Alisher Shodmonov: «Maktablarni epidemik o‘choqqa aylantirib qo‘yishga haqqimiz yo‘q»
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida maktablarda 2020-2021-o‘quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda 28 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi, maktablarning yangi o‘quv yiliga tibbiy, sanitariya-epidemiologik tayyorgarligini nazorat qilish, mazkur jarayonda tibbiyot xodimlarining ishtiroki, ularga yuklatilgan vazifalar hamda tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etilishi zarur bo‘lgan muhim masalalar muhokama qilingan.
Alisher Shodmonov pandemiya sharoitida mahalliy hokimliklar, tibbiyot va ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb muammolarni sanab, ularning yechimlariga ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, mamlakatimizdagi mavjud 9942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, mahalliy hokimliklar bu muammoni hal etishi muhimligini ta’kidlagan.
«Ta’lim muassasalarida tozalik va ozodalikni saqlash, dezinfeksiya ishlari — alohida e’tibor qaratishimiz muhim bo‘lgan masalalardan biri. Buning uchun sanitariya xizmati markazlari shu yilning 5-sentyabriga qadar o‘z hududlaridagi o‘quv dargohlarining tayyorgarlik holatini o‘rganib, maktab jamoasini tekshiruvchi bo‘lib emas, balki ularga har jihatdan amaliy ko‘mak berib, dars jarayonlarida epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash borasida trening va repetitsiyalar o‘tkazishi zarur. 480 ming nafardan ortiq o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadigan va 6,2 million nafardan oshiq o‘quvchi tahsil oladigan ta’lim muassasalarini epidemik o‘choqqa aylantirib qo‘yishga haqqimiz yo‘q»,— dedi Sog‘liqni saqlash vaziri.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, ta’lim muassasalarining 1057 tasida tibbiyot xonalari yo‘q, tibbiyot xonalari va izolyatorlarni tashkil etishda mahalliy hokimliklar va xalq ta’limi mutasaddilariga tibbiyot xodimlari o‘z tavsiyalari va ko‘rsatmalari bilan yaqindan yordam beradi.
Bundan tashqari, maktab oshxonalarining holati, ularning sanitariya talablariga javob berishi zarurligi, sifatiga shubha qilingan ovqatlarni muassasa hududiga kiritish va noqonuniy savdoning oldini olish kerakligi, ko‘p maktablarda hojatxonalarning ham gigiyena talablariga javob bermasligi kabi qator muammolarga to‘xtalib o‘tilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter