qo‘ldan ketsa, keyingi ehtimoliy muammolardan tashvishga tushgandir? Axir hokimga inonib, bog‘ning rasvosi chiqarildi, buning zarari uncha-muncha boyvachchaning belini sindirishi aniq. Birdan-bir chora — nima qilib bo‘lsa ham yerni saqlab qolish kerak. Ayni nuqtada Xodjayevlar bilan tuman hokimining manfaatida mushtaraklik yuzaga keladi: tovon masalasi ko‘ndalang bo‘lsa, kaltak ikki tomonga ham birdek tegishi tayin. Demak, ortga yo‘l yo‘q, faqat olg‘a!

Bu yoqda Abdupatto Madayev o‘zgacha ishtiyoqda yuribdi: ko‘plar ishonmagandi, mana, ikki yil deganda hokimning qarorini bekor qildirishga erishdi. Hokim qarori bekor qilindi-yu, ammo yerni qaytargani yo‘q, mayli, yana ozroq g‘ayrat qilsa, murodi hosil bo‘lishi mumkin. Nima, o‘n sakkiz yillik mehnatini bir zarb bilan chippakga chiqarganlarga qo‘l siltab ketaveradimi?!

Ko‘rinadiki, ikki tomon uchun ham orqaga yo‘l qolmabdi... 

5

Abdupatto Madayev shikoyat yozishni bas qilmasligini tushunib yetgach, «raqib» kutilmagan «yurish» qildi. «Dang‘ara sayyod stil» fermer xo‘jaligi rahbari kenja Xodjayev Farg‘ona viloyati xo‘jalik sudiga da’vo kiritdiki, unda tuman hokimining 496-qarori(8.06.2016)ni haqiqiy emas deb topish so‘ralgandi. Ma’lumki, hokimning mazkur qarori bilan «Dang‘ara sayyod stil»ga 1 gektar yerni biriktirib berish haqidagi avvalgi noqonuniy qarori bekor qilingandi. Ajab da’vo: prokuror protesti asosida chiqarilgan qarorning sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi sog‘lom tasavvurga sig‘maydimi? Albatta yo‘q! Shunga qaramay sud da’voni qanoatlantirdi! Xo‘jalik sudida qatnashgan viloyat prokurori vakili da’voni qo‘llab-quvvatlaganiga nima deysiz? Inkor etib bo‘lmas qonunsizlik yuzasidan bitta prokuror boshqacha, ikkinchisi unga teskari xulosa bersa-ya?! «Farg‘onada qonun nechta?» devorasan beixtiyor... Bu nimani anglatadi? Sudyaning savodinimi? Prokurorning professional layoqatinimi? Yoki prokuror Xodjayevga hurmat belgisinimi?

Voqea Amerika yoki Angliyada emas, Farg‘onada bo‘layotir axir?!

Bir narsani tan olish kerak: sudga kiritilgan da’vo, uning qanoatlantirilishi orqali bir o‘q bilan ikki quyon urilgandi. Da’vogar — fermer, javobgar — tuman hokimligi. Shunday ekan, bu «nizoli ishda» Abdupatto Madayevga o‘rin yo‘q, u ikki dunyoda ham sud qaroriga nisbatan shikoyat yozolmaydi. Chunki ishda taraf bo‘lmagan odamda hal qiluv qaroriga nisbatan shikoyat qilish huquqiyam bo‘lmaydi-da. Da’vo qanoatlantirilishidan da’vogar ham, javobgar ham manfaatdor: fermer o‘ziga qonunsiz berilgan yerga endi qonuniy ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritsa, hokim ular oldidagi «xijolatpazlik»dan qutuladi: avvalboshdan ishni «puxta» qilmagani uchun...

Bunday «ssenariy» muallifi salohiyatiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Biroq qonun kulolning loyi emas, undan xohlagan shaklni yasab bo‘lmaydi.

Ta’kidlash shart, Farg‘ona viloyati xo‘jalik sudining mazkur ajabtovur hal qiluv qarori Farg‘ona viloyati prokuraturasi protestiga asosan O‘zbekiston Oliy xo‘jalik sudida bekor qilindi. Bunda viloyat prokuraturasining xatti-harakatini e’tirof qilish barobarida Madayevning «shikoyat mashinasi» «xizmatini» ham inkor etish adolatdan bo‘lmas. Zero, kuni kecha da’voni qo‘llagan prokuratura, oradan bir oy o‘tib, qo‘lloviga tamoman teskari mazmunda protest kiritishi shunchaki ish emas.         

 Mojaroning xo‘jalik sudi qarori bilan bog‘liq nuqtalariga bejiz alohida to‘xtalmadik. Ko‘rdikki, qonunni bilgan odam suvdan doim quruq chiqmasa-da, yalong‘och qo‘lga tutqich bermaslik imkoniyatini topadi.

 Davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring