Adliya vaziri Ruslan Davletov: ilk maktab kunlari, birinchi muallim, ustozlarning inson hayotidagi o‘rni haqida
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ustozlar kuni sabab barcha kasb egalarini tabriklab, o‘z hayotida muhim o‘rin tutgan fidoyi kasb egalari haqida gapirdi.
— Ilk maktabga borgan kuningiz va birinchi ustozingizni ko‘rganingizdagi hayajoningiz qanday bo‘lgan?
— Men ham oddiy bolalardek (yuziga tabassum yuguradi) juda sho‘x, to‘palonchi, bebosh edim. Bolaligim juda zavqli o‘tgan. Sinfdosh qizlarimizni ham ko‘p xafa qilardim. Balki hozir ular intervyuni o‘qiyotib, buni eslashar. Maktabga borgan birinchi kunimni yaxshi xotirlayman. Chunki bu kun men uchun juda katta kun bo‘lgan. Menga shu kuni maktab eshigi emas, balki yangi bir olamning eshiklari ochilgandi. Maktabimiz o‘zim tug‘ilib o‘sgan Shovot tumanidagi qishloqdan naq uch kilometr olisda, Turkmaniston bilan chegara bo‘lgan hududdagi 31-son maktab edi. Har kuni sinfdoshlarimiz bilan piyoda borib-kelardik. Boshqa tengdoshlarimdan farqli ravishda men olti yoshdan maktabga borganman. Bog‘chadagi o‘rtoqlarim men bilan maktabga chiqishmaganidan xafa bo‘lganman. Birinchi ustozim, bizga ilk harf tanitgan inson Xonimjon opani ko‘p eslayman. Juda ham fidoyi, jonkuyar inson. Bizga hayotda ilk bilim berib, ilk hayotiy tasavvurimizni boyitgan inson sifatida qadrlayman birinchi ustozimni.
Keyinchalik qishlog‘imizda ham maktab qurilgan. Shu sababli Shovot tumanidagi 47-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘qishimiz ko‘chirilgan. Bu yerda xolam direktor o‘rinborsari bo‘lib ishlardi, sho‘xliklarim uchun menga juda ko‘p tanbeh berardi. Deyarli har kuni dakki eshitardim. Va bu menga o‘sha vaqtda qattiq botardi. Hozir o‘ylasam, bu qarindoshligimiz uchun menga suyanmasin, o‘zi o‘qishga intilsin deb qilingan munosabat ekan. 9 sinfdan boshlab esa tumandagi matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan Al-Xorazmiy nomidagi 1-son viloyat litseyida o‘qishni davom ettirganman.
Litseyda tarix faniga qiziqishim ortgan. Xorazm viloyat olimpiadasida tarix fani bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaganman. Bu menga katta imkoniyat bergan. Xususan, tarixni o‘rganishga qiziqish, davlatchilik, jamiyatning paydo bo‘lishi, nega yer sharining u tomoni bilan bu tomonida jamiyatlar rivojlanishi har xil kechganligi, urushlarning, diniy munosabatlarning sivilizatsiyaga ta’sirini o‘rganishga ishtiyoqimni oshirgan.
— Birinchi o‘qituvchingiz Sizning bola tasavvuringizni qanday fazilatlari bilan o‘ziga rom etgan?
— Mening hayotimda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarimni hurmat bilan eslayman doim. Bularning biri birinchi ustozim bo‘lsa, keyingisi rus tili o‘qituvchimiz bo‘ladi. Bu inson ham kuchli pedagog bo‘lgan. Hozirgacha Xorazmga borganimda ularni yo‘qlab turaman. Bu inson menga rus tilida ravon gapirishga, grammatikasini o‘rganishimga katta yordam bergan. Shuningdek, fransuz tilidan dars bergan ustozimni ham yaxshi eslayman. Afsuski, hozirda ustozim hayot emas, lekin haqiqiy o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan.
— Shaxsning qanday kamol topishi, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi birinchi ustozga bog‘liqmi?
— Turtki bo‘lishi mumkin. Lekin o‘ylaymanki birinchi ustoz hayotdagi hamma xulosalar, hamma qadamlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas. Bu odamning o‘ziga ham bog‘liq. Chunki hayotda maktabdan keyin ham jiddiy bosqichlar bor. Masalan, mustaqil fikr shaklanadigan, katta hayotga kirib keladigan davr bu talabalik davri albatta. Maktabda odam jiddiy o‘ylar bilan yurmaydi, baribir bolalikmi bolalik, o‘n sakkiz yoshgacha biz voyaga yetmagan hisoblanganimizdan bu davrda bilimga berilib, o‘ynab-kulib, do‘stlar bir-biriga mehr qo‘yib shakllanadigan davr hisoblanadi. Hammaning hayotida ham birinchi ustozining ta’siri har xil bo‘ladi. Mening huquqshunos bo‘lishimda litseydagi o‘qituvchilarimning ta’sir katta bo‘lgan.
— Ustozlarga tilaklaringiz...
— Butun borlig‘ini, mehrini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati hamisha yuksak baholarga munosibdir. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning, murabbiylarning nufuzini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Soha qaddini rostlayapti. Davlat rahbari kuni kecha o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigida «Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz «O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak» degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz», degan ta’kidida ham mazkur ezgu maqsad mujassam. Jamiyatimiz ravnaqini hech qachon tashqaridan kimdir kelib ko‘tarib qo‘ymaydi. Yurt ravnaqini o‘zimizning salohiyatli kadrlar yuksaltirishi mumkin. Bunday kadrlarni esa fidoyi, mahoratli, bilim bazasi kuchli bo‘lgan ustozlargina shakllantira oladi.
Aziz ustozlar mashaqqatli mehnatingizni doimo qadrlayman. Shaxsan o‘zim hamda Adliya vazirligi jamoasi nomidan Siz azizlarning kelajak egalari kamoloti yo‘lidagi buyuk xizmatlaringizga muvaffaqiyat tilayman.
Hamisha muhabbatimiz va hurmatimiz, ardog‘imizdasiz!
Dilfuza Ergasheva suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter