Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

24 aprelda Xalqaro yoshlar birdamligi kuni nishonlandi

24 aprelda Xalqaro yoshlar birdamligi kuni nishonlandi

© Google

Har yili 24 aprel kuni jahonda Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni (International Day of Youth Solidarity) nishonlanadi. Bu tashabbus Jahon Demokratik yoshlar federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan edi.

Tashkilotchilarning fikricha, bu kun jahon jamoatchiligi e’tiborini yoshlar muammolarini hal qilishga qaratishni o‘z oldiga maqsad qildib qo‘ygan. Mazkur sanani nishonlash 1955 yilda Osiyo va Afrika mamlakatlarining Bandung konferensiyasi yakuniy hujjatida qayd qilingan edi. Ilk bor Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni 1957  yilda “Tinchlik uchun, kolonializmga qarshi kurashish yo‘lida Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni”  sifatida nishonlangan edi. Shundan  keyin har yili yoshlar anjumanlari, konsertlar, bayram tadbirlari o‘tkazib kelinadi.

Zamonaviy dunyoda muammollar juda ham ko‘p. Ular orasida yoshlar muammosi alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish asosiy masalalardan biriga aylanib qoldi. Bugungi kunda dunyo yoshlari bir qator  muammolar bilan to‘qnash kelgan. Ular o‘z oldilaridagi muammolarni o‘zlari hal qilishga majbur bo‘lmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15 dan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hamon ishsizlik va qashshoqlik bilan to‘qnash kelmoqda. Zamonaviy yoshlar insoniyat tarixidagi eng bilimli ekani, milliy taraqqiyotning muhim resursi ekani tan olinadi. Biroq ayrim mamlakatlarda yoshlar orasida ishsizlik yuqori darajada turibdi. Ularda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish o‘z xoliga tashlab qo‘yilgani achinarli. Bunday mamlakatlarda davlat va yoshlar o‘rtasida uzilish paydo bo‘lganligini kuzatish mumkin. Ko‘pgina muammolarning zamirida zamon talab qilgan aniq bir kasb-hunarga ega bo‘lmaslik va natijada, ishsizlik, bekorchilik yotadi.

Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yoshlarning  33,6 foizi hech qayerda o‘qimaydi yoki hech qayerda ishlamaydi. Ekspertlarning fikricha, Afrika, Sharqiy Yevropa mamlakatlarining yoshlari orasida OITS muamosi paydo bo‘lgan. Sharqiy Yevropada VIChga mubtalo bo‘lganlarning 80 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. G‘arbda yoshlar balog‘at yoshiga yetgach “qayerda yashayman” degan savol bilan to‘qnash keladi. O‘zining shaxsiy boshpanasiga ega bo‘lish esa osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi. Buning uchun bir qator muammolarni hal qilish kerak. Birinchidan, yoshlar hamisha ham jamiyatning to‘la ta’minlangan qismi bo‘lavermaydi. Chunki ular ota-onalari qaramog‘ida yashab kelganlari bois hayotga endigina qadam qo‘yishmoqda. Farzandlarini uy-joy bilan ta’miinlash esa ota-onalar zimmasiga tushadi. Bu borada qaror qabul qilish esa ota-onalarning hohishiga bog‘liq emas. Buning uchun moddiy sharoit ham bo‘lish kerak. Xorijiy mamlakatlarda yoshlar ota-onalariga ham, davlatga ham bu borada umid ko‘zi bilan boqishmaydi. Chunki buning uchun imkoniyat yaratilmagan.

Yoshlar oldida turgan ikkinchi muammo qayerda o‘qish masalasidir. Shuningdek, bo‘sh vaqtlarini qayerda o‘tkazish ham asosiy muammolar sirasiga kiradi. Bekorchilik girdobida qolgan yoshlar bo‘lmag‘ur ishlarga qo‘l urishi aniq. Bekorchilik esa bezorilikdan qotillikkacha, giyohvandlikdan ichkilikbozlikkacha bo‘lgan bir qadamni anglatadi. Shu sababli yoshlarning bo‘sh  vaqtini samarali o‘tkazishlari uchun ko‘ngilochar markazlarini yaratib berish kerak. Bu borada  sport va madaniyat markazlari qurilishi davr taqozosidir.

Jahon mamlakatlarida yoshlarning ish bilan ta’minlanishi ham asosiy muammolarga aylanib bormoqda. Ish topganda ham uning oldida yana ikkita muammo paydo bo‘ladi. Birinchisi o‘sish bo‘lsa, ikkinchisi yaxshi daromad topishdir. Ayni damda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni bartaraf etish borasida ko‘p ishlarni hal qilish zarur.

Yoshlar bilan bog‘liq muammolar bir necha o‘n yillardan beri to‘planib qolgani bois, mazkur muammolarni hal qilishning imkoniyati bo‘lmay qolmoqda. Yoshlarning hayotga qiziqishi qolmayapti. Yoshlarning axloqsiz bo‘lib ketayotganidan bong uriladi. Yoshlarning internet va kompyuter o‘yinlariga mubtalo bo‘lib borayotgani ham xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim mamlakatlarda “kompyuter giyohvandligi”dan davolash maqsadida maxsus shifoxonalar ochilgan.

Jonli muloqotdan ko‘ra ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual muloqotga o‘rganib borayotgan yoshlarni bu illatdan xolos qilish yo‘lida hali ancha ishlar qilinishi kerak.

Zamonaviy yoshlar tarbiya, o‘zini tutishi, bag‘rikenglik, madaniyat va vatanparvarlik masalasida bir qator muammolar bilan to‘qnashmoqda. Yoshlar teatr, muzeylarga tashrif buyurish, o‘z mamlakatlarining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish, armiyada bo‘lish o‘rniga kunbo‘yi kompyuter va televizor qarshisidan ketaolmay qimmatbaho vaqtlarini behudaga sarflashmoqda. Ko‘chalarda shataloq otib yurgan, spirtli ichimliklarga ro‘ju qo‘ygan, tamaki mahsulotlari va giyohvandlikka berilgan yoshlar borligidan ham aslo ko‘z yumish kerak emas.


Sharofiddin  To‘laganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring