2026-yildan sayyor soliq tekshiruvlarida mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar esa noqonuniy hisoblanadi.
Mazkur tartib Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlariga doir Prezidentining Farmonida belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi.
Tadbirkorlik sub’yektlari o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, ushbu ob’yektlar uchun qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik sub’yektlariga tatbiq etiladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi.
2025-yil 1-avgust holatiga «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq sub’yektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu ro‘yxat 2025-yil 1-noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi.
Manba: president.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter