Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1994-yildayoq Putinning “ishtahasi karnay” bo‘lgani ochiqlandi

1994-yildayoq Putinning “ishtahasi karnay” bo‘lgani ochiqlandi

Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak va uning muovini Vladimir Putin. 1994 yil. Foto: AP.

Vladimir Putin 1994 yildayoq Rossiyaning Qrim, Sharqiy Ukraina va Shimoliy Qozog‘iston bo‘yicha hududiy da’volaridan gap ochgan. Bu haqda “Der Spiegel” jurnali Germaniya tashqi ishlar vazirligi arxiv hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Gap shundaki, 2025 yil 21 iyul kuni “Germaniya Federativ Respublikasining tashqi siyosati haqida hujjatlar” to‘plamining navbatdagi jildi chop etildi. Ushbu jild 1994 yilning birinchi yarmi hodisalariga bag‘ishlangan.

Ushbu to‘plam bilan tanishib chiqqan “Der Spiegel” nashri jurnalistlari yozishicha, hujjatlarda GFRning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuliga mansub qaydlar keltirilgan.

1994 yil 14 yanvar sanasi ko‘rsatilgan bitikda bayon etilishicha, Vladimir Putin Rossiyaning Ukraina va Qozog‘istonga nisbatan hududiy da’volaridan bahs etgan.

“Uning so‘zlariga ko‘ra, Qrim, Sharqiy Ukraina va Shimoliy Qozog‘iston –kamida ushbu hududlar Rossiya uchun hech qachon ajnabiy yerlar sanalmagan, balki hamisha Rossiya hududining tarkibiy qismi sanalgan. Go‘yo biror bir rusga ushbu hududlar endilikda boshqa mamlakatlarga tegishli ekanini tushuntirish imkonsiz emish”, – deb yozadi nemis diplomati.

O‘shanda Putin ruslarga xos bo‘lgan, ammo “nemislar tushunishi qiyin bo‘lgan” milliy tuyg‘u haqida gapirgan.

Shuningdek, u Ukraina va Qozog‘istondagi rus millatiga mansub aholining iqtisodiy-ijtimoiy holati qoniqarli emasligini aytgan.

Ma’lumot o‘rnida: 1994 yilda Putin Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak ma’muriyatida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan. Xususan, 1994 yil mart oyidan u hokimning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Ochiq manbalarga qaraganda, 1991-1995 yillarda GFRning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli lavozimida Eberhard fon Puttkamer ismli diplomat ishlagan.

Putin Rossiya rahbarligiga kelganidan keyin hududiy da’volar amaliy harakat va chinakam urushga aylanganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2014 yilda Ukrainaga tegishli Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilindi. 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshladi va uning bir qator hududlarini bosib oldi. Qonli urush haligacha davom etmoqda.

Putin SSSRning tarqalishini “XX asrning eng yirik geosiyosiy fojiasi” deb hisoblaydi. U, Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan Rossiya 40 foiz hududini boy bergan deb iddao qilgan.

U SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan. Tahlilchilar bu o‘rinda Rossiya rahbari Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini taxmin qilgan.

So‘nggi paytlarda Moskvaning katta-kichik rutbadagi mulozimlari ham Qozog‘istonga nisbatan hududiy da’volar bilan chiqmoqda. Xususan, 2020 yil dekabr oyida Rossiya davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov “Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet Ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir”, deya da’vo qilgan.

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan kunlarda ham bir guruh rossiyalik deputatlar yana qo‘shni mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi bayonotlar bergan.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring