Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

48 yoshli mahalla raisi 17 yoshli qizga mahalla binosida shilqimlik qildi

48 yoshli mahalla raisi 17 yoshli qizga mahalla binosida shilqimlik qildi

Foto: Xabar.uz

Marg‘ilon shahridagi mahallalardan birining raisi bo‘lgan erkak qizga bo‘yi o‘smay qolayotganini aytib, mashq o‘rgatish bahonasida shilqimlik qilgan. U qizning belidan ushlab, yuzidan o‘pmoqchi bo‘lgan.

Marg‘ilon shahrida yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgan mahalla raisi ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud qarorida keltirilishicha, 1977 yilda tug‘ilgan I.R. Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja porso” MFY raisi lavozimida ishlab kelgan. U 2025 yil 7 iyun kuni soat 14:00 da MFY binosida 2007 yilda tug‘ilgan M.M.ga shilqimlik qilgan. Rais qizga uning bo‘yi pastligi va bo‘yni bukilib qolayotganini aytib, xohishiga zid ravishda mashq qildirish bahonasida belidan ushlagan. So‘ngra ikki qo‘lini yelkasiga qo‘ydirgan holda oyoqlarini osiltirib, yuzidan o‘pmoqchi bo‘lgan.

I.R. sudda o‘zining huquqbuzarlik harakatlariga qisman iqror bo‘lgan va qizning sog‘ligidan qayg‘urganini bildirgan.

2025 yil may oyidan buyon mahalla raisi lavozimida ishlab kelaman. M.M. kompyuter xizmati bilan bog‘liq ishlarda ko‘maklashishi uchun ishga qabul qilingan. U asosan kun davomida kompyuter oldida o‘tirib ishlagani, qolaversa, bo‘yi pastligi sababli uning sog‘lig‘i haqida qayg‘urib, unga turli jismoniy mashqlarni o‘rgatmoqchi bo‘ldim. M.M. qarshilik qilmadi.

2025 yil 7 iyun kuni M.M. beli va bo‘yni og‘riyotganidan shikoyat qilgani uchun xizmat xonasida unga jismoniy mashq qilishni o‘rgatdim. Xususan uning qo‘lini yelkasiga qo‘ydirgan holda oyoqlarini osiltirib, o‘zimni ortga tashlab, mashq qildirdim. U mashq yoqqanini aytdi.

2025 yil 22 iyun kuni uning onasi telefon qilib, qiziga tegajog‘lik qilganlikda aybladi. Aslida M.M.ga o‘sha kuni, undan boshqa kunlari ham shilqimlik qilmaganman, uning qo‘li va belidan boshqa a’zosiga teginmaganman”, degan rais o‘z ko‘rsatmasida.

Jabrlanuvchi M.M. esa mahalla raisi o‘zini mehribon qilib ko‘rsatib, turli jismoniy mashqlarni qilishga o‘rgatmoqchi bo‘lganini aytgan.

Qarshilik qilgan bo‘lsam-da, aldab belimdan ushladi va ortga egilishga majbur qilgan holda mashq qildirdi. Ushbu mashq yoqmaganini aytsam ham rais foydasi tegishini aytib, 5-6 marta takrorladi. Bu orada uning xonasiga qog‘oz olish uchun kirganimda “yuzingda xoling bor ekan, shu yeringdan o‘paymi?” deb tegajog‘lik qildi. Uning harakatlaridan uyalib, ko‘chaga chiqib ketdim”, degan qiz sudda.

Sud qarori bilan mahalla raisi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi. Unga 4 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring