11 oyda sodir etilgan 9 mingga yaqin YTHlarda 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan – Senat
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida 2023-yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok bo‘lgan va 8 055 kishi jarohatlangani ma’lum qilindi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov, shuningdek, bu turdagi o‘lim ko‘rsatkichi 2021-yilda 2 426 nafarni 2022-yilda esa 2 356 nafarni tashkil qilganini ma’lum qildi.
«Ushbu yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarliklarni mensimaslik bo‘lsa, ikkinchidan ularning amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda», – deydi senator.
Qayd etilishicha, birgina mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2020-yilda 25 ming 35 ta, 2021-yilda 40 ming 542 ta, 2022-yilda 47 ming 365 ta va 2023-yilda 41 ming 866 ta huquqbuzarlik aniqlangan.
Achinarlisi, faqatgina 2023-yilda qariyb 6 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqargani aniqlangan.
Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020-2023-yillarda qariyb 500 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida ushbu davrda 271 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Qo‘mita majlisida muhokama qilingan «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun aynan shu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solishga qaratilgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga yangi moddalar, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter