Albaniya: Cudya sud majlisida otib o‘ldirildi

Albaniya poytaxti Tirana shahri apellyasiya sudida mulkka doir nizoni ko‘rib chiqish vaqti oshkora qotillik sodir etildi.
“Euronews” telekanali xabar berishicha, 30 yoshli Elvis Shkambi ismli shaxs sud majlisi payti sudya Astrit Kalayani to‘pponchadan o‘qqa tutgan. Sudya og‘ir jarohat oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Ishi tergov ostida bo‘lgan Elvis Shkambi mahkama chog‘i da’vogar ota va o‘g‘ilga ham o‘q uzgan. Ular shifoxonada davolanmoqda.
Da’vo ishida yutqazishi ma’lum bo‘lib qolgan ayblanuvchi sudya va da’vogarlar joniga qasd qilgani aytilmoqda.
Qotillikda gumonlanayotgan shaxs bilan birga, uning amakisi va sud binosi qo‘riqchisi ham hibsga olingan.
Tergov idorasiga ko‘ra, ayblanuvchi va amakisi sud binosiga kirayotgan vaqtda metallodetektor ogohlantirish signalini chalganiga qaramay, qo‘riqchi ularni tegishli tartibda tintib ko‘rmagan.
Albaniya bosh vaziri Edi Rama fojiali hodisani qoralab, o‘qotar qurollarni qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishni taklif qilgan.
Sud majlisida sudyalar joniga qasd qilish holatlari kam bo‘lsa-da uchrab turadi. BBC nashri yozishicha, o‘n yil avval Italiyaning Milan shahrida ham bankrotlik ishini ko‘rib chiqayotgan sudya otib o‘ldirilgan. Sudlanuvchi advokat va da’vogarning ham joniga qasd qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter