Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Raqamli parvoz»: Hayotimizga yengillik kiritayotgan o‘zgarishlar

«Raqamli parvoz»: Hayotimizga yengillik kiritayotgan o‘zgarishlar

Foto: Xabar.uz

Qaysi xalqning yoshlari aql va bilimda, texnologiyalar va yangilik yaratishda ildam bo‘lsa, ertaga o‘sha millat yetakchi bo‘ladi. Chunki zamonaviy fikrlaydigan, muammolarga yechim topa oladigan, dunyo bilan raqobatlashadigan avlod — taraqqiyot yo‘lidagi eng muhim resursdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lgan navbatdagi uchrashuvi ana shu haqiqatni yana bir bor bizga eslatdi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz o‘sdi, xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonga milliardlab investitsiya kiritmoqda, dunyo bizga ishonmoqda. Nega? Sababi — o‘zbekistonlik yoshlar bilimda, IT va texnologiyalar sohalarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishmoqda.

1 million dasturchi, milliard dollarlik imkoniyatlar

«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 325 ming nafar yoshlarimiz bilim olishdi. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm kabi viloyatlarda yoshlar dasturlash orqali yaxshi daromad topishmoqda. Bu oltin avlod iqtisodiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shadi, jahon bozorida raqobatlasha oladi. Kim bunday yoshlar bilan faxrlanmaydi?!

Ayni paytda startap ekotizimi shiddat bilan rivojlanmoqda. Prezident aytganidek, 145 million dollar venchur sarmoyasi yoshlar g‘oyalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Bu raqam yaqin kelajakda 1 milliard dollarga yetkaziladi. Ilgari bunday imkoniyatlar orzu qilinardi, bugun esa o‘z g‘oyasiga investitsiya olayotgan yigit-qizlarimiz bisyor.

O‘zbekiston o‘z kelajagini «aql va texnologiyalar» asosida qurmoqda. Shu maqsadda sun’iy intellekt, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya, «yashil» iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanyapti. «AI Study» platformasi, MIT bilan hamkorlikdagi dasturlar, «Raqamli avlod qizlari» loyihasi – bularning barchasi zamonaviy bilimlar bilan qurollangan avlodni tarbiyalashga qaratilgan.

Bir yoshning g‘oyasi butun bir soha, millionlab insonlar taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Buni davlat rahbari yaxshi anglab, shunga mos ravishda yoshlarga yo‘l ochmoqda. Masalan, o‘g‘il-qizlarimiz umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSh dollariga teng bo‘lgan «President Tech Award» startap tanlovida qatnashishyapti. Ajab emas, ertaga shu tanlov ishtirokchilari orasidan yirik startap egalari yetishib chiqsa.

O‘zbekistonning jahon IT xaritasidagi o‘rni

O‘zbekistonning raqamli taraqqiyot yo‘li nainki muvaffaqiyatli modelga, balki butun mintaqada ilg‘or namunaga aylandi.

Ayni paytda yurtimizda 2 800 dan ortiq IT-park rezidentlari faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 752 ta xorijiy kompaniyaning borligi mamlakatimizga, salohiyatli kadrlarimizga bo‘lgan ishonch va investitsiyaviy muhitning qanchalik mustahkam ekanidan dalolat beradi. E’tiborlisi, bu sohada bevosita 40 ming nafar yoshlar ish bilan band va yuqori daromad topishmoqda.

Sohaning eksport ko‘rsatkichi so‘nggi besh yilda 170 million dollardan deyarli 1 milliard dollarga yetdi.

O‘zbekiston «Global startaplar indeksi»da 12 pog‘ona yuqorilab, «TOP-100»likka kirdi. Bugungi o‘zbek startaplari dunyo sarmoyadorlari diqqat markazida. O‘tgan yilning o‘zida sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiyasi kiritildi.

«Sun’iy intellektga tayyorlik» indeksida ham O‘zbekiston 17 pog‘onaga yuqorilab, Markaziy Osiyoda peshqadamga aylandi.

Hozirgi kunda 760 dan ziyod davlat xizmatlari raqamlashtirilgan, millionlab yurtdoshlarimiz my.gov.uz orqali xizmatlardan onlayn tarzda foydalanishmoqda.

12 yillik parvoz

Bundan 12 yil avval, 2013 yilning 1 iyulida O‘zbekistonda raqamli davlat xizmatlarining poydevori – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushirilgan edi.

Mana shu 12 yil ichida my.gov.uz orqali 200 millionga yaqin arizalar onlayn qabul qilindi.

My.gov.uz tufayli davlat xizmatlarini olish har qachongidan ham osonlashdi. Davlat idoralari eshigi tagida soatlab, ba’zida kunlab navbat kutgan insonlar hozir o‘z yumushini qo‘l telefoni yoki kompyuter orqali bir necha daqiqada amalga oshiradigan bo‘ldi.

1 iyuldan boshlab MyGov mobil ilovasida raqamli servislar ishga tushirildi. Endi pasportingiz, ID-kartangiz, diplomingiz kabi hujjatlarni yoningizda olib yurishga hojat qolmaydi – ular doim qo‘l ostingizda, mobil qurilmangizda bo‘ladi. Bu turdagi raqamli hujjatlar banklar, notarial idoralar, aeroportlar (ichki reyslar), poyezdlar, davlat va korporativ xizmat ko‘rsatish jarayonlarida va boshqa holatlarda qog‘oz hujjat o‘rnini bosadi.

Yana bir misolni keltiramiz: so‘nggi vaqtlarda firibgarlar tomonidan boshqa birovning nomiga kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘p uchramoqda. My.gov.uz bunday noxush vaziyatlarning oldini olish uchun portalda «Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqlashni olib tashlash» xizmatini ishga tushirdi. Bu xizmat orqali siz nomingizga kredit rasmiylashtirilishiga osongina taqiq qo‘yishingiz mumkin. Kredit tashkilotlari esa qarz berishdan oldin, fuqaro o‘ziga kredit ajratilishiga taqiq qo‘yganmi-yo‘qmi, tekshirishga majbur. Agar taqiq aniqlansa, sizning nomingizga kredit ajratilmaydi. Muhimi, mazkur xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul.

Albatta, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning ishiga eng odil bahoni xalq beradi. Portaldan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshganining o‘zi, uning ishiga munosib baho, nazarimizda.

Yaqinda taniqli blogerlardan biri portalning 12 yillik faoliyati haqidagi xabarga shunday qisqa izoh qoldirdi: «Tabriklaymiz, rostanam, hayotimizni yengil qilayapti shu tizim».

Davlat xizmatlarini raqamlashtirishdan ko‘zlangan eng asosiy maqsad ham shu — insonlar hayotini yengillashtirish. Davlat xizmatlari qancha tez, qulay va shaffof bo‘lsa, fuqaro o‘zini shuncha qadrlangan his etadi. Fuqaro davlatga emas, davlat fuqaroga xizmat qiladi, degan shiorning tag zamirida ham shu g‘oya yotadi. Va bugun biz ana shu ezgu maqsad sari dadil qadamlar bilan ildamlab boryapmiz.

L.Tursunov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring