Afg‘onistonda O‘zbekistonga aloqador madaniy boyliklar kam emas
Samarqandda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VII Xalqaro Kongressi shu vaqtgacha loyihada ishtirok etmagan davlatlar, manzillarni jalb qilishga alohida e’tibor qatarmoqda. Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga yuborilgan taklifnoma ana shu maqsadga qaratilgan edi.
Tadbirda ishtirok etgan Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Muhammadsobir Turkistoniy Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk farzandlari boshqargan yuksak madaniyatli zaminda madaniy meros ham ana shunga muvofiq bo‘lishi tabiiy dedi:
– Bir vaqtlar Movorounnahr deb atalgan ikki daryo oralig‘idagi zaminda O‘zbekiston ham, Afg‘oniston ham joylashgan. Madaniyatimizda mushtarak jihatlar kam emas.
Alisher Navoiy hazratlari madaniy merosi O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarining boyligidir. Alisher Navoiy bobomizning xoklari Hirot viloyatida. Hirotda sulton Husayn Boyqaro davrida qurilgan minoralarning hammasi yagona majmua sifatida qad ko‘targan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa Kobulda dafn qilingan. Bog‘i Bobur deb ataladigan majmuada.
Afg‘onistonda ham ulkan madaniyat muzeylari bor. Kobulda, Hirotda, Mozori Sharifdagi muzeylarimizda osori atiqalarimiz saqlanadi.
Kongress ekspertlari Afg‘oniston muzeylarida, shuningdek, aholi qo‘lida bevosita O‘zbekiston madaniy merosiga daxldor noyob ashyolar, nodir qo‘lyozmalar saqlanayotgani ehtimoli yuqori deb ta’kidlaydilar.
– Afg‘oniston bilimdonlaridan da’vat bo‘lsa, biz ularning ishtirokini ta’minlaymiz. Shu vaqtgacha bu loyihada Afg‘onistondan ishtirok bo‘lmagan. Lekin, kelajakda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati anjumanlarida, boshqa yon qo‘shnilari qatori Afg‘oniston olimlari ham nodir topilmalar haqida ma’lumotlarni taqdim qilishlariga umid bildiramiz, – deydi Muhammadsobir Turkistoniy.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VII Xalqaro Kongressi so‘nggi majlislarida Turkmaniston davlat muzeyida Xiva kumush taqinchoqlari, Rossiya xususiy fondida esa noma’lum muallif tomonidan yaratilgan Mirzo Ulug‘bek tasviri saqlanayotgani ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter