Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXR tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan 38 yashar erkak 5 yilga qamaldi

DXR tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan 38 yashar erkak 5 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tuman sudi 23-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. «Gazeta.uz»ning yozishicha, 1985-yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik erkak Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish, ya’ni … shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi) bo‘yicha aybdor deb topilib, sud tomonidan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Oliy sud axborot xizmati mahkum birinchi instansiya sudi qarori ustidan apellyasiya shikoyati berganini ma’lum qilgan.

Garchi sud hujjatlarida mahkumning ismi va familiyasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, gap Rossiyada payvandchi bo‘lib ishlagan 38 yashar Ildar Xayrulin haqida ketmoqda. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xayrulin 2014−2015 yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘ladi. Nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni boshqa davlatlarning qurolli kuchlar safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirgan hamda buning uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring