Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Akademik qarzdorligi bo‘lgan talabalarni o‘qishdan chetlatish taklif qilinyapti

Akademik qarzdorligi bo‘lgan talabalarni o‘qishdan chetlatish taklif qilinyapti

Hukumatning «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qaroriga tegishlicha o‘zgartirish kiritish taklif qilinyapti.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishlab chiqqan Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra,  824-son qaror bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 42-bandidan «Semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bor ta’lim oluvchilar o‘qishdan chetlashtirilmaydi.» so‘zlari chiqarib tashlanadi.

Ya’ni, talabalarni o‘qishdan chetlashtirish, qayta tiklash, kursdan kursga o‘tkazish mexanizmlarini nazarda tutuvchi amaldagi 42-band, jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

«...GPA (ta’lim oluvchining dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballari o‘rtacha qiymati) o‘tish ballini to‘play olmagan talaba qayta o‘qish uchun tegishli kursda qoldiriladi. Semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bor ta’lim oluvchilar o‘qishdan chetlashtirilmaydi. Kursdan kursga qolgan talabalar faqat qarzdor bo‘lgan fanlarni o‘zlashtirib ularga mos ravishda shartnoma mablag‘larini to‘laydi. Shartnoma asosida bir kursda qayta o‘qish soni chegaralanmaydi…»

Mazkur hujjat loyihasi matniga tegishli vazirlik va idoralar ham o‘z munosabatini bildirgan. Xususan, «Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi» loyiha ofisi hujjatdagi akademik qarzdorligi bo‘lgan talabalarni o‘qishdan chetlatish taklifiga qarshi chiqqan.

Loyiha ofisi vazirlikka taklif etilayotgan o‘zgarish kredit-modul tizimi konsepsiyasiga va xalqaro amaliyotga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, akademik qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda, talabalarga o‘sha fanlarni qayta topshirish, boshqa semestrda o‘zlashtirish yoki fanning davriyligi tugab, uning o‘rniga kiritilgan yangi modulni o‘zlashtirish imkoniyatlarini berish bu kredit-modul tizimi mezoni hisoblanishini eslatmoqda.

«Shu sababli, faqat akademik qarzdorlik tufayli talabani o‘qishdan chetlashtirish ushbu tizimning asosiy tamoyillariga zid hisoblanadi», – deyiladi Loyiha ofisi munosabatida va yuqoridagilardan kelib chiqib Hukumatning 824-son qarori 1-ilovasi 42-bandidagi «Semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bor ta’lim oluvchilar o‘qishdan chetlashtirilmaydi» jumlasi chiqarib tashlanmasligi kerakligi aytiladi.

Shuningdek, mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuqoridagi taklif va e’tirozlar inobatga olinib tuzatilgan taqdirda kelishilgan deb hisoblanishini qo‘shimcha qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring