Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vitse-prezidenti etib saylandi

Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vitse-prezidenti etib saylandi

Foto: TIV matbuot xizmati

20 may kuni Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi o‘z ishini boshladi, deya xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, JSSAning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylangan.

"Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarning JSST tomonidan e’tirof etilishidan dalolat beradi", - deyiladi manbada.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi - JSSTning oliy organi bo‘lib, uning faoliyatida tashkilotga a’zo barcha davlatlar delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy funksiyalariga JSST faoliyati yo‘nalishlarini belgilash, tashkilot bosh direktorini tanlash, budjetni tasdiqlash va nazorat qilish kiradi. Assambleya raisi va uning 5 nafar o‘rinbosari JSSTning har bir hududidan bittadan saylanadi va JSSA yalpi sessiyalarida navbatma-navbat raislik qiladi.

JSSAning hozirgi sessiyasida dunyoning 190 dan ziyod mamlakatidan 3 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda. 150 nafarga yaqin sog‘liqni saqlash vaziri, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, xalqaro jamg‘armalar va ilmiy doiralar shular jumlasidandir.

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining yalpi sessiyada chiqishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, JSST rahbariyati hamda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi va sog‘liqni saqlash tizimidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga doir ustuvor masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi sessiyasi 28 mayga qadar davom etadi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring