Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aholini ro‘yxatga olish — u nima va bizga qanday naf keltiradi?

Aholini ro‘yxatga olish — u nima va bizga qanday naf keltiradi?

O‘zbekistonda 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu qanday jarayon va u bizga nima uchun kerak? Xabar.uz ahborot tahliliy portali ushbu tadbirga atroflicha to‘xtalib o‘tadi.

Maqsad

Ro‘yxatga olish jarayoni aholining yoshi, jinsi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanishiga yordam beradi. Bu orqali yurtimizda demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlar aniqlab olinadi. Shu tariqa qaysi hududda yangi maktab va poliklinikalar qurish kerakligidan tortib, ijtimoiy muhofaza, qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlarigacha ma’lum bo‘ladi.

Qayta ro‘yxatga olish birinchi navbatda qayerda yangi turar joy maskanlari, yo‘l va ko‘prik qurish kerakligini aniqlash imkonini beradi. Faqat aniq ma’lumotlar asosidagina budjet mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish mumkin.

Ijtimoiy muhofaza

Qayta ro‘yxatga olish ijtimoiy muhofaza loyihalarini samaraliroq yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. O‘zbekiston xalqi yaqin vaqtlarda qariyb 40 millionga yetishi kutilmoqda, tabiiy aholi soni tobora ortib borishi asnosida ijtimoiy muhofazani kuchaytirish oshirish zarurati ham yuzaga keladi.

Aholining ro‘yxati qayta shakllantirilganda esa:

• Kam ta’minlanganlar, yordamga muhtojlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga nafaqa va imtiyozlarni shakllantirish.

• Ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlarni qayta o‘qitish, kasbga yo‘naltirish, yangi o‘quv markazlari, monomarkazlar ochish.

• Aholi o‘rtasidagi turli kasalliklarni aniqlash, tibbiy loyihalarni shakllantirish.

• Pensiya va nafaqalar hajmini belgilash, shakllantirish mumkin bo‘ladi.

Jarayon

Mustaqil O‘zbekistonning 34 yillik tarixi davomida hali biror marta aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘tkazilmagan. Tabiiyki bunday vaqtda turli savollar paydo bo‘lishi turgan gap. Xo‘sh, bu jarayon qanday amalga oshiriladi?

Ro‘yxatga olish ikki usulda bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Birinchi usulda, 2026 yilning 15 yanvaridan 31 yanvargacha bo‘lgan muddatda census.stat.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Ikkinchi usulda, 4 fevraldan 28 fevralgacha bo‘lgan muddatda maxsus o‘quvdan o‘tgan shaxslar uyma-uy yurib, ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradilar.

Tabiiyki shu o‘rinda yana bir savol paydo bo‘ladi – aholidan yig‘ib olingan shaxsiy ma’lumotlar tarqalib ketmaydimi? Har holda axborot asrida yashamoqdamiz va deyarli har kuni qandaydir holatlar uchrab turibdi.

Xotiringizni jam qiling, hammasi o‘ylab qo‘yilgan.

Konfidensiallik

Qayta ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi. Ma’lumotlarning sifatliligi aholi faolligi va olingan ma’lumotlar to‘g‘riligiga bog‘liq. Shu sababli har bir xonadon ushbu tadbirda faol ishtirok etishi, ro‘yxatga olish muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashda ahamiyatli hisoblanadi.

Xalqaro tajriba

Ro‘yxatga olish mustaqil respublikamizda tarixiy voqea ekanini aytib o‘tdik, lekin dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida ushbu tadbir muntazam amalga oshirib kelinadi. Bu jarayon Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham tavsiya qilinadi.

Aniq misollar bilan keltiradigan bo‘lsak, ro‘yxatga olish ishlari xorij tajribasida bir qator afzalliklarni keltirgan. Germaniyada qaysi hududlarda tug‘ilish kamayib, qay birida oshgani aniqlangan va aholi soni oshishi kutilayotgan joylarda qo‘shimcha maktab va bog‘chalar qurilgan.

Kanadaning Vankuverida esa ro‘yxatga olish natijasida qaysi hududdan shahar markaziga qatnov ko‘p ekani aniqlandi va yangi metro liniyasi qurildi. Aholining o‘rtacha yoshi tobora oshib borayotgan Yaponiyada qayerda yordamga muhtoj qariyalar ko‘p ekani aniqlanib, o‘sha yerda qo‘shimcha ijtimoiy muhofaza ob’yektlari ishga tushirildi.

Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin. Ro‘yxatga olish ma’lumotlari «ijtimoiy himoya», «investitsiya», «uy-joy», «sog‘liqni saqlash», «madaniyat», «turizm», «ta’lim», «yo‘l qurilishi va infratuzilma» kabi manzilli dasturlarni to‘g‘ri tayyorlash va amalga oshirish uchun kerak bo‘ladi. Qaysidir hududda biror ijtimoiy ob’yekt qurish kerak bo‘lsa, kerakli tashkilotlar bunday zaruratni o‘n, o‘n besh yil oldin biladi va rejalashtirib qo‘yadi.

Foydalimi? Foydali!

Hukumat

Ishonchli axborot hukumat ishini ham osonlashtiradi, turli darajadagi qisqa va uzoq muddatli dasturlarni belgilash, zarur prognozlarni samarali ishlab chiqish uchun kerak bo‘ladi. Ma’muriy birlik hududida aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar boshqaruv tizimini optimallashtirish, shuningdek, ijtimoiy sohani aniq va samarali foydalanishini ta’minlaydi.

Masalan, budjet xarajatlarini kamaytirish uchun subsidiyalar hajmi ma’lum bir hududda yashovchi aholi soni va tarkibi asosida aniqlanadi.

Inson salohiyati

O‘zbekiston iqtisodi yil o‘tgan sari rivojlanib bormoqda. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti so‘nggi 7-8 yilda ikki barobarga oshdi va bugungi kunda jon boshiga qariyb 3,5 ming dollarga yetgan. Har qanday zamonaviy iqtisodiyotning asosiy manbai – inson salohiyati hisoblanadi. Bugungi kundagi asosiy vazifa mana shu salohiyatdan samarali foydalanish va kuchliroq bo‘lishdir.

Buning uchun aholi tarkibi, uning iqtisodiy faolligi, ta’lim darajasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish shart.

Migrantlar

Ochig‘ini aytish lozim, garchi iqtisodiy omillar o‘sib borayotgani bilan hamon mehnat muhojirlarining ahamiyati dolzarbligicha qolmoqda. Ro‘yxatga olish nafaqat mamlakatda qancha odam borligi, balki qancha hamyurtimiz qaysi mamlakatlarda faoliyat olib borayotgani haqida ham ma’lumot beradi. Bu esa o‘z navbatida ularning muhofazasi uchun olib borilayotgan ishlarni ham muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Xorijdagi fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qila olishimiz uchun u yerda qancha yurtdoshimiz borligini bilishimiz kerak.

Hozir nimalar qilinmoqda?

Ro‘yxatga olish tadbiri ancha mas’uliyatli vazifa hisoblanadi va uni yuksak saviyada tashkil etish uchun quyidagi ishlar olib borilmoqda:

• hududlarda o‘quv seminarlari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda;

• ro‘yxatga oluvchilar hamda nazoratchilarni tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan;

• ro‘yxatga olish jarayonida elektron planshetlar va maxsus axborot tizimlaridan foydalanish rejalashtirilgan;

• fuqarolarga elektron savolnomalarni to‘ldirish tartibi va jamlangan ma’lumotlarning maxfiyligi yuzasidan tushuntirishlar berilyapti.

Savolnoma jami 71 ta savoldan iborat bo‘lib, shundan 54 tasi aholi, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid masalalarni qamrab oladi.

Xulosa

Aholini ro‘yxatga olish shunchaki tadbir emas, balki ancha ko‘proq narsani anglatadi. Bu mamlakatning insoniy salohiyati, resurslari, ehtiyojlari va istiqbollarining keng ko‘lamli inventarizatsiyasidir. Aholini ro‘yxatga olish anketasidagi har bir to‘ldirilgan maydon millionlab odamlar hayotiga ta’sir qiladigan kelajak poydevoridir. Har bir fuqaro ro‘yxatga olishda faol ishtirok etishi shart. Unutmang, sizning ishtirokingiz jamiyat va davlat rivojiga kiritiladigan ulkan investitsiyadir.

O‘zbekiston kelajagi o‘z qo‘limizda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring