Adliya vazirligi xodimlari Janubiy Koreyada stajirovka o‘taydi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillarining Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi huquqiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida huquq va qonun ijodkorligi sohasidagi davlat organlarida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, O‘zbekiston Adliya vazirligi Xalqaro huquqiy hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i N. Jumaniyozov Koreya Respublikasi Adliya vazirligi, Hukumat qonunchiligi vazirligi va Qonunchilikni tadqiq qilish instituti vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat idoralari o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston Adliya vazirligi xodimlarining ushbu idoralar faoliyatini o‘rganish va vazirlik faoliyatini takomillashtirish, eng yaxshi tajribani joriy etish uchun Koreya Respublikasi Adliya vazirligi va Hukumat qonunchiligi vazirligida stajirovka o‘tishini tashkil qilishga kelishib olishdi.
Koreyaning Qonunchilikni tadqiq qilish instituti rahbari Ik Xyon Ri bilan uchrashuv chog‘ida milliy qonunchilik siyosatini qo‘llab-quvvatlash va qonunchilik axborotini o‘z vaqtida va aniq tarqatishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish uchun mazkur institutning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti va «Adolat» huquqiy axborot markazi bilan hamkorlik muhimligi qayd etildi. Xususan, Ik Xyon Ri Koreya tomoni o‘zbekistonlik hamkasblari bilan qonunchilik axborotini tizimli ravishda yig‘ish va ishlash, yuridik va qonunchilik masalalarini o‘rganish va tadqiq qilishning zamonaviy uslublari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter