Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Xorazmcha «Charxpalak»? Hovva! (feleton)

Xorazmcha «Charxpalak»? Hovva! (feleton)

Foto: «Xabar.uz»

Enajon Allaberganova yangi yilni eski tashvishi bilan kutib oldi yana. Ikki yildan beri ahvol shu. Tashvishi cho‘ngmi? Bir qarashda hammasi ortda qolib, sokin hayot kechirayotgandek: salomatligi noligudek emas, qozoni suvga tashlanmagan, farzandlaridan ko‘ngli to‘q, ishxona deb ko‘ngli alag‘da bo‘lmaydi, mana, pensiyaga ham chiqib oldi... Bitta ayolga bundan ortiq nima kerak?

Shukurku-ya, biroq bir dargohda salkam o‘ttiz yil (!) ishlab, pensiyaga bor-yo‘g‘i o‘n oy qolganida «chiqish eshiklari ko‘rsatilishi» alam qilarkan-da baribir. Yo‘q, opa «yeb qo‘ydi-ichib qo‘ydi» ayblovi bilan ishdan bo‘shatilmadi. Bog‘ot tuman sudida shuncha yil ishlab, sud kotibi, devonxona mudiri lavozimidan nariga o‘tmagan ayol nimani «yeb», nimaniyam «ichib» qo‘yardi?! Qaytanga  qovunning kattasini tushirgani ma’qulmidi, deysan-da?! Negaki, shu sudning raisi Ye.Berdiyev o‘tgan yilning boshida bir marhumni (!) sud qilib, jazo tayinlavorgandi?! (Tasavvur qilyapsizmi buni?!) Sud obro‘yini yer bilan bitta qilgan Ye.Berdiyevni mutasaddilar tuproqqa qorishtirib tashlamadi, aksincha, ko‘p o‘tmay Xo‘jayli tuman ma’muriy sudi raisligiga loyiq ko‘rdilar. Qoyilmisiz?

Enajon Allaberganovaning «aybi» buning oldida holva, shunga qaramay ayol o‘z qadri uchun yig‘latilayotganiga nima deysiz?!

Emishki, u R.Sapayeva degan ayol fuqaroviy da’vogar tariqasida ko‘rilgan bir jinoyat ishida uning sudlanuvchi bilan yarashishiga sababchi bo‘libdi. Natijada sudlanuvchi suvdan salkam quruq chiqqaniga qaramay fuqaroviy da’vogar oldidagi majburiyatini bajarmay yurganmish. Kim aybdor? Enajon Allaberganova! Nega? «Umumiy yurisdiksiya sudlari apparati xodimlarining yurish-turish Qoidalari»ga amal qilmagani uchun — sudlanuvchi va fuqaroviy da’vogarni yarashtirish o‘rniga o‘z ishini qilsa bo‘lmasmidi, hovva?!

Bu ayblov qanchalar asosli?

R.Sapayevadan «Enajon opa meni yo‘ldan urdi», degan mazmunda shikoyat tushgani bor gap. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, «R.Sapayevaning shikoyati» uyushtirilgan ekan: sen shunday-shunday deb yozib bersang — bas, muammoingga yordam beramiz... Ayolgina aytilganidek qilib yozib beribdi. Shu tariqa R.Sapayeva fuqaroviy da’vogar tariqasida o‘tgan jinoyat ishi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Bog‘ot tuman sudining ajrimini bekor qilib, ishni JIB Urganch tumaniga yubordilar. Biroq shikoyatchining murodi hosil bo‘lmadi baribir.

Shundan keyingina kimlarningdir gapiga laqqa tushganini anglagan R.Sapayeva bor haqiqatni ayta boshladi. Hozirgacha aytib kelyapti. Biroq unga quloq solguvchi yo‘q endi. Chunki unga aytib yozdirilgan shikoyat o‘z vazifasini o‘tab bo‘ldi: Enajon Allaberganova ishdan ketdi, maqsad shu edi-da!

Chorak asrdan ko‘p sud tuprog‘ini yalagan opa buzilgan huquqini qanday himoya qilishni bilmaydimi?! Mana, Konstitutsiyada yozib qo‘yibdi: «Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish... huquqi kafolatlanadi» (44-modda)! Nima deysizki, Bosh qomusda kafolatlangan mazkur huquqdan foydalanishga iloj bor-u imkon yo‘q, chog‘i... Xossatan, Enajon opada! Nega?

Avvaliga E.Allaberganova Xorazm viloyat sudining «2017-yil 10-yanvardagi o‘ziga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasini bekor qilish hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudining 2017-yil 12-yanvardagi bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqida» Urganch tuman ma’muriy sudiga murojaat qilgandi. Uning arizasini ko‘rib chiqqan shu tuman sudi raisi X.Saidov «... ariza ma’muriy sudga taalluqli emas», deya rad qildi. Shunday keyin opa fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga bosh uradi. Fuqarolik sudidan ham shu mazmunda javob oldi: arz qilinayotgan talablar bu sudga-da taalluqli emas ekan!

Aytgancha, Urganch tuman ma’muriy sudi arizani rad qilish haqida ajrim chiqarar ekan, Allaberganovaga «...prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkinligini tushuntirib» o‘tgandi deng. Opa shuniyam qilib ko‘rgandiki, Xorazm viloyat prokuraturasi uning arizasini JIB viloyat sudiga yuboradi. JIB viloyat sudi esa, kutilganidek, hammasi qonuniy, hammasi to‘ppa-to‘g‘ri, deya javob berar ekan, mabodo, bundan (javobdan) norozi bo‘lsangiz, Oliy sudga murojaat etishingiz mumkin, deya maslahat berdi. Opa Oliy sudga murojaat qilgandi, arizasi yana Xorazmga yuborildi... Xullas, bu yog‘i charxpalakning o‘zginasi!

Mana sizga ajib manzara!

Tavbangdan ketay-yey, Xorazmda nimalar bo‘lyapti o‘zi: marhumga jazo tayinlagan sud raisining javobgarlik masalasi hal etilishi o‘rniga yangi lavozim bilan siylansa: boshqa tuman sud raisligini berib. Salkam o‘ttiz yil shu tizimda ishlagan AYoL esa, shikoyat uyushtirilib, ishdan chetlatilsa... Haq-huquqi himoyasi uchun arz-dod qilsa, uni ko‘radigan sud topilmasa...

Ma’lumi shuki, Enajon Allaberganova shikoyat yozishdan to‘xtagani yo‘q. Shikoyatlari charxpalak misoli aylanayotganidanmi, kim bilsin, bo‘sh vaqtlarida «Charxpalak» serialini tomosha qilishga odatlanibdi. Serialdagi qo‘shiqni yodlavolganini ayting:

Charxpalagim, charxpalak!

Aylanasan muloyim.

To‘xtatolmay men halak

Yurgizganmi, Xudoyim?!

— As-sa!.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring