1-dekabrdan ayrim amaliyotlar bekor qilinadi
«Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni (PF–6313-son, 14.09.2021-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 dekabrdan quyidagilar bekor qilinadi:
- banklarga yetkazilgan mahsulot uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq;
- davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mahsulotlarni yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida to‘lovni oldindan belgilashga doir talab;
- qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab.
Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o‘zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi.
2022 yil 1 yanvardan:
- sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi;
- shartnoma tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma majburiyatlarini bajarishni qabul qilganda, uni keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli emas;
- davlat xaridlari bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar belgilanadi;
- tadbirkorlar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘lamaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka qarzdorlikka teng pulni muzlatib qo‘yish va uni 30 kundan so‘ng undirish to‘g‘risida farmoyish yuboradi va bu haqda to‘lovchini xabardor qiladi;
- kommunal, energiya, aloqa xizmatlari, yo‘lovchi va yuklarni tashishga oid tabiiy monopoliyalar ishlab chiqqan shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishiladi.
Farmonga ko‘ra, elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdi qilinganda va boshqa bitimlar tuzishda eskrou tizimi joriy etiladi.
2022/2023 o‘quv yilidan OTMda o‘qitish bo‘yicha shartnomalar elektron shaklda tuziladi.
Farmonga ko‘ra shuningdek:
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar ishlab chiqiladi;
- shartnomalar namunalari «yurxizmat.uz» maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter