Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bahorning ilk kunidan nimalar o‘zgaradi?

Bahorning ilk kunidan nimalar o‘zgaradi?

2023-yil 1-martdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

Banklar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatishni moliyalashtirishadi

 Amalga kiritilayotgan «yashil energiya» bank moliya mahsuloti tadbirkorlik sub’yektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va o‘rnatish, energiya tejamkor texnologiyalarini joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallashtirilgan.

Elektr va gaz iste’moli bo‘yicha huquqbuzarliklar elektron rasmiylashtiriladi

Nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida O‘zenergoinspeksiyaga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «O‘ztransgaz» AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni «E-ma’muriy ish» tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.

IT-park rezidentlari uchun to‘lov majburiyatlari miqdori kamaytiriladi

IT-park direksiyasi uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdorini, ular tomonidan yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi 500 ming foydalanuvchidan oshganda 25 foizga, 1 million foydalanuvchidan oshganda 50 foizga pasaytiradi.

Davlat xaridlari bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiloqda

Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat kiritish mumkin bo‘ladi

Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.

Ikkita tashkiliy-huquqiy shakl bekor bo‘lmoqda

Unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli tashkilot shaklida yuridik shaxs tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi, 2025 yil 1 yanvarga qadar esa mazkur shakldagi yuridik shaxslar boshqa shaklda qayta tashkil etiladi.

Qimmatli qog‘ozlar xaqida ma’lumotlar OAVda e’lon qilinadi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki kunlik muddatda OAV va (yoki) o‘zining saytida quyidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi:

  • qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, uni to‘xtatib turish, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishi, xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini beruvchi malaka sertifikatini berish.

QQS to‘lovchilar aktivlari haqidagi ma’lumotni «Ye-aktiv»ga kiritishga majbur bo‘lishadi 

QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 % va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining «E-aktiv» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yaroqsizligi, jismonan va ma’nan eskirganligi natijasida yo‘q qilinganda va kamomad, yo‘qotish yoki shikastlanish (sinish, bo‘linish) sababli hisobdan chiqarilganda uch ish kunidan kechiktirmasdan «E-aktiv» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish.

Eksternat tartibida imtihonlar topshirish uchun arizalar qabul qilish boshlanadi

O‘quvchilar eksternat tartibida imtihonlar topshirish uchun YaIDXP orqali arizalarni qabul qilish muddati 1 mayga qadar davom etadi.

Etnosport bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi

2023 yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha har yili musobaqalar o‘tkaziladi. Xususan, Toshkent shahrida har yili etnosport turlari bo‘yicha «Uzbekistan Ethno Games» respublika festivali, Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Bunda «Ichan qal’a» majmuasida festivalning ochilish va yopilish marosimlari o‘tkaziladi.

Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha kurslar tashkil etiladi

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring