Alpomishning tog‘alari qayerda?

Jizzax shahridan kunchiqar tarafga qarab yo‘nalgan asfalt yo‘l go‘yoki Turkiston tizma tog‘lari hududini Mirzacho‘l sarhadlaridan chegaralayotganday tuyuladi. Aholi manzillari ahyon-ahyonda uchraydi, ba’zan ularni oralab, ba’zan chetlab yuramiz. Yo‘l ko‘rsatkichlari Ravot, Mag‘ol, Achig‘i kabi joy nomlarini bizga tanishtiradi, shu asnoda ular tarixiy manbalarda qayd etilgani ham yodimizga tushadi.
Aniqki, biz qadim Buyuk Ipak yo‘lining tarmoqlaridan biri bo‘ylab borayotirmiz, deya o‘ylaymiz va bu fikr qalbimizga allanechuk tuyg‘ular berib, vujud esa sezilar-sezilmas hayajonli titroq va quvonchga to‘ladi.
Necha-necha asrlik kechmish sinoatlarini bag‘rida jamlagan tarixiy va zamonaviy manzillarni o‘zaro tutashtiruvchi mazkur yo‘l bizni Zomin tumani markaziga olib bordi.
Choqqina ko‘rkam shaharcha bo‘ylab ancha yuriladi. Katta chorraha kelganda esa yo‘limiz o‘ngga, bizga kerakli manzil sari buriladi. Xiyol vaqt o‘tmay shahardan chiqib ketamiz va ko‘z o‘ngimizda o‘rkach-o‘rkach adirlar namoyon bo‘ladi. Uzoq tog‘lardan kelayotgan suvi mo‘lgina soy o‘zaniga tushgan mashina endi shitob bilan yuqoriga qarab intiladi.
– Bu Zominsuv, – deydi haydovchimiz.– Endi yo‘lning yarmidan ozi qoldi...
Yana bir oz jadallab yurgach, haydovchi ulkan devolga ishora qiladi:
– Zomin suv ombori, to‘g‘rirog‘i, uning to‘g‘oni mana shu! Yo‘limiz hali huv tepalikka chiqib boradi, o‘shanda yaxshilab tomosha qilasizlar. Shu hovuz suv muammosini hal qildi...
Qarshimizda turgan tog‘ quchog‘ida Zominsuv yoqalab tobora balandlab borayotgan yana qirq chaqirimcha yo‘l bizni ming metrdan ham ziyodroq yuksaklikka olib chiqishini hali bilmasdik...
Manzara tobora o‘zgarib boradi: yalang‘och adirliklardan keyin tog‘ boshlanib, yon-atrofda yakkam-dukkam o‘sgan katta-kichik daraxtlar uchradi, ko‘p o‘tmay archazor oralaymiz. Ikki yonda aholi uylari, qirg‘iz o‘tovlari lipillab ko‘rinadi, dam olish maskanlari nisbatan ko‘proq uchramoqda.
Nihoyat, tepasiga “Zomin milliy bog‘iga xush kelibsiz!” deya bitib qo‘yilgan mahobatli darvozaga keldik.
Bu yerda biroz to‘xtadik, rasmiy salom-alik va tanishuvdan so‘ng, yana olg‘a! –buyog‘i, Zomin milliy bog‘i hududi bo‘ylab yuriladi. Borayotganimiz tog‘ vodiysi quyidan yuqorigacha rosmana o‘rmon bo‘lib, yashil olam ichra qolgandik go‘yo!
Atrofda tog‘lar girillab aylanadi! Avtoulov qichab harakatlanadi. Balandlikka shitob bilan ko‘tarilayotganda kuchaygan bosim, endigina yerdan uzilib parvoz boshlagan samolyotdagi kabi, odamni mashina o‘rindig‘iga mixlab qo‘ymoqda!
Nihoyat... osmonu falakning yashil olami uzra suzayotgan sutrang Yarim oyga o‘xshash, yoki yana ham aniqrog‘i, ulkan oppoq kemaga monand ajoyib bir inshootga nigoh tushadi!
Bu – dengiz sathidan 2000 metr balandlikda, tog‘ bag‘rida 1981–1988 yillarda qurilgan, yetti qavatli, uzunligi 300 metrga yaqin, 600 o‘rinli, o‘sha mashhur “Zomin” sanatoriysi!..
Aytishlaricha, bir paytlar O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov sobiq Ittifoqning qudratli rahbarlaridan birini Zomin tog‘laridagi dala hovli, ya’ni dachaga olib kelgan. Ko‘p yillar nafas bo‘g‘ilishidan azob chekib yurgan yuqori martabali mehmon shu joyda darddan xalos bo‘lgan. Shunda u Sochi kurorti uchun mo‘ljallangan bir loyihani Zominda qurishga qaror bergan. Ushbu qurilish umumxalq shanbalik hasharidan tushgan mablag‘ hisobiga amalga oshirilgan.
Baland tog‘lar og‘ushidagi Zomin o‘zining betakror tabiati, ignabargli archa o‘rmonlari, shifobaxsh havosi, xushbo‘y dorivor o‘simliklari bilan alohida o‘ringa ega. Ko‘rkam tog‘lar, nihoyatda toza havo qalbiga orom, vujudiga shifo istagan har bir kishiga haqiqiy ko‘ngil xushbaxtligini ato eta oladi. Kislorod va ultrabinafsha nurlar bilan tabiiy yaxshi boyigan havo yuqori nafas yo‘llari va asab tizimi uchun nihoyatda foydali.
Bu joyda o‘tlar yoz bo‘yi sarg‘aymaydi. Tog‘larning salqin shabadasi kishini silab-siypalab turadi. Yonbag‘irlarni mahobatli, favqulodda go‘zal daralar chegaralaydi. Suv bo‘ylari oqterak, majnuntol va jiydalardan iborat qayir chakalakzor – baland to‘qaylar bilan qoplangan. Uzoq Sharq taygalariga monand haqiqiy qalin o‘rmonlarda o‘sayotgan baland archalarning hatto 800 yoshlilari uchraydi. Daraxtlar ko‘lankasida qor to yozgacha erimasdan son-sanoqsiz buloqlarni boyitib turadi. Mustahkam daraxt ildizlari tog‘ning eng tik yonbag‘ir tuprog‘ini ham mahkam ushlab turadi, suv-havo ta’sirida nurashlardan saqlaydi. Demak, 700 xildan ortiq o‘simlik barq urib o‘sayotgani bejizga emas. Hayvonot dunyosini aksariyat quyon, tulki va jayra tashkil qilsa-da, ba’zida bo‘ri, to‘ng‘iz, ayiq, hatto Turkiston silovsinini uchratish mumkin. Endigina urchiyotgan bir necha juft qora laylak eng noyob hisoblanadi. Tog‘ kakliklari va ularning yirik turi – tog‘ kurkalari soni esa anchagina.
– Men Kavkaz, Qrim, Truskavets, boshqa chet el kurortlarida ko‘p bora bo‘lganman, – dedi zominlik nuroniy Shokir ota Qambarov, – ammo Zomindagidek joyni uchratmadim. Ularning barchasida bir tomon tog‘ bo‘lsa, buyog‘i dasht, ko‘l yoki nari borsa daryo, bu yerda esa chor taraf tog‘. Bunday go‘zal tabiat hech joyda yo‘q, lof desangiz ham aytaman: Shveysariya mamlakatida ham yo‘q! O‘zimizning Zomin hammasidan yaxshi!..
Uzoq tarixga ega bo‘lgan Zomin zaminidagi qal’a va qo‘rg‘on xarobalari qadimda o‘tgan Ustrushona davlatining shon-shuhratidan dalolat beradi, asrlar osha og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan rivoyat-hikoyatlari mazkur yurt tarixini afsonalarga burkaydi....
Zominda bugungi kun afsonasi ham yaralmoqda...
– Kimlar ekan, bu qarapchi deganlari?
– Endi bildim: Alpomishning tog‘alari!
Turkiy xalqlarning eng qadim vakillaridan bo‘lgan o‘zbek eli, qavmlari tarixchi va etnograf olimlar tadqiq etganlaridek, o‘zining nihoyatda ulkan ma’naviy boyligi, bebaho milliy merosi bilan alohida mavqega ega. Shu ma’noda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yirik asari bo‘lgan «Alpomish» dostoni YuNESKO tomonidan jahon ahamiyatiga molik nodir badiiy, qomusiy va ilmiy qadriyat, deb topilgani bejizga emas.
Butun o‘zbek xalqining ma’naviy mulki bo‘lgan “Alpomish” dostoni yaratilgan maskan, bu – Surxon vohasi hisoblanadi. Alpomish mana shu bepoyon yaylovlarda, baland tog‘ daralarida gumburlatib ot chopgan, shu yurtning zilol ko‘llaridan suv ichgan, shu mag‘rur elga munosib pahlavon bo‘lib yetishgan.
Bilasiz, xalq og‘zaki ijodida Alpomishning asl ismi Hakimbek. Hakimbek degani – dardga darmon demakdir, uni yurt boshiga kun bo‘lib kelgan deydilar, ya’ni, tushuningkim, alp Alpomishning kelgani – xalqning boshiga kun tuqqani...
Nihoyat, shundoq ma’nolarda ham yana anglash lozimki, baxshilar Alpomishning onasini bekorga Kuntug‘mishbeka deb atashmagan, shekilli!
Ammo, faqat... Sobir Abdulla – o‘tgan asrning qirqinchi yillari yozma adabiyotda ilk marotaba qahramonlik eposining musiqali drama variantini yaratganida... Alpomishning onasiga Oyimjon deya ot qo‘ygan!..
Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan tabiiy savol tug‘ildi: Alpomishni tuqqan ona haqida hech o‘ylab ko‘rilganmi? Masalan, deylik, qayerdan va qaysi eldan? Bu to‘g‘rida nimalarni bilamiz?
E’tirofga ko‘ra, o‘zbek xalq eposi, jumladan, “Alpomish”da har tomonlama mukammal ishlangan ayol obrazi Barchin hisoblanadi, u davrning yuksak ideallarini o‘zida mujassamlashtirgan – Vatan va oilani sevish, xalqqa va qarindoshlarga hurmat, murakkab masalalarni hal qilishda mustaqillik va jasorat...
Keyingi o‘rinda Alpomishni qahramonliklarga undagan Qaldirg‘och, uning Barchinga nisbatan hurmati, chuqur ma’naviy dunyosi, oqko‘ngil va sofdilligi, akasiga, qarindosh-urug‘lariga mehru shafqati turadi
Ammo, Kuntug‘mishbeka obrazi borasida bu so‘zlarni aytib bo‘lmaydi, chunki, kaminaning kuzatuviga ko‘ra, Alpomishga ona hisoblanmish ayol dostonning syujet chiziqlarida aksar sezilmaydi, voqealarda ishtiroki qariyb yo‘q darajada!
Xo‘sh, mazkur soyada qolish holati qanday izohlanadi?
Buni dostonni kuylash (ijro etish) jarayonining qaysi bir o‘rinida yuzaga kelgan holatdan izlansa, to‘g‘ri bo‘lar, balki?
Ammo “Alpomish” dostonining 2014 yili “Tafakkur” nashriyoti chop etgan Surxondaryo variantida (aytuvchi: Xo‘shboq baxshi Mardonaqul o‘g‘li) buning aksini ko‘rasiz. Masalan, Kuntug‘mish obrazi bir necha o‘rinda ifodalanadi, unda hatto Hakimbekning xolasi aks etgan epizod ham bor!..
Jizzax viloyatining Zomin tumaniga dam olish uchun borib, bu borada kutilmagan ma’lumotlarga duch keldim.
Keling, yaxshisi, avvalo, zominlik shoir Hayot Shodmon (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) qalamiga mansub quyidagi satrlarga e’tibor qarataylik:
...Baxshilarning aytib ketgan bordir so‘zi,
Alpomish ham jiyan ekan bizga o‘zi,
Enalari bo‘g‘an asli Zomin qizi,
Sohibqiron shifo topg‘an, darmon elim,
Mulki Turon vafo topg‘an, qo‘rg‘on elim...
Alpomishning onasi asli Zomindan ekanligi... O‘zi esa ularga jiyan hisoblanishi... Xalqimiz og‘zaki ijodidan qay bir buloqlar ilhom berib yaratilmish ekan, ushbu g‘aroyib nazmiy qatorlar!?
Juda qiziq-da, bu! Shunday emasmi?
Xullas, izlab ko‘rilsa, uzoq-yaqin yillarda Sotiboldi, Alimbek, Omon, Xudoynazar, Yorlaqab singari baxshi-shoirlar umrguzaronlik qilgan yorug‘ maskanlardan biri bo‘lgan ekan, bu Zomin! Ular o‘z vaqtida boshqa dostonu termalar qatori “Alpomish”ni ham baravj kuylashgan. Xususan, qarapchilik Yorlaqab Beknazar o‘g‘li ijro etgan asar jonli ovozda to‘liq yozib olingani xabarini To‘ra Mirzayev qalamiga mansub “Alpomish dostonining o‘zbek variantlari” kitobidan (“Fan”, Toshkent, 1968, 163-164-betlar) bilib oldim!
Demak, Qarapchi qishlog‘i, Qarapchi etnonimi...
Zomin xalqining hassos ijodkor farzandi, Vatan tarixiga oid bir nechta ajoyib kitoblarini Og‘a Burgutli taxallusi bilan bezagan Sattor Qoraboyev bu atamaning oltita izohini beribdi Shulardan eng qizig‘i, “qarapchi” atamasining Pokistondagi Qarochi shahri nomiga bog‘lik jihati...
Xullas, “xo‘sh, desangiz bildik, o‘zbek ekansiz”, qabilida gap davom ettirilsa, qarapchi o‘zbek eli tarkibida ko‘p sonli va qadimda juz deya atab kelingan yuz urug‘ining shoxobchalaridan biridir. Surxondaryoda qarapchilar mavjudligini aniqlagan etnograf olima Bilqis Xalilovna Karmisheva, bu avlodlar orasida olis ajdodlarining Jizzax va O‘ratepa tomonlardan bundan 200–300 yillar ilgari ko‘chib kelganliklari haqida rivoyatlar saqlanganini keltiradi (“Ocherki etnicheskoy istorii yujnix rayonov Tadjikistana i Uzbekistana”, Moskva, “Nauka”, 1976, str.224).
Umuman olganda esa, keyingi ikki asrda Surxon va Hisor vohalarida yashab kelishgan Hisor yuzlari, Zarafshondan tortib Panjikent, Bekobod va Xo‘jand oralig‘idagi O‘ratepa yuzlari farqlanar ekan. Har ikki hududdagi yuzlar o‘zaro qavmi qarindosh, og‘a-ini, so‘zlashuvi ham bir xil.
Surxondaryo baxshisi Xo‘shboq Mardonaqul o‘g‘li kuylagan dostonda: “Bizning qo‘ng‘irot – yuz!”, deyilgan va... yuqorida keltirganimizdek Kuntug‘mishbeka ko‘p bora tilga olingan. Ayni shu on Yorlaqab Beknazar o‘g‘li qarapchi – yuz elida kuylab o‘tgan (va hali e’lon qilinmagan) dostonda ham Alpomish onasining obrazi ancha ishlangan bo‘lishi kerak, degan fikrlar kelib qoladi xayolimizga!..
Ma’rifat yo‘lida fidoyi ziyoli-olimlardan Bosim To‘ychiboyev, Qozoqboy Qashqirli qalamiga mansub “Zominning til qomusi” kitobini qo‘limga tutqazishdi.
Unda shunday satrlar bor:
– Zominliklar azal-azaldan bobolariga, o‘zining ildizi qayerlarga borib taqalishiga qiziqib yashashadi. Bu – ularning o‘ziga xos sifatlaridan biri. Shu bois zominliklarda urug‘ surishtiriladi. O‘zining qaysi urug‘ yoki etnik shoxga tegishli ekanini bilmaslik ayb sanaladi. Notanish bilan uchrashib qolsa: ”Ne el bo‘lasan?”– deb so‘raydilar. Bu so‘roq kishini, shubhasiz, sergaklantiradi, o‘zi mansub bo‘lgan urug‘ni, ularning kelib chiqishi va tarmoqlarini bilishga undaydi. Aks holda, odam o‘zgalar oldida noqulay ahvolga tushib, qisinib qolishi mumkin. Zominlik keksalar ko‘pchiligi o‘zi mansub shajarani yaxshi sharhlaydi va u haqda avlodlariga so‘ylab beradi (Toshkent, “Akademnashr”, 2012, 21, 24-betlar).
Shunga o‘xshash fe’l-atvor biz – surxondaryoliklarda ko‘proq uchramaydimi? Yana shuki, Jizzax va Sirdaryo taraflarda faqat Zomin aholisi yagona “j”lovchilar ekan! Og‘a Burgutlida: “og‘am, men kabi jo‘qchi qadrdonim!” degan satrlar uchradi...
Roppa-rosa 400 sahifadan iborat “Zominning til qomusi” kitobiga ana shu “j”lovchi zominliklarning uzoq zamonlar davomida o‘zaro muomalada bo‘lgan, ammo keyingi davrda unutilib borayotgan lug‘at boyligi jamlanibdi, so‘z, ibora, maqol, matal, topishmoq, lapar, aytishuv, nom, atama, olqish, qarg‘ish va boshqa qayta topilmas bebaho adabiy hamda til yodgorliklari kiritilibdi...
...Zomindan Jizzaxga qaytib, Qorayantoq qishlog‘ida tug‘ilgan, ko‘p yillar mas’ul vazifalarda ishlagan, iste’fodagi militsiya polkovnigi, do‘stimiz Orziqul Dushanov xonadonida bo‘ldik. O‘zaro suhbat asnosida u:
– Bobomdan qolgan bir gapni esladim, – deb qoldi. – Biz aslini olganda qo‘ng‘irot urug‘ining qo‘shtamg‘ali tarmog‘idanmiz, bundan juda ko‘p yillar ilgari eroniylar bosqini tufayli Surxondaryodan shu joylarga kelib qolgan ekanmiz – bobom shunaqa degandilar!
...Mana, biz anglamoqchi bo‘lgan gaplarning asl kalitlaridan yana biri!..
Demak, Zomin haqiqatan Alpomishning tog‘alariga makon bo‘lgan yurt. Zero, o‘z ildizlarini tobora anglab borayotgan turkiy xalq – o‘zbeklar uchun bu zaminlarda begona yo‘q, uchramaydi ham.
Abdulla Xolmirzayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter