Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

8 yil avval bedarak yo‘qolgan 17 yashar qizning daragi chiqdi. Uni o‘gay otasi....

8 yil avval bedarak yo‘qolgan 17 yashar qizning daragi chiqdi. Uni o‘gay otasi....

Foto: «Sputnik»

Sakkiz yil avval bedarak yo‘qolgan 17 yashar (o‘sha paytda) qizning daragi chiqdi. U qotillik qurboni bo‘lgan ekan. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Voqelikka ko‘ra, 2012-yilning 9-sentyabr kuni 1995-yilda tug‘ilgan zangiotalik N.G‘. «Eski Jo‘va» bozorida yo‘qolib qoladi. Qizning to‘satdan g‘oyib bo‘lishi uning ruhiy nosog‘lomligiga bog‘langani bor gap. Biroq N.G‘.ni T.Sanjar degan fuqaro noma’lum tomonga olib ketgani haqidagi (qizning yaqinlari aytgan) ko‘rsatmalardan kelib chiqilib, o‘sha paytdayoq unga (T.Sanjarga) nisbatan JK (Jinoyat kodeksi)ning 137-moddasi («Odam o‘g‘rilash») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ammo o‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida gumondorni ayblash uchun yetarli dalillar bo‘lmagani uchun jinoyat ishi harakatdan to‘xtatiladi.

Bosh prokuratura mas’ulining axborotidan jinoyat ishi markaziy mahkama tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib (01.04.2020-y.), unda qotillik jinoyati alomatlari borligi e’tiboridan «delo» JKning 137-moddasidan 97-moddasi («Odam o‘ldirish») 1-qismiga qayta malakalash to‘g‘risida qaror chiqarilgunicha Shayxontohur tuman IIBda «dimiqib yotgani» anglashiladi. Qachonki jinoyat ishi qayta malakalanib, tergov o‘tkazish uchun tuman IIBdan Toshkent shahar prokuraturasiga o‘tkazilganidan so‘ng nisbatan qisqa vaqtda sakkiz yil avval sodir etilgan jinoyat fosh etiladi. O‘ta og‘ir jinoyatni esa avval gumondor tariqasida ishga jalb etilib, biroq yetarli dalillar bo‘lmagani uchun javobgarlikka tortilmagan T.Sanjar sodir etganiga nima deysiz?!

T.Sanjar kim?

Aniqlanishicha, u 1984-yilda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan. Yollanma ustachilik bilan shug‘ullanib kelgan T.Sanjar 2009-yilda o‘zidan qariyb 11 yosh katta zangiotalik N.U. (bedarak yo‘qolgan qizning onasi) bilan shar’iy nikohdan o‘tib, birga yashab kelgan. 2011-yilda bu yigit surxondaryolik qizga rasman uylanadi. Uning uylanishi «birinchi xotini» N.U.ga yoqmaydi, rashk tufayli o‘rtada janjal kuchayishi oqibatida T.Sanjarning keyingi oilasi buzilib ketadi. Shunga qaramay, N.U. yigit bilan birga yashamaydi, aksincha, 2012-yilning aprelida ishlash uchun Turkiyaga ketadi.

O‘zini «jazman deb xotindan quruq qolgan»day his qilgan T.Sanjar esa buning uchun qasd olishni rejalaydi va N.U.ning 1995-yilda tug‘ilgan qizining ruhiy nosog‘lomligidan foylanib, uni aldov yo‘li bilan Parkent tumanidagi dala-hovliga (dala-hovli N.U.ga tegishli) olib boradi. Va o‘sha yerda uni choyshab bilan bo‘g‘ib o‘ldirgach, murdasini mazkur xonadon yerto‘lasiga ko‘mib yuboradi.

T.Sanjarning ko‘rsatmalariga asosan voqea joyida tekshirish tergov harakatlari o‘tkazilganda, darhaqiqat, u ko‘rsatgan manzildan inson suyaklari topildi...

Ayni paytda T.Sanjar qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring