9 oyda 2,4 mln nafar o‘zbekistonlik ishli bo‘lgani aytildi
Hududlardagi hokim yordamchilari tomonidan 2022-yil yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 2,4 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlangan. Bu haqda O‘zA nashri Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga tayanib ma’lumot bermoqda.
Xususan:
- 903 ming nafar fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirilgan;
- 914 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan;
- 82 ming nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkorlikka (yollanma ishchilari bilan birgalikda);
- 158 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan;
- 392 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratilgan.
Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 347 mingta loyihaga 8,1 trillion so‘m imtiyozli kreditlar va 46 mingdan ortiq ishsizlarga 152,5 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan.
Bundan tashqari, hokim yordamchilari tomonidan 274 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun yo‘naltirilib, ularning 223 ming nafari o‘qishni tamomlagan. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 46 mingdan ortiq «mahallabay» mikroloyihalarning 35 mingtasi ishga tushirilib, 175 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan.
Bunda, 1 ming 800 ta loyiha ko‘p qavatli uy-joylar yerto‘lasini ijaraga berish orqali, 2 ming 940 tasi mahalladagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanish hisobiga amalga oshirilgan. Mahallalarda amalga oshirilgan ishlar natijasida 77 mingta yuridik va 76 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shuningdek 6,3 mingga yaqin korxonalarning faoliyati kengaytirilgan va kam quvvat bilan ishlayotgan 9,7 mingta korxonalarning quvvatlari tiklangan.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Muxtor Shonazarovga ko‘ra, bugungi kunda 9 ming 294 nafar hokim yordamchisi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Davstatqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekistonda mehnat bilan band bo‘lgan aholi soni 13,8 mln. nafarni, ishsizlar soni esa 1,3 mln. nafarni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter