Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

MFY raisi hokimiyatning dastyorimi? Yoki tuman hokimi o‘rinbosarining sanamay sakkiz degani haqida

MFY raisi hokimiyatning dastyorimi? Yoki tuman hokimi o‘rinbosarining sanamay sakkiz degani haqida

Voqelik shunday: O‘zbekiston tumani Tovush mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Elash qishlog‘ida (qishloq shu MFY tarkibiga kiradi) hashar yo‘li bilan qurilgan bino-inshootlarni (mahalla guzaridagi oqsoqol xizmat xonasi, choyxona, sartaroshxona) MFY balansiga biriktirib berishni so‘rab  hokimga murojaat qildi. Tuman hokimi o‘rinbosari  M.Mansurovning murojaatga yo‘llagan javobini  qarang: «...Tovush MFY o‘zini-o‘zi boshqarish organi bo‘lib, ular tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas va balans tushunchasi qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan. Tuman hokimligi MFYlarning yuqori organi hisoblanganligi bois murojaatda ko‘rsatilgan ob’yektlarni tuman hokimligi balansiga olish va keyinchalik tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirib (berish) maqsadga muvofiqligini bildiramiz. Tuman hokimi o‘rinbosari (imzo). 2018-yil, 4-oktyabr. №05-36/343».

Shu bir parchagina javob xatida nimalar aks etmagan deysiz? Huquqiy savodsizlik deysizmi, sanamay sakkiz deyishmi, tayyorga oshga bakovullik ehtimoliyu ma’muriy buyruqbozlikning yana bir ifodasimi — hamma-hammasi bor! Yanayam chuqurroq ketilsa, javobdan mahalla fuqarolari yig‘ini raislarining bugungi chin ahvolini ham ilg‘ash mumkin.

Darhaqiqat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tijorat tashkiloti emas. Biroq bu degani «olma pish, og‘zimga tush» deb o‘tiraver, sen xayr-saxovat evazigagina kun ko‘rishing kerak, degan ma’noni anglatmaydi. Qo‘ldan berganga qush to‘yganmi?!

Xo‘p, qonun nima deydi?

«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bunday tuzilmalarda «...o‘z mablag‘larini shakllantirish, fuqarolar yig‘ini mol-mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va  tasarruf etish» huquqi bor (11-modda). Mol-mulkka egalik huquqi ular (mol-mulklar) yuridik shaxs balansida aks etishi bilan yuzaga keladi. Aks holda fuqarolar yig‘inlariga bunaqa huquqning keragi yo‘q edi. Shuning o‘zi  hokim o‘rinbosarining fuqarolar yig‘inlarida  «balans tushunchasi qonunda nazarda tutilmagan» degan da’vosi qip-qizil yolg‘on ekanini tasdiqlaydi.

Shuningdek, «...tuman hokimligi MFYlarning yuqori organi» deyilishi-ku, safsataning o‘zi!.. Mana qonun, o‘qing: «...Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga» kirmaydi (8-modda). Ehtimol, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati  «O‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli kengashlar» tomonidan muvofiqlashtirib borilishi, ularga (kengashlarga) viloyat, shahar, tuman hokimlari jamoatchilik asosida raislik qilishi (20-modda) mahalliy hokimiyatga MFYlar ustidan «xo‘jayinlik qilish» huquqini berayotganday tuyular? Aslida unday emas. Bunda hokimlarga jamoat tashkilotiga jamoatchilik asosida rahbarlik qilish mas’uliyati yuklatilmoqda, xolos.  Zotan, davlat organlari, xususan, mahalliy hokimiyat «...fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoit» yaratib, «qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlarni amalga oshirishda» ularga ko‘maklashishi kerak (7-modda). Bunday «ko‘mak» odamlar hashar yo‘li bilan tiklagan bino-inshootlarni avvaliga o‘ziga olib, keyin go‘yoki tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirib berish bilan ko‘rsatilmaydi-da.

Bunaqasi tuman hokimiyati mutasaddisining «o‘z maqsadiga» muvofiq kelar balki, illo  umumjamoat manfaatiga xizmat qilmaydi. Ma’lumki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moliyaviy asoslari mahalliy budjetlar mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalaridan tashqari «o‘z mablag‘lari va hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa mablag‘lardan» tashkil topadi (27-modda). O‘sha  mablag‘lar jamoatchilikning faol harakatiyu xarajati bilan qurilgan yuqoridagi kabi bino-inshootlarni  o‘z balansiga olib, ularni  yuridik va jismoniy shaxslarga vaqtinchalik yoki doimiy foydalanish yoki ijaraga berish (26-modda) orqali topilmasa, osmondan tushmaydi-ku, axir?! Tuman hokimi o‘rinbosarining shuginaga farosati yetmasa, kursini nega band qilib o‘tiribdi?

Xo‘p, ayni masalada MFY raisi hokimiyatni sudga berishi mumkinmi? Mumkin bo‘lganda qandoq. Biroq buni tasavvur qilib bo‘lmaydi hatto. Nega? Mahalla raisining hokimiyatni sudga berishi shakkoklik bilan barobarday go‘yo. Mahalliy davlat hokimiyati amaldorining  savodi va tasavvurini ko‘rib turibsiz: «tuman hokimligi MFYlarning yuqori organi», «(MFYlarda) balans tushunchasi (bo‘lishi) qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan» emish...

Shunaqa tasavvurlar bois aksariyat hokimlar mahalla fuqarolar yig‘ini raislarini beminnat dastyorga aylantirib olishgan: nima desa, shuni qilishi kerak. Chizgan chig‘idan chiqib ko‘rsin-chi!

Umuman, mahalla fuqarolari yig‘ini raislarining ko‘rgan kuni qursin! Hamma narsaga balogardon o‘shalar: oilaviy qo‘ydi-chiqdi, qo‘ni-qo‘shnilararo totuvlik, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga mas’ullik, mazlumlarga ko‘mak, faxriylarga e’tibor, huddudni obodonlashtirish... Qay birini aytalik?! Kamiga kommunal to‘lovlar orqasidan yugurgan ham, obuna deb chopgan ham, ko‘mir-gaz (ballon) taqsimoti-yu bug‘doy vaqtida sug‘orilmagani uchun ariqqa tushirilib, muzdek suvga bo‘ktirilgan ham mahalla raisi... Yana davom etsak, hammahallasining Rossiyada mardikorlik qilayotgani, Turkiya yoki Dubayda tanini sotayotganiga ham ular sababchidek go‘yo: «Mahalla qayerga qarayapti?».

Oladigan bir siqim maoshiga bir dunyo g‘urbat ortib qo‘yilgan bunaqa uvoli yo‘q rahbar qaysi tizimda bor?! Og‘iz to‘ldirib maqtanishimizni ayting: bizdagi mahalladek noyob tuzilma uncha-muncha xalqlarda yo‘q!

Asrlar davomida shakllanib kelgan mazkur institutni yanada takomillashtirish uchun ozmuncha chora ko‘rilmadi, biroq samara-chi? Maqtangudek emas, albatta. Nega?

Mana, sababi oydinlashmoqda: mahalla raisining jilovi mahalliy hokimiyat qo‘lida ekan, samaradan umid qilish qiyin. Qonunga ko‘ra, mahalla oqsoqoli yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylansa-da, pirovardida hokimiyat tasdiqlagan nomzod «g‘alaba qozonsa» (shuning natijasida nomunosiblar ham raislik «martabasi»ga yetishmayaptimi?), «yo‘rig‘iga yurmagan» raisni shartta almashtirish hokim uchun muammo bo‘lmasa, MFYlarga ko‘mak berish o‘rniga borini olib, birorta savdogarga berish payiga tushilaversa, xizmat vazifalariga kirmaydigan yumushlarga ko‘mib tashlanaversa, tashlanaversa... samara haqida gap bo‘lishi mumkinmi o‘zi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring