Rossiyalik deputat abortdan bosh tortgan ayollarga pul to‘lashni taklif qildi
Rossiyalik deputat Sulton Hamzayevga ko‘ra, homilasini abort qildirmagan rossiyalik ayollar moddiy jihatdan rag‘batlantirilishi kerak. Buning evaziga homilador ayol bolani dunyoga keltirishi va davlatga topshirishi kerak. Davlat Dumasi deputati hukumatga murojaatida mana shu taklifni ilgari surgan.
«Men abort qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qaror o‘rniga farzand ko‘rishga qaror qilgan ayollarni moddiy rag‘batlantirish g‘oyasini ko‘rib chiqishni taklif qilaman. Buning evaziga ular bolasini dunyoga keltirganidan so‘ng tarbiyalash uchun davlatga topshirishlari shart bo‘ladi. Menimcha, Rossiyada abortlar sonini kamaytirish strategiyasida eng muhimi bu bola hayotini saqlab qolishdir», – deyiladi Hamzayevning Rossiya bosh vaziri o‘rinbosariga murojaatida.
Hamzayevning ta’kidlashicha, ayni paytda deputatlar «Sog‘liqni saqlash asoslari to‘g‘risida»gi qonunning homiladorlikni sun’iy ravishda tugatish to‘g‘risidagi 56-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqmoqda.
«Men hamisha davlat onani himoya qilish funksiyasiga ega bo‘lishi kerak degan nuqtai nazarda bo‘lganman va shu fikrimda qolaman. Agar homilador ayol allaqachon farzandini abort qilishga qaror qilgan bo‘lsa, bolani saqlab qolishning eng samarali usuli – uni davlat qaramog‘iga olishdir», – deb aytgan Hamzayev.
Avvalroq Rossiya SSV mamlakatda 2023-yilda bolasini oldirib tashlamoqchi bo‘lgan ayollarning 22 foizdandan ortig‘i o‘z fikrini o‘zgartirgani, natijada 45 ming kishining hayoti saqlab qolinganini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter