Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2026-yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi

2026-yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi

«Biz yoshlarimizni nafaqat zamon bilan hamnafas, balki kelajakka tayyor qilib tarbiyalashimiz kerak. Hech qachon unutmaylik, kelajak — zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev bugungi muloqotda.

Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotimizga yiliga 30-35 milliard dollar investitsiya, yangi yo‘nalishlar, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, minglab korxonalar ishga tushyapti. Shuning o‘zidan yiliga 250-300 ming atrofida yuqori daromadli ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti.

Bu joylar, eng avvalo, yoshlarimiz ishli bo‘lishi uchun qo‘shimcha imkoniyat. Lekin ular zamonaviy texnologiya va xorijiy tillarni bilishi, kasbiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi zarur.

2026-yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi qayd etildi.

Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinmoqda. Ushbu agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan o‘tib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.

Joriy o‘quv yilidan Angliyaning «Pirson» kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda «BITEK» xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. «Investor – tarmoq – texnikum» zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.

Muloqotda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshirilishi ta’kidlandi.

Hamkor korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida ularga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.

Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, xorijiy investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun chet tillarini o‘qitish juda muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi raqamli platforma ishga tushiriladi.

Unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlar nafaqat o‘zimizning, balki xorijiy ish beruvchilar uchun ham ochiq-oshkora bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring