Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Sultanov va Murod Azimov o‘rniga yangi vitse-prezidentlar saylandi

Alisher Sultanov va Murod Azimov o‘rniga yangi vitse-prezidentlar saylandi

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 26-dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masalalardan yana biri tashkilotga vitse-prezidentlarni saylash edi. Bungacha MOQ vitse-prezidenti lavozimiga jamoatchilik asosida saylangan Alisher Sultanov va Murod Azimovlarning asosiy faoliyatidagi ish hajmi oshganligi, davlat xizmatlari yuzasidan muhim topshiriqlar va davlat ahamiyatiga molik yirik dasturlar ijrosiga mas’ul ekanligini inobatga olib, ushbu lavozimlarga bir nechta nomzodlar o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida, bugungi o‘zbek sporti rivoji va nufuzini oshirishda o‘zining mehnati va tajribasini ayamasdan, salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi raisi Ahmadjon Amindjanovich Rahimov hamda Osiyo kurash konfederatsiyasi prezidenti Komiljon Ismoilovich Ro‘ziyev nomzodiga ishonch bildirildi. Qatnashchilar bir ovozdan ushbu nomzodlarni qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa Ahmadjon Rahimov va Komiljon Ro‘ziyev Milliy olimpiya qo‘mitasining vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib boradigan bo‘lishdi.

MOQ Ijroqo‘mi a’zolari tarkibi esa quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Umid Ahmadjonov – Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti
  • Jasur Matchanov – Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi
  • Ahmadjon Rahimov – Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti
  • Komil Ro‘ziyev – Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti
  • Salim Abduvaliyev – Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti
  • Saida Mahmudova – O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi
  • Andrey Abduvaliyev – O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi
  • Xudoyor Ahmedov – O‘zbekiston «Rowing and Canoeing» federatsiyasi raisi
  • Alamjon Mullayev – O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi raisi
  • Bahrom Gaziyev – O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi
  • Otabek Imomov – O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi
  • Aziz Komilov – O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi
  • Bahodir Ahmedov – O‘zbekiston chim usida xokkey federatsiyasi raisi
  • Shahrillo Mahmudov – O‘zbekiston og‘ir atletika raisining birinchi o‘rinbosari
  • Kozim O‘rinboyxo‘jayev – O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari
  • Shoikrom Isroilov – O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti
  • Eldor Anorboyev – O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bosh kotibi
  • Igor Shepelov – O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi
  • Ruslan Mustayev – O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi o‘rinbosari
  • Marat Kurbanov – Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi
  • Ulug‘bek Mirhaydarov – O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi
  • Komil Yarashev – O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori

So‘ngra taftish komissiyasi a’zolariga nomzodlar tanishtirildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Komil Yarashev, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh hisobchisi Saida Imomgaliyeva va O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh hisobchisi Surayyo Po‘latxo‘jayeva taftish komissiyasi a’zolari sifatida saylandi. Yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish bo‘yicha esa O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi Saida Mahmudova mas’ul sifatida biriktirildi.

Assambleya davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov so‘zga chiqar ekan, tashkilotning bugungi kundagi eng asosiy vazifasi Tokio 2020 Olimpiadasida munosib ishtirok etish, har jabhada natijalarni yaxshilash ekanligini aytib o‘tdi.

«MOQ Ijroqo‘midan har bir sport federatsiya rahbarlari, vakillari o‘rin oldi. Bundan maqsad barcha bilan hamjihatlikda, bir oila bo‘lib ishlashdir. Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha muhtaram yurtboshimiz tomonidan katta topshiriqlar berilgan. Kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan Olimpiadada Riodagi musobaqada qayd etilgan ko‘rsatkichni yaxshilashimiz lozim. Biz Prezidentimizning yonlarida turib, xalqimiz ishonchini oqlaymiz va nasib qilsa Tokiodan yorug‘ yuz bilan qaytamiz», – dedi MOQ rahbari.

Shu tariqa, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring